2023-yil yakunida yiliga 5,8 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi

News image

Bugun AOKAda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov “Mamlakatimizda sement, temir-beton ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar” tahlili haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan qurilishning asosi bo‘lgan sement mahsulotini ishlab chiqarish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda mamlakatimizda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 32 ta korxona mavjud bo‘lib, ularning yillik quvvati 26,0 mln tonnaga yetkazilgan.

Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning yanvar-may oylarida respublika bo‘yicha jami 5,5 mln tonna sement ishlab chiqarilgan (o‘sish 102,8 foiz). E’tiborlisi, eng ko‘p sement mamlakatimizdagi yirik korxonalardan biri “Qizilqumsement” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, yanvar-may oylarida jami 1 mln 216 ming tonna mahsulot xaridorlarga yetkazilgan.

Shuningdek, 2021-yilda ishga tushirilgan yangi quvvatlar hisobidan Toshkent viloyatida joylashgan “Ohangaronsement” AJda esa qariyb 700,0 ming tonna sement ishlab chiqarilgan. “Olmaliq Tog‘-kon Metallurgiya Kombinati” AJga qarashli “Sherobod Sement Zavodi”dan 194,0 ming tonna, yillik ishlab chiqarish quvvati 360 ming tonna bo‘lgan “Surxonsement Invest” XK tomonidan esa 180,0 ming tonna mahsulot qurilish maydonlariga yetkazilgan. “Bekobodsement” AJ tomonidan joriy yilning ushbu davrida 483,0 ming tonna sement ishlab chiqarilgan. Sermaxsullik bo‘yicha Jizzax viloyatida o‘z faoliyatini boshlagan “Xuaksin Sement Jizzax” MCHJ ham qolishmaydi. Korxonada hisobot davrida 700,0 ming tonna sement ishlab chiqarilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda mavjud korxonalar tomonidan jami 17,0 mln tonna sement ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida birja savdolarida sotilgan 1 mln 176 ming tonna sement iste’molchilarga yetkazib berilgan.

2023-yil yakuni bilan yiliga 5,8 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi va respublika bo‘yicha jami quvvatlar qariyb 32,0 mln tonnaga yetkaziladi.

E’tiborlisi, mahalliy korxonalar tomonidan asosan 400 va 500 markali sement ishlab chiqarilgan. Joriy yilning ushbu davrida birja savdolarida bir tonna sementning o‘rtacha 649,0 ming so‘mdan sotilgan.

Mamlakatimizda qurilish ko‘lami kengayib borayotgani tufayli yildan-yilga quyma va temir-betonlarga bo‘lgan ham talab oshib bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda jami 700 dan ortiq temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo‘lib, ularning yillik quvvati 6,5 mln kub metrni tashkil etadi. Ushbu yo‘nalishdagi eng yiriklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida joylashgan.

Mazkur yo‘nalishda Respublikada eng yirik ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona bu “BINOKOR TEMIR-BETON SERVIS” MCHJdir. Bu yerda yiliga 411 ming 250 kub metr quyma, 107 ming 880 kub metr temir-beton mahsulotlari tayyorlanadi. Keyingi o‘rinda Toshkent viloyatidagi “MOBILE BETON SERVICE” MCHJ hisoblanadi. Korxona yiliga 365 ming kub metr quyma beton tayyorlash imkoniyatiga ega. Poytaxtimizdagi “DURABLE BETON” MCHJ ham ushbu yo‘nalishda eng ilg‘orlardan biri sanaladi. Mazkur korxona tomonidan har yili 250 ming kub metr quyma betonlar qurilish maydonlariga yetkazib beriladi. Shuningdek, hududda “SAFFIR QURILISH MONTAJ” MCHJ (yillik quvvati – 158,3 ming kub metr), “BETONOVAT” MCHJ (yillik quvvati – 12,6 ming kub metr), “RWS OPTIMUM” MCHJ XK (yillik quvvati – 101,2 ming kub metr), “CHILONZOR BETON SAVDO” MCHJ (yillik quvvati – 83,3 ming kub metr) kabi zamonaviy temir-beton korxonalari mavjud.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan “KKRASI BETON” XK ham ushbu yo‘nalishda eng ko‘zga ko‘ringan ishlab chiqarish maskanlaridan biri. Bu yerda yiliga 94,4 ming kub metr temir beton mahsulotlari tayyorlanadi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech