Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

“O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi Botir Komilovich Zaripovning O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O'zbekiston-24” telekanali uchun intervyusi

1-savol:

-Botir Komilovich, tarmoqda so'nggi yillarga qanday o'zgarish va yangilanishlar bo'ldi, dastlab shu haqda to'xtalib o'tsangiz.

Javob:

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan, respublikamiz iqtisodiyotining boshqa sohalari qatori, sanoatning qurilish maiteriallari ishlab chiqarish tarmog'iga ham alohida e'tibor qaratilib, sohani jadal va samarali rivojlantirish maqsadida, har tomonlama qo'llab-quvvatlanib kelinmoqda.

Biz davlatimiz rahbarining sohaga qaratayotgan e'tiborlarini, ko'maklarini har kuni, har daqiqada his qilib, zimmamizga yuklatilgan maqsad va vazifalarni katta mas'uliyat bilan, javobgarlikni to'liq his qilgan holda, bajarayotganligimiz, o'ylaymanki, respublikamizda faoliyat yuritayotgan har bir rahbar shaxslar qatori, zimmamizga katta majburiyat yuklaydi hamda shiddat bilan amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida dahldorlik tuyg'usini paydo qiladi.

Yurtimizning shahar va qishloqlarida keng miqyosda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari ko'lami kun sayin kengayib, ommalashib bormoqda.

Negaki, Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan, “Hamma narsa inson uchun, uning buguni va kelajagi uchun” ezgu g'oyasi odamlarimizning yashash tarzi va dunyoqarashini tubdan o'zgartirib yubordi. Barcha fuqarolarimiz kelajakka, ertasi bugundan yaxshi bo'lishiga astoydil intilmoqda va ishonmoqda.

Zamonaviy ijtimoiy soha ob'ektlari, noturar joylar hamda aholi uchun turar joylar uchun, sifatli, arzon, zamonaviy qurilish materiallari zarur.

Bino va inshootlar qiymatining 55-60 foizini qurilish materiallari tashkil etishini, zamonaviy arxitektura yangi, sifatli, arzon, engil va zilzilabardosh, innovatsion qurilish materiallarini talab etishini inobatga oladigan bo'lsak, tarmoq taraqqiyoti ahamiyatini his qilish qiyin emas.

So'nggi 2 yildagi o'zgarish va yangilanishlarga qisqacha to'xtalib o'tadigan bo'lsam, 2017 yilga qadar tarmoqda 7995 ta korxona faoliyat yuritgan.

Bugungi kunda respublikamizda 10 ming 552 ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Jamiyat tarkibida 102 ta korxona mavjud bo'lgan bo'lsa, bugungi kunda ularning soni 112 taga etdi. Respublikamizda 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo'lsa, bugungi kunda 180 dan ziyod turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.

Birgina o'tgan yildagi tarmoq faoliyatiga to'xtaladigan bo'lsam, 2017 yilda respublikada qurilish materiallari ishlab chiqargan tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan 16 trln. 756 mlrd. so'mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi, 2016 yilga nisbatan 122,6 foizga oshdi. Jami sanoat ishlab chiqarishdagi ulushi 11,6 foizni tashkil etdi.

Tahlillar shuni ko'rsatdiki, respublika bo'yicha jami 180 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo'lib, ulardan asosan portlandtsement 2 trln. 403 milliard so'mga, chaqiq tosh 1 trln. 395 mlrd. so'mga, tsement, beton va sun'iy toshdan yig'ma konstruktsiyalar 1 trln. 72 mlrd. so'mga, alyuminiydan tayyorlangan konstruktsiyalar 724 mlrd. so'mga, kuchlanishi 1 kV.dan ortiq bo'lmagan (past voltli) elektr toki o'tkazgichlari 710 mlrd.so'mga, tabiiy qumlar 643 mlrd.so'mga, qora metallardan tayyorlangan konstruktsiyalar 598 mlrd.so'mga, sendvich panellar 580 mlrd.so'mga, o'tga chidamsiz keramik g'ishtlar 485 mlrd.so'mga, yog'och qirindisidan plitalar 391 mlrd. so'mga, legirlanmagan po'latdan sovuqlayin deformatsiya qilingan ugoloklar, maxsus va shakldor profillar 355 mlrd.so'mga, quyish uchun tayyorlangan beton 351 mlrd. so'mga, plastmassadan qattiq quvurlar, trubkalar va shlanglar 342 mlrd.so'mga ishlab chiqarilgan.

2-savol:

Shu o'rinda, joriy yilning I-yarim yilligi yakunlarini ham aytib o'tsangiz.

Javob:

I. Ishlab chiqarish faoliyati bo'yicha

Joriy yilda jamiyatimiz tarkibidagi korxonalar tomonidan jami 3 trillion 800 milliard so'mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va o'sish sur'atini 2017 yilga nisbatan 107 foizga etkazish rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi olti oyligida jami 2 trillion 271 milliard so'mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o'sish sur'ati 101 foizga etkazildi.

Shuningdek, bu davrda 183,3 milliard so'mlik iste'mol tovarlari ishlab chiqarilishi evaziga o'sish 107,7 foizga ta'minlandi.Ushbu davrda 3693,1 ming tonna tsement, 6,2 million kvadrat metr qurilish oynasi, 41,9 ming tonna quruq qurilish qorishmalari, 40,7 ming tonna qurilish gipsi, 16,7 ming tonna ohak, 29,7 million dona devorbop materiallar, 3,1 million dona shifer, 25,8 ming dona santexkeramika mahsulotlari kabi sifatli va arzon, mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarildi. 154 ta, jami qiymati 518 mlrd.so'mlik yangi loyihalar ishga tushirildi. Natijada 1938 ta yangi ish o'rni tashkil etildi.

Keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, keramogranit, «sendvich» panellar, yumshoq tomyopqich materiallari, bazalt armaturasi, suyuq gulqog'oz (oboy), issiqlikni saqlovchi materiallarni o'zlashtirishning yo'lga qo'yilishi ham sohada erishilgan yutuqlardandir.

II. Eksport faoliyati bo'yicha

Jamiyat tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorda ham o'z o'rnini egallagan. Jamiyat tizimida joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 22 million 41 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Reja bo'yicha ko'rsatkich 103 foizni tashkil etdi.

Bugungi kunda jamiyat tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan sopol plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, quruq qurilish aralashmalari, pishgan g'isht, tabiiy toshdan yasalgan qoplovchi buyumlar, ohak, polipropilen quvurlar, fitinglar singari qurilish materiallariga Rossiya, Ukraina, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston davlatlari bozorlarida talab ortib bormoqda. Endilikda ular qatoriga Tojikiston va Afg'oniston ham qo'shildi. Negaki, bu davlatlarga 2017 yildan santexkeramika buyumlari, asbest buyumlar, sopol plitalar, qurilish oynasi va tsement kabi mahsulotlar eksport qilinmoqda.

Qayd etish joizki, jamiyat qurilish materiallarining eksport salohiyatini oshirish bo'yicha zarur choralar ko'rmoqda. Bu jarayonda eksport qilinadigan mahsulotlar turini ko'paytirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo'yicha aniq rejalar belgilab olingan. Shu maqsadda Pokiston Respublikasining «Baxriya tavn» yirik kompaniyasiga ishlab chiqarilayotgan 10 dan ortiq qurilish materiallarining namunalari, Belarus Respublikasiga mamlakatimizda mavjud tabiiy pardozbop toshlar, Hindiston Respublikasiga yangi va zamonaviy turdagi qurilish materiali ishlab chiqarish imkoniyatini beradigan tabiiy bazalt toshi namunalari yuborildi.

III. Investitsiya dasturi bo'yicha

Shu yil 1 avgustda e'lon qilingan Prezidentimizning O'zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risidagi farmoni investorlar faoliyatiga bo'lgan e'tibor va ularning erkin ishlashi uchun zarur qulayliklar yaratish yo'lida muhim qadamdir.

Respublikamiz iqtisodiyotida investitsiya loyihalarini o'z vaqtida va sifatli amalga oshirish, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishda iqtisodiyotning barcha sohalari, ayniqsa iqtisodiyot tarmoqlarining o'rni va hissasi juda muhimdir. Jamiyatimiz tarkibidagi korxonalarning aksariyati hamda tarmoq korxonalari faoliyati ham xorijiy sarmoyalar bilan chambarchas bog'liq. Yangi quvvatlarni ishga tushirish, yangi qurilish materiallarini ishlab chiqarishda investitsiya mablag'ini jalb qilish ahamiyatlidir.

