Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
09.03.2020

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Turkiyaning yetakchi injiniring va qurilish kompaniyasi - "Renessans Xolding" prezidenti Erman Ilijak boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu uchrashuv o‘tgan oy Anqarada o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya muzokaralarining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Bugungi kunda «Renessans Xolding» kompaniyasi mamlakatimizda umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Xususan, Toshkent viloyatining yetakchi metallurgiya korxonalari negizida zamonaviy ob’ektlar – loyihaviy quvvati yiliga 60 million tonna bo‘lgan mis boyitish fabrikasi va quvvati 1 million tonnagacha bo‘lgan metall prokati ishlab chiqarish majmuasini barpo etish loyihalari tayyorlanmoqda.

Uchrashuvda ushbu loyihalar doirasidagi amaliy ishlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Turkiya kompaniyasining Toshkent, Samarqand va Farg‘onada ilg‘or xalqaro tajriba va texnologiyalarni jalb qilgan holda ko‘p tarmoqli shifoxonalar tashkil etish borasidagi loyihaviy takliflari taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur loyihalar davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshiriladi, shuningdek, turkiyalik sheriklar shifoxonalarni boshqarish va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Bundan tashqari, muhim ijtimoiy ob’ektlarni rekonstruksiya qilishda, injiniring, loyihalashtirish va qurilish sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech