Transport yo‘laklari

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalarining faol rivojlanib borishi ko‘p hollarda tashqi savdo yuk tashish tizimini rivojlantirish borasida butun Markaziy Osiyo to‘qnashadigan mavjud muammolar hal etilishiga bog‘liq. Akademik V. Bartold qayd etganidek: “Turkiston kelajagi u jahon savdosida qaysi o‘ringa ega bo‘lishiga bog‘liq. Turkistonning savdoga oid mohiyati quruqlikdagi hamda dengiz savdosi mohiyatini qayta tiklovchi temir yo‘llari rivojlanishiga bog‘liq”.

SSSR inqirozga uchraganidan so‘ng, dengizga chiqishga ega bo‘lmagan davlatlar soni 29 ga yetdi va O‘zbekiston Respublikasi bunda alohida o‘rin tutadi, chunki u dunyo okeanidan kamida ikkita davlat hududi bilan ajratilgan jahondagi ikkita davlatlardan biri hisoblanadi.

Mustaqil bo‘lishdan avval O‘zbekiston o‘z tashqi iqtisodiy aloqalarini quyidagi uchta dengiz porti - Ilichevskdagi (Qora Dengizga chiqish), Sankt-Peterburgdagi (Boltiq dengiziga chiqish) va Vladivostokdagi (Uzoq Sharq portlariga chiqish) portlar orqali amalga oshirishi mumkin edi, respublikadan ushbu portlargacha bo‘lgan masofa 3000, 4300 va 8000 km.ni tashkil etib, yuk tashish qiymati oshib ketar edi. Biroq, mamlakatning mustaqil rivojlanib borishi yillari davomida, davlat rahbariyatining maqsadga yo‘naltirilgan siyosati sharofati bilan ushbu yo‘nalishdagi holat tubdan o‘zgardi.

Tashqi savdo yuklarini tashish uchun muqobil transport yo‘laklarini izlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining faol chora-tadbirlari hamda mutasaddi vazirlik va idoralarning muvofiqlashtirilgan ishi natijasida xalqaro transport yo‘laklari tarmog‘i tashkil etildi va takomillashtirib borilmoqda.

Transport yo‘laklari

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo yuk tashishlari quyidagi asosiy transport yo‘laklari orqali amalga oshiriladi:

1-yo‘lak — Boltiqbo‘yi mamlakatlari portlari yo‘nalishida (Qozog‘iston va Rossiyadan tranzit orqali) — Klaypeda (Litva), Riga, Liyepaya, Ventspils (Latviya), Tallinn (Estoniya);

2-yo‘lak — Yevropa Ittifoqi (YeI) mamlakatlari yo‘nalishida, Belarus va Ukraina orqali (Qozog‘iston va Rossiyadan tranzit orqali) — Chop (Ukraina) va Brest (Belarus) chegarasi;

3-yo‘lak — Ukrainaning Ilichevsk portiga (Qozog‘iston va Rossiyadan tranzit orqali), Qora Dengizga chiqish bilan;

4-yo‘lak — TRASEKA yo‘lagi sifatida ma’lum bo‘lgan Transkavkaz yo‘lagi yo‘nalishida (Turkmaniston, Qozog‘iston va Ozarbayjondan tranzit orqali), Qora Dengizga chiqish bilan;

5-yo‘lak — Eronning Bandar Abbos portiga (Turkmanistondan tranzit orqali), Fors ko‘rfaziga chiqish bilan;

6-yo‘lak — Qozog‘iston – Xitoy chegarasi orqali sharqiy yo‘nalishda (Dostiq/Alalshankou) Xitoyning sharqiy portlarigacha, shuningdek Uzoq Sharqning Naxodka, Vladivostok va boshqa portlarigacha;

7-yo‘lak — Xitoy portlariga (Qirg‘izistondan tranzit orqali) Sariq, Sharqiy-Xitoy va Janubiy-Xitoy dengizlariga chiqish bilan;

8-yo‘lak — afg‘on muammosining tartibga solinishi munosabati bilan Afg‘onistondan tranzit orqali Eron va Pokistonning Bandar Abbos, Chaxbaxar (Eron Islom Respublikasi, EIR), Gvadar va Karachi (Pokiston Islom Respublikasi, PIR) portlariga janubiy muqobil transport yo‘laklarini ishlab chiqish bo‘yicha yangi istiqbollar ochib berilmoqda.

1996 yilning 12 mayida O‘zbekistonning faol ishtirokida masofasi 320 km.ni tashkil etgan Tejon – Seraxs – Mashhad temir yo‘l magistralining (Seraxs bekatida g‘ildirak juftligi 1520 mm.dan 1435mm. temir yo‘lga o‘zgartirilgan holda) amalga kiritilishi xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishda sezilarli yutuq bo‘lib, u Markaziy Osiyo mamlakatlari Eron va Turkiya hududlari orqali dunyo bozoriga chiqishi uchun yangi Transosiyo yo‘lagini ochib berdi. Shu yili Seraxsda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkmaniston rahbariyati “Temir yo‘l transporti faoliyatini muvofiqlashtirish to‘g‘risida shartnoma” va “Ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida tranzit yuklarni tashishni tartibga solish sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim” imzoladi.

2005 yilning may oyida Eron hududida Mashhad - Bandar Abbos yo‘nalishida (Tehronni aylanib o‘tgan holda) Bafk - Mashhad temir yo‘lining qurilishi tugatilganligi munosabati bilan Bandar Abbos portigacha bo‘lgan masofa kamida 800 km.ga qisqardi.

1998 yilning sentyabr oyida Baku shahrida Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston tashabbusiga ko‘ra, shuningdek Yevropa Ittifoqi yordamida “TRASEKA - Tarixiy Ipak Yo‘lining qayta tiklanishi” Xalqaro Anjumani o‘tkazildi. Anjuman yakunida 12ta davlat rahbarlari, shu jumladan O‘zbekiston rahbariyati “Yevropa-Kavkaz-Osiyo yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro transport to‘g‘risida asosiy ko‘ptomonlama bitim” hamda xalqaro temir yo‘l transporti, xalqaro avtomobil transporti, xalqaro savdo kemachiligi, bojxona tartibotlari va hujjatlarni qayta ishlash bo‘yicha mazkur Bitimning Texnik Ilovalarini imzoladilar.

Transport yo‘laklari

“Yevropa-Kavkaz-Osiyo” transport yo‘lagi (TRASEKA) yerusti va dengiz yo‘nalishlari tarmog‘ini ifoda etib, ular Qora dengiz orqali Yevropadan Kavkaz va Kaspiy dengizi orqali Markaziy Osiyo respublikalariga o‘tadi. Bir tomondan Yevropa va Osiyo o‘rtasida savdo munosabatlarining rivojlanishi hamda asosiy tovar ishlab chiqaruvchilari Osiyoda, iste’molchilar esa Yevropada joylashishi, ikkinchi tomondan yuk egalari bo‘lgan yirik mamlakatlar yuk oqimining yuzaga kelishi talqinida TRASEKA yo‘nalishini ko‘rib chiqqan holda shunday xulosaga kelish mumkinki, tovarlarni Yevropaga TRASEKA transport yo‘lagi orqali yetkazib berish g‘oyat jozibador ko‘rinadi. Yokogamadan eng yirik G‘arbiy Yevropa portlarigacha (Rotterdam, Gamburg, Antverpen va boshqalar) bo‘lgan asosiy transokean yo‘nalishi masofasi TRASEKA yo‘nalishiga nisbatan kamida 2 baravar uzoq.

2003 yilning 18 iyunida Tehron shahrida (Eron) O‘zbekiston Respublikasi, Afg‘oniston Islom Respublikasi va Eron Islom Respublikasi davlat rahbarlari tomonidan “Xalqaro transafg‘on transport yo‘lagini barpo etish to‘g‘risida bitim” imzolanib, mazkur Bitim respublikaning tashqi savdo yuklarini Eron portlariga tashish masofasini 1500 km.ga qisqartirish imkonini yaratadi.

Transport yo‘laklari

2011 yilning mart oyida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati o‘rtasida transport va tovarlar tranziti sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim”ning kuchga kirishi hamda Afg‘onistondagi holatning barqarorlashishi munosabati bilan O‘zbekistondan yuklarni tranzit olib o‘tish uchun Afg‘oniston hududidan foydalanish yuzasidan yangi istiqbollar ochilmoqda, bu esa tashqi savdo yuklarini Eron va Pokiston portlariga tashish yo‘nalishlari diversifikatsiyasiga ijobiy ta’sir etmoqda.

Transport yo‘laklari

O‘zbekistonda ham mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish maqsadida magistral temir yo‘l kommunikatsiyalarini shakllantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 2001 yilda masofasi 341 km.ni tashkil etgan “Navoiy – Uchquduq – Sulton Uvaystog‘” temir yo‘l liniyasi qurilishining yakunlanishi hamda 2007 yilda masofasi 220 km.ni tashkil etgan “Toshguzar - Boysun - Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l liniyasi qurilishining yakunlanishi buning tasdig‘idir.

2010 yilning noyabr oyida qurilgan va foydalanishga topshirilgan, masofasi 75 km.ni tashkil etgan Afg‘onistondagi birinchi “Xayraton — Mozori-Sharif” temir yo‘l liniyasi butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi tomonidan OTB yordamida amalga oshirildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech