Qurilish materiallari sohasida 7 ta “drayver” innovatsion loyihalar amalga oshiriladi

News image

Qurilish materiallari sanoati tarmog‘i raqobatbardosh tarmoq bo‘lib, yangi g‘oyalarni va innovatsion texnologiyalarni talab etuvchi, bugungi kunda tez rivojlanayotgan faoliyat sohasi hisoblanadi. Tarmoqda innnovatsiya-bu talab yuqori bo‘lgan sifatli mahsulot turlarini kengaytirish, shuningdek, eksport salohiyatini oshirishga doir ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar natijalarini yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga joriy etish hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash, innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bu borada chet el tajribasini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

IMG_4500.jpg

Xususan, Davlatimiz rahbarining 2019 yilning 23 maydagi PQ-4335-sonli “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori soha uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur qarorga ko‘ra:

qurilish materiallari sanoatini innovatsion rivojlantirish, talab yuqori bo‘lgan sifatli mahsulot turlarini kengaytirish, shuningdek, tarmoqning eksport salohiyatini oshirishga doir ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish;

innovatsiyalar uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish ishlarini tashkillashtirish, ishlab chiqilgan texnologiyalarning tajriba-sanoat sinovlarini olib borish, yangi turdagi qurilish materiallarining sinov partiyasini ishlab chiqarish va ularni seriyali ishlab chiqarishga qo‘yish bo‘yicha tayyorgarlik tadbirlarini amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish;

ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar natijalarini yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish materiallari ishlab chiqarishga joriy etilishini ta’minlash hamda ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish kabi bir qator vaziflar belgilab berildi. Shuningdek, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshida zamonaviy innovatsion ishlanmalarni hisobga olgan holda qurilish me’yorlari va qoidalarini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish, yangi turdagi energiya tejamkor va ekologik jihatdan xavfsiz qurilish materiallaring tezkorlik bilan amaliyotga joriy etilishi va qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashi tashkil etildi.

IMG_5538.jpg

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yilning 6 iyulda qabul qilingan “2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-307-sonli qarori qabul qilinishi bilan qurilish materiallari sanoati sohasiga ilm-fan va innovatsiyalarni joriy qilishning istiqbollari va strategiyasini belgilab berdi.

Qaror ijrosi doirasida 2022-2023 yillarda umumiy qiymati 3,45 mlrd so‘mlik 3 ta innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni amalga oshirish, yangi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha umumiy qiymati 3,13 trln so‘mlik 15 ta ustuvor loyihalarni ishga tushirish, 2026 yilgacha tarmoqda umumiy qiymati 7,5 mlrd so‘mlik 7 ta “drayver” innovatsion loyihalar amalga oshiriladi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatiga ilm-fan, innovatsiyalar yanada keng jalb qilish, rivojlangan texnologiyalar transferini jadallashtirish, shuningdek ilm-fan, ta’lim va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hisobiga yuqori mustahkamlikka ega portlandsement, keramogranit plitalar, yangi turdagi kompozit materiallar, bazalt asosidagi kompozit quvurlar, bazaltdan yangi turdagi mineral plitalar, yengil va issiqlik saqlovchi keramzitdan devor panellari, yog‘och tolali MDF plitalar, yangi turdagi shishaplastik, polivinilxloridli yo‘l to‘siqlari, yuqori sifatli gibrid qo‘shimchali portlandsement, bazalt tolasi asosida kompozitsion to‘lqinsimon asbestsiz shifer, vermikulit xom ashyosi asosida o‘ta yengil betonlar, innovatsion shaffof yog‘och, innovatsion karbon tola kabi yangi turdagi materiallar yaratiladi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarishda innovatsion ekotizimni yanada kengaytirish, xususan, ilmiy faoliyat va startap-tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish unumdorligi va sifatni oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish zarurligini davrning o‘zi talab qilmoqda.

Yaratilayotgan qulayliklardan o‘rinli foydalanib, bor ilmiy salohiyatimizni ishga solib, yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar yaratib, nafaqat yurtimiz bozorini to‘ldirish, balki Jahon bozorida o‘z o‘rnimizga ega bo‘lish oldimizga qo‘yilgan ulkan maqsaddir.

Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari bilan hamkorlikda belgilangan chora-tadbirlar davomli tarzda amalga oshirilib qo‘zlangan maqsadlarga erishiladi.

 

Azizbek Baxodirov,
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
boshqaruvi raisining ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha
birinchi o‘rinbosari, texnika fanlari doktori, professor


Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech