2026 yilga borib 42,3 trln so‘mlik qurilish materillari ishlab chiqariladi

News image

Bugun AOKAda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov aholi murojaatlari haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, Prezidentimizning joriy yil 9 iyun kunidagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qabul qilgan 6244-sonli Farmoniga asosan qurilish materiallari tarmog‘ini boshqarishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi.

Jumladan, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil etilib, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. “O‘zsanoatqurilishbank”ning joylardagi filiallarida Qurilish materiallarini rivojlantirish markazlari tashkil etilib, ular malakali mutaxassislar bilan butlandi.

Mazkur farmon bilan respublikamiz hududlaridagi 24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi. Ushbu tumanlarning sanoat infratuzilmasini rivojlantirishga 400 mlrd so‘m mablag‘ ajratish belgilandi.

Shuningdek, geologik-qidiruv ishlarini olib borish uchun 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Tarmoqni yanada takomillashtirish, sohaga xorijiy investorlarni keng jalb qilish, eksport ko‘rsatkichlarini oshirish hamda yangi sanoat korxonalarini tashkil etish maqsadida 2022-2026 yillarda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra 2026 yilga borib tarmoq bo‘yicha mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 42,3 trln so‘mga yetkazish va bunda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarning ulushini 2016 yildagi 32,3 foizdan 53 foizgacha yetkazish belgilangan.

Natijada, asosiy turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan talab mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq qoplanadi. Jumladan, gazobeton, issiqlik saqlovchi izolyatsiya materiallari, qurilish oynasi, sement kabi mahsulotlar bo‘yicha ichki talab qoplanib, mahsulotlarning bir qismi xorijga eksportga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, dasturga ko‘ra 2026 yilga borib qurilish materiallarining eksporti 505 mln dollarga yoki 2021 yilga nisbatan 1,8 baravarga oshiriladi.

Tarmoqni rivojlantirishga 2,76 mlrd dollarlik invenstitsiyalar jalb qilinadi yoki joriy yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,7 baravarga oshiriladi.

Ushbu davrda mahalliylashtirilgan qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi joriy yildagidan 1,7 baravarga oshirilib 1,55 trln so‘mga yetkaziladi.

Bulardan tashqari, hurmatli Prezidentimizning joriy yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishdagi topshirig‘iga asosan nufuzli “BCG” xorijiy kompaniyasi tomonidan Qurilish materiallari sanoatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi.

Unda, tarmoq bo‘yicha mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, tarmoqning eksport salohiyatini yanada oshirish, yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish kabi takliflar hamda strategiyani amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilgan.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech