107,7 mln dollarlik qurilish materiallari eksport qilindi

News image

Bugun AOKAda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov qurilish materiallari eksport tahlili haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2022 yilda soha korxonalariga 600 mln dollar miqdorda qurilish materiallari va xizmatlarini eksport qilish reja ko‘rsatkichlari belgilangan.

Olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra yanvar-mart oylarida tarmoq korxonalari tomonidan 107,7 mln dollar miqdorida qurilish materiallari va xizmatlari eksporti amalga oshirilgan.

Yuqoridagi eksport ko‘rsatkichlarga 14,8 mln dollarlik keramik plitka va keramika buyumlari, 5,0 mln dollarlik alyumin profil va panellar, 17,3 mln dollarlik PVX profil, truba va fitinglar, 7,2 mln dollar keramik g‘ishtlar, 1,0 mln dollarlik sement, 1,9 mln dollarlik gipsokarton, 5,5 mln dollarlik gulqog‘oz va boshqa qog‘oz mahsulotlari, 3,3 mln dollarlik tabbiy pardozbop toshlar kabi qurilish materiallar eksport qilish hisobiga erishildi.

E’tiborli jihati, aksariyat qurilish materiallar bo‘yicha tarmoqda yangi quvvatlarni yaratilishi va modernizatsiya qilinishi, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi hamda yangi korxonalarni eksportga jalb qilinishi hisobiga ba’zi turdagi qurilish materiallari eksportini 2021 yil shu davriga nisbatan bir necha barobarga oshirishga muvaffaq bo‘lindi. Misol uchun, 2021 yilga nisbatan keramik plitkalar, gulqog‘oz, tabiiy pardozbop toshlar, oyna mahsulotlari kabi qurilish materiallari eksportida o‘sish qayd etildi.

Joriy yilning o‘tgan hisobot davrida qurilish materiallari eksporti geografiyasi an’anaviy hisoblangan bozorlar ya’ni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmanistondan tashqari Afg‘oniston, Rossiya, Litva, Turkiya, Ukraina, Ozarbayjon, Indoneziya, Gruziya, Xitoy va Eron davlatlari hisobiga kengaytirildi.

Qurilish materiallarining asosiy eksport bozorlari bo‘lib qo‘shni respublikalar bozorlari hisoblanib, ushbu davlatlarning umumiy eksportdagi ulushi qariyb 73 foizni tashkil etmoqda. Xususan, davlatlar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Qozog‘istonga – 36 mln dollarlik, Qirg‘izistonga – 14,5 mln dollarlik, Tojikistonga – 13,5 mln dollarlik, Rossiyaga –6,5 mln dollarlik, Turkmanistonga – 4,7 mln dollarlik, Xitoyga 2,2 mln dollarlik, Litvaga – 2,2 mln dollarlik, Indoneziyaga – 2,1 mln dollarlik, Turkiyaga – 2,1 mln dollarlik qurilish materiallari eksporti amalga oshirilgan.

Manba: Matbuot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech