Speech by the Chairman of the Board of O'zqurilishmateriallari Joint Stock Company B.K.Zaripov at the opening ceremony of cement plant in Sherabad district of Surkhandarya region


The text is presented in the state language

“O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi B.K.Zaripovning Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi tsement zavodi ochilish marosimidagi nutqi

Assalomu alaykum, hurmatli xonimlar va janoblar, quruvchilar va sanoat xodimlari, aziz mehmonlar.

Avvalombor barchangizni kirib kelayotgan Qurbon hayiti hamda Vatanimiz Mustaqilligining 27 yillik bayramlari bilan tabriklayman.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan, respublikamiz iqtisodiyotining boshqa sohalari qatori, sanoatning qurilish maiteriallari ishlab chiqarish tarmog'iga ham alohida e'tibor qaratilib, sohani jadal rivojlantirish maqsadida, har tomonlama qo'llab-quvvatlanib kelinmoqda.

So'nggi 2 yildagi o'zgarishlarga to'xtalib o'tadigan bo'lsam, 2017 yilga qadar tarmoqda 8 mingta korxona faoliyat yuritgan bo'lsa, bugungi kunda respublikamizda ularning soni 10,5 mingtaga etdi.

Respublikamizda 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo'lsa, bugungi kunda 180 dan ziyod turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.
Birgina 2017 yilda respublikada qariyb 17 trln. so'mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi, ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 123 foizga oshdi. Jami sanoat ishlab chiqarishdagi ulushi 12 foizni tashkil etdi.

Bugungi kunda respublikamizda 14 ta tsement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yiliga 9,1 mln. tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Yurtimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari hajmining keskin oshganligi, tsementga bo'lgan talabning ham ko'payishiga olib keldi.

Mavjud talabni qondirish bo'yicha bugungi kunda yangi quvvatlarni ishga tushirish choralari ko'rilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar, yillik quvvati 3 mln. tonnadan ziyod bo'lgan 8 ta, 2019 yilda yillik quvvati 5 mln. tonna bo'lgan 9 ta loyiha amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 10 oktyabrdagi PQ-2628-sonli “Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tsement zavodi qurilishi investitsiya loyihasini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan zavod qurilishining barcha ko'rsatkichlari belgilab berildi.

Mazkur qarorga ko'ra, Turkiyaning “Dal teknik makina ve tijarat sanayi” firmasi mutaxassislariga zavodning texnologik qismini qurish topshirildi.

Mazkur loyiha “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgan ikkinchi zavod bo'lib, ushbu jamiyat tomonidan dastlab
Jizzax viloyati Zafarobod tumanida qurilgan korxona modernizatsiya qilinib, yiliga 350 ming tonna oq tsement va 760 ming tonna portlandtsement ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Jizzaxda ishga tushirilgan korxona Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi davlatlari ichida, oqligi 85 birlikdan kam bo'lmagan va mustahkamligi 500 kilogram/santimetr kvadrat markadagi, yuqori sifatli tsement ishlab chiqarishga erishilgan birinchi muvaffaqiyatli loyihadir.

Sherobod tumanida ishga tushirilayotgan loyiha bo'yicha (jami 212,8 mln. dollar o'zlashtirilishi natijasida) yiliga 1 mln. 500 ming tonna yuqori sifatli portlandtsement ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmoqda hamda 1200 ta yangi ish o'rni yaratiladi.

Mazkur loyihaning katta yutuqlaridan biri, respublikamizdagi eng yirik, ya'ni 708 million tonna tsement xom-ashyosi, shu jumladan 530 mln. tonna ohaktosh va 178 mln. tonna tuproq (glina) mavjud konlarning Sherobod tumanida joylashganligidir.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining geografik joylashuvi nafaqat respublikamizda, balki qo'shni Afg'oniston Respublikasida ham keng ko'lamda amalga oshirilayotgan qurilish bunyodkorlik ishlari uchun zarur bo'lgan tsement mahsulotining nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham o'z xaridorini topish imkoniyatini beradi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur loyihaning ishga tushirilishi, davlatimiz rahbari tomonidan jadallik bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning sohadagi dastlabki natijalaridan biri deyish mumkin.

So'nggi ikki yil davomida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan samarali mexanizmlar va ko'rilayotgan aniq chora-tadbirlar natijasida, nafaqat Surxondaryo viloyatida, balki respublikamizning barcha hududlarida bu kabi zamonaviy loyihalar ketma-ket ishga tushishiga guvoh bo'lamiz.

Bugungi quvonchli voqeaning e'tiborli jihatlari shundaki, ushbu zamonaviy sanoat ishlab chiqarish korxonasining qisqa muddatda foydalanishga topshirilishi natijasida, 1200 nafar fuqarolarimiz o'z ish joyiga ega bo'lishi barobarida, Sherobod tumani, Surxondaryo viloyati, balki respublikamiz buyudjetiga tushumlar miqdori salmoqli ravishda oshadi. Hududning eksport salohiyati kengayib, tsement mahsulotining importi miqdori keskin kamayishiga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, respublikada tsementning narxi arzonlashishi va barqarorlashishiga omil bo'ladi.

Ushbu yangi korxonada ishlab chiqarilgan asosiy qurilish materiali bo'lgan tsement mahsuloti, birinchi navbatda Sherobod tumani, Surxondaryo viloyati va respublikamiz hamda qo'shni davlatlarda bunyod etiladigan zamonaviy ijtimoiy soha ob'ektlari, noturar joylar hamda aholi uchun shinam va qulay turar joylarning qisqa muddatlarda hamda sifatli qurilishiga xizmat qiladi.

E'tiboringiz uchun rahmat.


Файл
Download file
Size: 349.14 KB

Мероприятия calendar icon

Click to listen highlighted text! Powered by GSpeech