Inexpensive and quality construction materials are needed and demanded for prosperous villages


Text is represented in the state language

Mamlakatimizning barcha mahalla va qishloqlarida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida amalga oshirilayotgan ishlar bugun barchamizni hayratga solayotgani rost. Chunki bu dasturlar ijrosi bo‘yicha qilinayotgan ishlardan xalqimiz ko‘ngli to‘q va dillari nurafshon bo‘lmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi farmoni doirasida qishloqlarimiz tubdan obodonlashtirilib, katta hajmdagi qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, qishloq aholisi uchun munosib sharoit yaratish, ularning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, eng muhimi, yosh avlodni ezgu ishlarga da’vat etishda bu tarixiy hujjatning o‘rni beqiyosdir.

Aynan mazkur dastur ijrosini ta’minlash mutasaddi tashkilotlar qatorida “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatiga sement, g‘isht, temir-beton buyumlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq mahsulotlari kabi asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini yetkazib berish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatilgan.

Bunda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan uning tarkibidagi “O‘zqurilishmaterialsavdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati va uning sho‘’ba korxonalari hamda ishlab chiqaruvchi korxonalarning firma do‘konlari orqali sement va oyna mahsulotini “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari amalga oshirilayotgan aholi punktlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarga o‘rtacha birja narxlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha sement hamda oyna mahsulotlari yetkazib beriladi. Mahsulot yetkazib berish bilan bog‘liq barcha xarajatlar sement va oyna ishlab chiqaruvchi korxonalar hisobidan qoplanadi.

Ta’kidlash kerakki, bu ezgu ishlarda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar hokimliklarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqib, jamiyat va mazkur tashkilotlar 2018 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha zarur bo‘ladigan miqdordagi devorbop va tomyopqich hamda boshqa qurilish materiallari, shu jumladan, g‘isht, yog‘och materiallar, shifer, temir beton mahsulotlari (beton to‘siqlar, bloklar, tayanchlar va h.k.), eshik, deraza, lok-bo‘yoq mahsulotlari, gipsokarton yetkazib berish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olgan. Mahsulot yetkazib beruvchi ishlab chiqarish korxonalari esa aholi punktlariga biriktirilgan.

Jumladan, joriy yilda aholiga sotiladigan sement, qurilish oynasi, shifer va qurilish ohagi miqdorlarining hududlar va korxonalar kesimidagi taqsimoti tasdiqlangan hamda ro‘yxatga olingan bo‘lib, mamlakat bo‘yicha 160 ming tonna sement, 940 ming qurilish oynasi (o‘rtacha birja kotirovkalari narxida), qariiyb 4,5 million dona shifer, 560 tonna qurilish ohagi (ishlab chiqaruvchilarning ulgurji sotish narxida) aholi punktlariga yetkazib berilmoqda.

– Albatta, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar jamiyat tarkibidagi korxonalar ishini bugungi kun ehtiyojiga mos tarzda tashkil etish talabini qo‘yadi, – deydi “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati sho‘’ba boshlig‘i Bahodir Ismoilov. – Shu ma’noda “Obod qishloq” dasturi ijrosi jamiyat tarkibidagi hamda tarmoq korxonalari, shu jumladan, Navoiy shahridagi “Qizilqumsement”, Quvasoy shahridagi “Quvasoysement”, Bekobod shahridagi “Bekobodsement”, Ohangaron shahridagi “Ohangaronsement”, “Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyatlari, Jizzax shahridagi “Jizzax sement zavodi” hamda mahalliy boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalar hududlarga biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan zaruriy qurilish materiallari peshma-pesh yetkazib berilayotgani bu fikrimiz isbotidir.

Quvonarlisi shuki, amalga oshirilayotgan ulug‘ ishlar uchun yurtimizda barcha qulayliklar mavjud. Deylik, uy qurmoqchi, yoki mahalla va qishloqlarni obod qilmoqchi bo‘lsak, chetdan qurilish mahsulotlari qidirishga hojat yo‘q. Chunki bu mahsulotlar o‘zimizda ishlab chiqariladi. Bunda ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar singari “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalar mahsulotlari arzon, sifatli va xaridorgir ekanidan ko‘nglimiz to‘q.

Мероприятия calendar icon

Click to listen highlighted text! Powered by GSpeech