13 ta innovatsion loyihalarga ilmiy-texnik kengashning qarori bilan qariyb 17 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan

News image

Bugun AOKAda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov “Qurilish materiallari sohasida ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi” haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshidagi Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashiga jami 60 dan ortiq innovatsion loyihalar kelib tushgan. Ushbu loyihalardan jami 30 tasi ekspertlardan tomonidan ma’qullanib Kengash yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan. Shundan, 13 ta innovatsion loyihalarga ilmiy-texnik kengashning qarori bilan qariyb 17 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.

Joriy yilning 9 oylik davrida ilm-fan yutuqlariga asoslangan, innovatsion qurilish materiallarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish yuzasidan quyidagi natijalarga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi PQ-307-sonli “2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 8 ta innovatsion texnologiyalar tijoratlashtirilib ishlab chiqarishga joriy etildi.

Xususan:

  • “Nanotsellyuloza yordamida yog‘och materiallarni yopishtirish uchun ekologik toza yelimlarni ishlab chiqarish”;
  • “Issiqlik elektrostansiyalarining sanoat chiqindilaridan foydalanib yangi innovatsion qurilish materiali zolobeton bloklari ishlab chiqarish”;
  • “Karbid kremniy materialiga asoslangan import o‘rnini bosuvchi yuqori haroratga chidamli olovbardosh plitalar ishlab chiqarish”;
  • “Faol mineral va kimyoviy qo‘shimchalar bilan klinkerni mexano aktivatsiyalash asosida yuqori mustahkamlikka ega portlandsement ishlab chiqarish”;
  • “Innovatsion texnologiyalar hamda mahalliy xom ashyo asosida keramogranit plitalar ishlab chiqarishni kengaytirish”;
  • “Mahalliy xom ashyo bazalt asosida yangi texnologiya asosida innovatsion kompozit quvurlar ishlab chiqarish”;
  • “Yangi ilg‘or texnologiyalar asosida gipsokarton qog‘ozi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish”;
  • “Mahalliy xom ashyo hamda ilm-fan yutuqlari asosida marmar jinslaridan yangi turdagi kompozit materiallar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish” kabi yangi texnologiyalari ishga tushirildi.

Shu bilan birga, “ta’lim-fan-ishlab chiqarish” tizimi bo‘yicha uyushma Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi tizimidagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari va Innovatsion rivojlanish agentligi bilan ilm-fan yutuqlariga asoslangan jami 17 ta innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari amaliyotiga joriy etildi.

Ma’lumot uchun: “Organik chiqindilar asosida gidrofoblash va stabillash ta’siriga ega sirt faol moddalar olish texnologiyasi” - “Stroykarat DPK” MCHJda, “Bino va inshootlarning seysmik va yong‘in xavfsizligini kontaktsiz zarba usuli bilan tadqiq etish” - “SE HOVSES” MCHJda, “Qishloq qurilish loyiha” MCHJlarda joriy etildi.

Bugungi kunda, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqarish korxonalariga joriy qilish uchun tayyor bo‘lgan energiya tejamkor, muqobil energiya manbalaridan ishlab chiqarishda keng foydalanishni nazarda tutuvchi 17 ta innovatsion ishlanmalar va texnologiyalar ro‘yxati shakllantirilib hududiy hokimliklariga va tarmoq korxonalariga taqdim etildi.

Shuningdek, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Jizzax politexnika instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat Arxitektura-qurilish universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tizimidagi “O‘zqurilishmateriallariLITI” MCHJ ilmiy tadqiqot va injiniring markazi va “KVARTS” AJ, Namangan muhandislik-qurilish instituti hamda Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuv Bitimlari imzolandi.

Uyushma huzuridagi tarmoq ilmiy texnik kengashi tomonidan “Texnopark” MCHJ tomonidan “Isitish uchun panelli radiatorlar ishlab chiqarish”, “Navoiy keramzit” MCHJ tomonidan “Izolyatsion avtoklav usulidagi keramzitblok ishlab chiqarish”, “Royal Global Travel” MCHJ tomonidan “O‘simlik yog‘isiz qurilish sohasida ishlatiladigan alkid mahsulotini ishlab chiqarish”, “Nayman Mel” MCHJ tomonidan “Tog‘ jinsi materiallaridan asoslangan tarkibli Kalsiy Karbonat ishlab chiqarish”, “Invest Indast Hold” MCHJ tomonidan “Tabiiy yog‘ochni qoplash uchun ikki komponentli poliuretan asosidagi bo‘yoq va lak mahsulotlarini ishlab chiqarish” kabi innovatsion loyihalar bo‘yicha biznes-rejalari muhokama qilindi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan moliyalashtirish bo‘yicha tavsiyanoma kiritildi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda 28 ta Davlat standart loyihalari ishlab chiqildi va tasdiq uchun kiritildi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech