Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
07.07.2018

Qozog‘iston poytaxtidagi Mustaqillik saroyida 6 iyul kuni Ostona shahrining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan ushbu tadbirda ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari ushbu tarixiy sana bilan Qozog‘iston xalqi va Prezident Nursulton Nazarboyevni samimiy tabrikladi.

Ostona shahri yangi, mustaqil va izchil rivojlanayotgan Qozog‘istonning yorqin timsolidir. Uning qiyofasida qozoq xalqining boy madaniyati va an’analari, zamonaviy arxitektura yutuqlari mujassam. Bu shahar yirik iqtisodiy va moliyaviy markaz, xalqaro forum va uchrashuvlar uchun qulay maydon hamdir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, 1994 yil 6 iyulda Qozog‘iston Oliy Kengashi mamlakat poytaxtini Olmaotadan Oqmolaga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. 1997 yil 10 dekabrda Prezident Nursulton Nazarboyevning farmoniga muvofiq Oqmola shahri Qozog‘iston Respublikasining poytaxti deb rasman e’lon qilingan. 1998 yil 6 may kuni Oqmola shahrining nomi Ostona deb o‘zgartirilgan. 2008 yili qabul qilingan qonunga muvofiq “6 iyul – Poytaxt kuni” davlat bayrami etib belgilangan.

O‘tgan davrda shahar hududi ancha kengayib, zamonaviy binolar barpo etildi. Ostona mamlakatning nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy markaziga aylandi.

Bu yerda mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi tadbirlar ham o‘tkazilgan. Jumladan, Qozog‘iston poytaxti 2011 yilgi qishki Osiyo o‘yinlari, 2017 yilgi xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmaga mezbonlik qilgan.

Ostona tarixida mamlakatimiz uchun ham e’tiborga molik jihatlar ko‘p. O‘zbekiston Prezidentlari, parlament va hukumat delegatsiyalari bu yerda bir necha bor bo‘lgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22-23 mart kunlari Ostonaga davlat tashrifi bilan kelgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu shaharda o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti sammitlarida ham ishtirok etdi.

Rasmiy Ostona Shavkat Mirziyoyevning mintaqa mamlakatlari rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Joriy yil 15 mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu tarixiy sammit mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, sheriklik va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarining yangi bosqichini boshlab berdi.

Ostona shahrining 20 yillik tadbirlari yana bir samimiy muloqot maydoni bo‘ldi. Yubileyda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ham qatnashdi.

Tantanali marosimda mamlakatimiz san’at ustalari tomonidan ham kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi. Bayram tadbiri xalqlarimiz do‘stligi, madaniy yaqinligini yana bir ifodasi bo‘ldi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech