Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
10.03.2020

Bugun, 10 mart kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz hayotining qator sohalarida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari taraqqiyotning muhim shartlaridan biri. Raqamli texnologiyalar davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada odamlarga katta qulayliklar yaratadi, mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi, korrupsiyaga chek qo‘yadi.

Davlatimiz rahbarining shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish eng ustuvor vazifa sifatida belgilangan edi.

Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili uchun qabul qilingan Davlat dasturida joriy yilda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Jahondagi tendensiyalarga e’tibor qaratsak, dunyo yalpi mahsulotining 15,5 foizgacha ulushini raqamli iqtisodiyot tashkil etmoqda. So‘nggi 15 yil ichida raqamli iqtisodiyot global yalpi mahsulotga nisbatan 2,5 barobar tez oshgan.

Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobarga oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda raqamli iqtisodiyot mexanizmlaridan keng foydalanish muhim o‘rin tutadi.

Keyingi yillarda dunyoda “raqamli shahar” konsepsiyasi ommalashmoqda. Shu tajribadan kelib chiqib, “raqamli Toshkent” tizimini joriy etish, uni ikki yil davomida sinovdan o‘tkazib, boshqa hududlarga esa tayyor dasturiy ta’minotlarni yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Bugungi taqdimotda raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

“Tibbiyot muassasalari pasporti”, “UzTrans”, turistlar hisobini yuritish bo‘yicha “Ye-Mehmon” va boshqa axborot tizimlari yurtimiz aholisi hamda mehmonlariga katta qulaylik yaratdi.

Prezidentimiz joriy yilda bolalar bog‘chasi, masofaviy ta’lim, shahar jamoat transportlari uchun yagona elektron chipta, qurilishni nazorat qilish, elektron tibbiyot kartasi kabi yangi dasturiy ta’minotlar ishlab chiqish va tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Masalan, elektron tibbiyot kartasi joriy etilsa, shifokorlarning qog‘oz to‘ldirishga ketadigan vaqti ancha qisqarib, aholi bilan ishlashi uchun ko‘proq imkoniyat bo‘ladi.

Shu maqsadda Toshkent shahridagi 15 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda 62 ta poliklinika “Yagona elektron tibbiy karta” va “Elektron poliklinika” axborot tizimiga ulanib, xususiy klinikalar bilan integratsiya qilinadi. Bunday tizim boshqa soha va tarmoqlarda ham tatbiq etiladi.

Dasturiy mahsulotlar uzluksiz va samarali ishlashi uchun infratuzilma zarurligi qayd etilar ekan, barcha davlat muassasalarini yuqori tezlikda ma’lumot uzatish tarmog‘iga ulash, zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Aholi, ayniqsa yoshlar orasida raqamli ko‘nikmalarni takomillashtirish, «Bir million dasturchi» loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 600 dan ortiq sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan. Ammo ushbu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar hali ham yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasi “raqamli shahar” konsepsiyasining asosi ekanligini hisobga olib, ikki yil mobaynida 1,5 mingdan ziyod ijtimoiy ob’ektni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahar hokimligi tarkibida ta’lim, tibbiyot, uy-joy kommunal, transport, qurilish, kadastr va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha alohida loyiha ofislari tashkil etish zarurligiga e’tibor qaratdi. Bunday tuzilmalarda dasturchilar har bir soha mutaxassislari bilan birgalikda o‘sha sohaga mos dasturiy ta’minot yaratadi, ularni sinovdan o‘tkazib, hayotga tatbiq etadi. Zarur hollarda boshqa sohaga tegishli dastur bilan bog‘liqligini ta’minlaydi.

“Raqamli Toshkent” loyihasini moliyalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu jarayonda davlat-xususiy sheriklik asosida biznes doiralarning faol ishtiroki uchun sharoit yaratish kerakligi ta'kidlandi.

“Elektron hukumat” tizimi orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, ularni elektron shaklga o‘tkazish ishlarini jadallashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari ijtimoiy ob'ektlar qurilishiga doir taqdimotlar bilan ham tanishdi.

Prezidentimizning 2019 yil 20 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi «O‘zarxiv» agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Milliy arxiv binosi qurilishi uchun ishlab chiqilgan yangi loyiha shulardan biri.

Milliy arxiv fondi o‘zining ko‘lami, hajmi, noyobligi jihatidan mintaqamizda yetakchilardan. Hozir bu yerda 1 million 800 ming saqlov birligidan ortiq turli davrga oid hujjatlar saqlanadi.

Qurilishi ko‘zda tutilgan yangi arxiv binosi zamonaviy arxitektura yechimlari va talablarni to‘liq o‘zida mujassam qiladi. Inshoot 1-toifadagi alohida muhim ob'ektlarning talab va mezonlari asosida barpo etiladi. Eng avvalo, arxiv saqlovxonalari sig‘imini 3 million hujjatga mos holda oshirish, repozitoriy uchun joy tashkil etish, o‘quv zalini kengaytirish, tadqiqotchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yuqori darajada ta'minlash uchun zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanishga sharoitlar yaratiladi.

Qolaversa, ushbu loyihalarda turizmni rivojlantirish maqsadida xorijiy fuqarolarni jalb qilgan holda arxiv ko‘rgazmalarini tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘zda tutilgan.

Taqdim etilgan loyihada ulkan o‘quv zali majmuasi, anjumanlar va ko‘rgazmalar uchun zallar, ilmiy ma'lumotlar kutubxonasi hamda muzey, kinozal, bufet va muzokaralar uchun xonalar inobatga olingan.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrida bunyod etiladigan muhtasham kutubxona, eski shahar hududini tarixiy ko‘rinishdagi turistik savdo zonasiga aytantirish loyihalari bilan ham tanishdi. Prezidentimiz mazkur loyihalarni yanada takomillashtirish, aholimiz uchun keng qulayliklar yaratish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi komplekslarining namunaviy loyihalari taqdimot qilindi. Ma'lumki, davlatimiz rahbarining 2020 yil 18 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida Mahalla markazi majmualarini qurish ko‘rsatib o‘tilgan. Shundan kelib chiqib, loyihalarda innovasion texnologiyalardan, arzon, energiya tejamkor materiallardan foydalanish nazarda tutilgan. Ularni davlat-xususiy sheriklikning shartlari asosida puxta, sifatli va namunaviy loyihalar asosida qurish belgilangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarda barpo etiladigan ushbu komplekslarning namunaviy loyihalari bilan yaqindan tanishib o‘z ko‘rsatmalarini berdi.

Shuningdek, ichki ishlar organlarining tashkiliy tizimini isloh qilishga, shu jumladan mamlakat miqyosida va tumanlar kesimida kuch va vositalarni boshqarishning yangi mexanizmlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Ichki ishlar organlari boshqaruv tizimidagi qator rahbarlik lavozimlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bu huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida kundalik faoliyatni samarali tashkil etish uchun qulay sharoitlar yaratadi.

Toshkent shahar ichki ishlar organlari ishining natijalari muhokama qilinib, joriy yilda poytaxtda jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini yanada oshirishning asosiy konseptual yo‘nalishlari to‘g‘risida axborot berildi.

Ushbu yangi tartib ichki ishlar organlari xizmat va bo‘linmalarining o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish, mavjud byurokratiya holatlarini qisqartirish, joylarda shaxsiy tarkibni boshqarish bo‘yicha sifat jihatidan yangi tizimni bosqichma-bosqich yaratish maqsadida joriy etilmoqda.

Loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech