- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- 2025-yilda 50 trln. so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqariladi

13 Mar 2025
266
Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan "Qurilish materiallari sohasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar, 2025-yildagi ustuvor vazifalar" mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma rahbariyati, soha mutaxassislari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Anjumanda dastlab, 2024-yilda mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish, eksport-import ko‘rsatkichlari, investitsiya loyihalar haqida to‘liq ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, 2024-yilda 42 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi. Belgilangan reja 116 foizga bajarildi. Sohaning mamlakat sanoatidagi ulushi 4,8 foizni tashkil etdi.
Jumladan, 44 mln kv m - qurilish oynasi, 90 mln kv m - gipsokarton, 17,8 mln tn - sement, 52 mln kv m - keramik plitka, 365 ming tonna - quruq qurilish aralashmasi, 6 ming tonna - gulqog‘oz kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.
O‘tgan yilda sohada jami 2,2 mlrd dollarlik investitsiyalar, shundan 1,4 mlrd dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan.
Sohada 2024-yilda 831 mln. dollar eksport amalga oshirildi. Eksport qilingan mahsulotlarning 26,2 foizi metall buyumlar, 8,7 foizi keramika mahsulotlar, 15,1 foizi PVX profil, truba va plastmassa mahsulotlar, 6,6 foizi quruq qurilish qorishmalari kabi mahsulotlar ulushiga to‘g‘ri keldi. E’tiborlisi, 2024-yilda eksport qilingan qurilish materiallari turlari 55 dan 65 ga oshirishga erishildi. O‘tgan yilda eksportyor korxonalar 1450 taga yetkazildi. Shuningdek, eksport geografiyasi 56 davlatdan 60 taga yetkazildi.
Davlatlar kesimida tahlil qilinganda eksport qilingan mahsulotlarning 22,6 % - Qozog‘iston hissasiga, 12,4 % - Qirg‘izistonga, 13,9 % - Tojikistonga, 24,5 % - Rossiya Federatsiyasiga, 2,5 % - Turkmanistonga, 1,6 % - Litvaga va 0,9 % - Xitoy davlatlariga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, Kipr, Malayziya, Avstraliya, Serbiya va boshqa shu kabi davlatlarning bozorlarini o‘zlashtirilishi hisobiga mahsulotlar eksport geografiyasi kengaytirildi. O‘tgan yilning o‘zida qo‘shimcha 10 tadan ortiq yangi mahsulotlar eksport qilindi.
Qurilish materiallari eksportini yanada oshirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan xorijiy davlatlarda savdo uyi va omborlari ochilmoqda. Xususan, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Tojikiston davlatlarida qurilish materiallari savdosiga ixtisoslashgan “O‘zbekiston savdo uyi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 24-yanvardagi PQ-99-son qaroriga asosan 2024-yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 3,5 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan rejani 104,5 foizga bajarilishi ta’minlandi.
Endi joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tsak, qurilish materiallari sohasida 2025-yilda ishlab chiqarish hajmi 50 trln. so‘mga yetkaziladi. 1,2 mlrd. dollar eksport amalga oshirilish rejalashtirilgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 4,4 trln. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Joriy yilda 18 mln. tonna sement, 48,2 mln. kv. metr qurilish oynasi, 52 mln. kv. metr keramik plitka, 95 mln. kv. metr gipsokarton, 1 mln 30 ming dona sanitar texnik buyumlar, 5,2 mln. o‘ram gulqog‘oz va boshqa shu kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Eksport hajmlarini oshirish maqsadida, Latviya, Qozog‘iston, Tojikiston, AQSH, Rossiya, Afg‘oniston davlatlarida O‘zbekiston savdo uylari va savdo omborlari tashkil etiladi.
Xususan, ushbu xorijiy davlatlarda 6 ta savdo uyi, 10 ta savdo ombori faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 50 turdan ortiq qurilish materiallari eksport qilinadi. Shuningdek, 20 dan ortiq yirik korxonalar eksport hajmlari oshiriladi va qo‘shimcha 250 mln. dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.
Sohada 2025-yilda 2,4 mlrd. dollarlik 204 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi va 14 211 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tadbir davomida OAV o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan to‘liq javob olishdi.