Joriy yilning birinchi yarim yil yakunlari bo'yicha jami 31,6 million dollar miqdoridagi investitsiyalar o'zlashtirilib, belgilangan prognoz (27,1 mln.doll.) 116,7 foizga bajarilishi ta'minlandi. 2017 yil Investitsiya dasturi doirasida 13 ta loyihaga 73,3 million dollarlik investitsiya mablag'lari jalb etishga erishilgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyuldagi PQ-3874-sonli 2018-2019 yillarda investitsiya va infratuzilma loyihalarini jadallashtirish to'g'risidagi qaroriga asosan jamiyat tizimida 2018 yilda 8 ta investitsiya loyiha bo'yicha jami 100,1 million dollar, shundan to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 64,2 mln. dollar miqdoridagi investitsiyalarni o'zlashtirish ko'zda tutilgan.

Xususan, Forish tumanida “Mega invest indastrial” mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O'zbekiston-Buyuk Britaniya qo'shma korxonasida 15,3 mln. dollar chet el investitsiyasi o'zlashtirilishi evaziga yiliga 3 ming tonna bazalt tolasidan armatura ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning birinchi bosqichida 10,5 mln. dollar xorijiy investitsiya o'zlashtirildi hamda 900 tonna bazalt tolasidan armatura ishlab chiqarish yo'lga qo'yilib, 90 ta yangi ish o'rni yaratildi.

Shuningdek, Farg'ona viloyati, Quvasoy shahridagi “Kvarts” aktsiyadorlik jamiyatida yiliga 20 mln. kvadrat metr qurilish oynasi ishlab chiqarishda 42.1 million dollar va “Angren” erkin iqtisodiy zonasida “Great vol keramiks” qo'shma korxonasida yiliga 3,5 mln. kvadrat metr keramik plitkalar va 200 ming dona sanitar keramikasi ishlab chiqarishni tashkil etish uchun 21,5 million dollar, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida “Ran tong metall indastri” mas'uliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasi tomonidan yiliga 180 ming tonna metall qurilish armaturasini ishlab chiqarishni tashkil etishda 30,0 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar kiritish bo'yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “Minguan silu indastrial” mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo'shma korxonasida yiliga 24 million kvadrat metr oyna mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha, jami 110 million dollar o'zlashtirilishi rejalashtirilgan bo'lib, shundan 56,1 mln. dollari to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalardir. 2017 yilda loyihasining birinchi bosqichida 29 million dollar xorijiy investitsiya o'zlashtirilib, yiliga chetdan import qilinayotgan 4 million kvadrat metr bezakli oyna ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi va 210 ta yangi ish o'rni yaratildi.

Bugungi kunda, respublikamizda mavjud qamish va g'o'zapoya asosida DSP ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida yiliga 30 ming kub metr DSP ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilgan bo'lsa, 2018-2019 yillarda yana Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida 50 ming kub metrdan, Surxondaryo viloyatida 150 ming kub.metr, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlarida jami 50 ming kub metr DSP to'liq maxalliy xomashyodan ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi.

Shuningdek, mahalliy xom ashyodan energiya tejamkor va qurilishda ishlatishga ancha qulay devorbop gazobeton bloklari ishlab chiqarish amalga oshirilmoqda. Xususan, Buxoro, Jizzax, Samarkand, Xorazm va Toshkent viloyatlarida jami 1 mln. kub metrdan ortiq gazobeton bloklari ishlab chiqariladi. Gazobeton o'zining engilligi, tabiiy gazni 8 marta kam sarflashi, energiya tejamkorligi va eng asosiysi unumdor tuproqning ishlatilmasligi bilan pishiq g'ishtdan bir necha marta afzalligi bilan ajralib turadi.

Albatta, xorijiy, ayniqsa to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarni jalb etishda axborotning o'z vaqtida hamda manzilli etkazilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, Yurtimizdagi tabiiy mavjud imkoniyatlar, davlat tomonidan xorijiy investrlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, engillik va ustuvorliklardan xorijiy investorlarni etarlicha xabardor qilish, investitsiyalar oqimi iqtisodiyotimiz tarmoqlari sari yo'nalishiga shubha yo'q.

3-savol:

- Jamiyat tomonidan mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, raqobatdosh, eksportga yo'naltirilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, yangi turdagi sifatli qurilish materiallariga bo'lgan ichki talabni qondirish bo'yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

Javob:

- Shu o'rinda ta'kidlab o'tish kerakki, “O'zbekiston Yaratganning nazari tushgan Yurt” deb bejizga aytilmagan. Negaki, respublikamizning barcha hududlarida qurilish materiallari xom-ashyo zahiralari mavjud konlar, ularda boy va turli, Xudo tomonidan ato etilgan tabiiy boyliklar mavjud.

Raqamlarga to'xtaladigan bo'lsam, respublika bo'yicha 924 ta qurilish materiallari xom-ashyo zahiralari mavjud konlar aniqlangan. Bugungi kunda ularning 392 tasi, yoki 42,4 foizidan foydalanilayotganligiga e'tibor beradigan bo'lsak, mahalliy va xorijiy investrlar uchun sohada katta imkoniyatlar mavjudligiga guvoh bo'lamiz.

So'nggi ikki (2016-2017) yillarda, respublika bo'yicha 149 ta yangi konlar aniqlangan hamda 189 ta konlardan foydalanishga vakolatli davlat organi tomonidan litsenziya berilgan. Asosiy qurilish materiallaridan biri bo'lgan tsementga to'xtalib o'tadigan bo'lsam, bugungi kunda respublikada 14 ta tsement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yiliga 9,1 mln. tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Yurtimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari hajmining keskin oshganligi, tsementga bo'lgan talabning ham kuchayishiga olib keldi. Mavjud talabni qondirish bo'yicha bugungi kunda aniq chora-tadbirlar ko'rilib, yangi quvvatlarni ishga tushirish choralari ko'rilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar, yillik quvvati 3 mln. 120 ming tonna bo'lgan 8 ta, 2019 yil yakuniga qadar yillik quvvati 4 mln. 720 ming tonna bo'lgan 9 ta loyiha amalga oshiriladi.

4-savol:

-Tarmoqni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun investitsiyalarni, ayniqsa to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, ushbu sohadagi etakchi chet el kompaniyalari bilan yuqori sifatli zamonaviy qurilish materiallarini keng turda ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma korxona va ishlab chiqarishlarni tashkil etish borasidagi ishlarga ham to'xtalib o'tsangiz.

Javob:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Turkiya va Janubiy Koreya davlatlariga davlat tashrifi doirasida 2017-2020 yillarda zamonaviy import o'rnini bosuvchi qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun horijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida, ilg'or xorijiy kompaniyalar bilan umumiy qiymati 1459,8 mln. dollarlik 29 ta Memorandum va Kelishuvlar imzolandi. Bunda tarmoqda 3 935 ta yangi ish o'rinlarini yaratish ko'zda tutilmoqda. Shulardan 12 tasi 2018 yilda, 14 tasi – 2019 yilda, 3 tasi – 2020 yilda ishga tushiriladi.

Barcha loyihalar bo'yicha tayyorlov ishlari boshlandi. Xususan, yirik loyihalar sirasiga “Kvarts” aktsiyadorlik jamiyatida float-oyna ishlab chiqarish, «Ran tong metall indastri» korxonasida armatura ishlab chiqarish, «Oxangarontsement» aktsiyadorlik jamiyatida («Yevrotsementgrup») tsement ishlab chiqarishni tashkillashtirish kabilar kiradi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida import o'rnini bosuvchi eksportga yo'naltirilgan zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlar ishga tushiriladi. Masalan, arxitekturaviy oyna (60 mln. kv.m), «sendvich» panellar (750 ming kv.m), gulqog'oz (oboy) (8 mln. kv.m), granit va marmardan ishlangan buyumlar (580 ming kv.m), tsement (4,4 mln.atonna), santexkeramika buyumlari (200 ming dona).

5-savol:

- Respublikamizning qurilish materiallari sanoatining istiqboli to'g'risidagi fikringiz qanday?

Javob:

- Bugungi kunda tarmoqda jiddiy islohotlarni amalga oshirishni talab etmoqda. Birinchi navbatda, sohaga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kuchaytirishimiz, bu borada mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solishimizni, iqtisodiy jarayonlarning o'zi talab etmoqda. Negaki, yangi, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish uchun, avvalombor yangi g'oyalar hamda respublikamizda mavjud bo'lmagan innovatsion texnologik uskunalar zarur.

Erkin iqtisodiy munosabatlar asosida faoliyat yuritayotgan ichki va tashqi bozor, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va yangi turadagi mahsulotlarni o'zlashtirishni talab etmoqda. Tarmoqda juda katta zahira, salohiyat va imkoniyatlar mavjud. Ulardan professional tarzda, oqilona va samarali foydalanishgina, sohaning kelgusidagi istiqbolini belgilab beradi.

O'ylaymanki, Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari va yangi-yangi g'oyalari asosida, respublikamizning barcha sohalarida bo'lgani kabi, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog'ida ham amalga oshirilayotgan sa'y harakatlar, kelgusi yildan o'z mevasini berib, sohaning yangi bosqichga chiqishiga ishonchim komil.


Файл
Yuklab olish
Hajmi: 409.16 KB
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech