2021 yilda 16,4 mln tonna sement ishlab chiqariladi

News image

Bugun O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan “Mamlakatimiz sanoat korxonalarining sement ishlab chiqarish salohiyati, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar” mavzusida OAV vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma rahbariyati, soxa mutaxassislari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Anjumanda dastlab “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 2021 yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida to‘liq ma’lumot berildi. Shu bilan birga mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurililish materiallarining jaxon talablariga javob berishi, yirik zavodlar faoliyati, eksport ko‘rsatkchilari haqida to‘xtalib o‘tildi.

1.jpg

Ta’kidlanishicha, Respublika bo‘yicha 2020 yilda jami sement ishlab chiqarish hajmi 12 537,4 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan 2019 yilga nisbatan 114,1 foizga o‘sish ta’minlandi. 2020 yilda yillik quvvati 1,8 mln. tonnaga teng 3 ta yangi sement ishlab chiqarish zavodlari Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida ishga tushirildi. Hozirgi kunda respublika bo‘yicha sement ishlab chiqarish quvvatlari 20 mln.tonnani tashkil etadi.

2020 yilda markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar qurilishiga o‘rtacha birja kotirovka narxlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha 438,5 ming tonna sement xarid qilingan.

E’tiborlisi, o‘tgan yilda 2 mln 509,2 ming tonna sement import qilingan bo‘lib, 2019 yilga nisbatan 23,3 foizga yoki 762,9 ming tonnaga kamaygan.

2020 yil davomida mahalliy sementning o‘rtacha narxi 619,9 ming so‘mni (QQS bilan) tashkil etgan.

2020 yilda 530,3 ming tonna, ya’ni 2019 yilga (150,7 ming tonna) nisbatan 3,5 marta ko‘p sement eksport qilindi. birja savdolari orqali 8 mln 833,5 ming tonna sement sotilishi ta’minlandi.

Ma’lumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyuldagi 450-son qarori bilan belgilangan sement importini soddalashtirish (sertifikatsiya muddatini 28 kundan 2 kungacha qisqartirish), birja savdolariga kunlik sement qo‘yilishini 42-45 ming tonnagacha oshirish va boshqa choralar bajarilishi natijasida narxlar barqarorligiga erishildi. Natijada 2020 yilning 31 dekabr holatiga ko‘ra, 1 tonna sementning o‘rtacha narxi 592,5 ming so‘mgacha (20 iyulga nisbatan -298,5 ming so‘mga) pasaydi.

2021 yilda sement ishlab chiqarish prognozi 16,4 mln tonna kutilmoqda va yil davomida jami quvvatlari 8,6 mln tonnaga teng umumiy loyiha qiymati 738,4 mln dollar bo‘lgan 11 ta (Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida) yangi sement ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, yil ohirida sement ishlab chiqarish quvvatlari 25,3 mln.tonnaga yetkazilishi kutilmoqda. Jumladan, yanvar oyida eng yirik loyihalardan biri “Ohangaronsement” AJda amalga oshirildi. Bu yerda yiliga 2,4 mln.tonna sement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega quvvat yaratildi.

2.jpg

Joriy yilda "Farg‘ona Yasin qurilish mollari" MCHJ tomonidan umumiy qiymati 120 mln dollar bo‘lgan yillik quvvati 1 mln 200 tonna sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, "Rash milk" MCHJ, "Namangan sement" MCHJ, "Marokand sement invest" MCHJ, "Ishonchli posbon tekstil" MCHJ, "Shaffof Sement Sanoat" QK MCHJ, "Pop sement" MCHJ, "Jaxon Yevro Servis" MCHJ kabi sement zavodlari o‘z faoliyatini boshlaydi. 2021 yilda ko‘mirda sement ishlab chiqarish hajmi 1,5 mln tonnadan 2,5 mln tonnaga yetkaziladi.

2021-2023 yillarda sement ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshiriladigan investitsion loyihalarning manzilli ro‘yxatiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida 3 ta, Surxondaryoda 3 ta va Namangan viloyatida esa 4 ta yangi sement zavodlari barpo etish rejalashtirilgan.

Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2016 yil yakuni bilan Respublikamizda 8,6 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. 2020 yilda esa bu ko‘rsatkich hurmatli Prezidentimiz tomonlaridan qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish, sohaga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar, qabul qilingan qarorlar natijasida 12,5 mln tonnaga yetkazildi. Yillik ishlab chiqarish quvvatlari esa 20 mln tonnani tashkil etdi. Shu jumladan mamlakatimizda yuqori markali sement ishlab chiqarishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan to‘liq javob olishdi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech