- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Chaqiq tosh ishlab chiqarish va undan foydalanish

20 Jan 2023
3075
Respublikamizning bir qancha tumanlarida chaqiq tosh ishlab chiqarish uchun suv toshqinlari yordamida hosil bo‘lgan yuqori mustahkamlikdagi tog‘ jinslari bo‘laklari (xarsang toshlar) ishlatiladi.
Chaqiq tosh tog‘ jinslarini maydalash asosida olinadi. Chaqiq tosh yuqori mustahkamlikdagi betonlar uchun sifatli yirik to‘ldiruvchi sifatida ishlatiladi.
O‘zbekistonda chaqiq tosh ishlab chiqarish hajmi shag‘aldan bir necha barobar ko‘p. Chaqiq tosh olishda asosiy xomashyo sifatida cho‘kindi tog‘ jinslari-granit, gabbro, diabaz, bazalt va karbonat cho‘kindi jinslari ishlatiladi. Yuqoridagi tog‘ jinslarining zichligi 1800 kg/m3 dan kam emas.
Chaqiq tosh ishlab chiqarish quyidagi texnologik jarayonlarni qamrab oladi, toshni qazib olish, maydalash va navlarga ajratish (elash). Toshlarni qazib olish kar’erlarda bajariladi.
Tog‘ jinslari kar’erlarini ochish ishlaridan boshlanadi, bunda o‘simlik qavati va qum – gilli jinslarni texnik vositalar bilan olib tashlanadi. Ochish ishlari tarkibiga yuqori zonalardagi yaroqsiz toshlarni olib tashlash ham kiradi. Bu ishlar portlatish bilan bajarilib toshlar maxsus chuqurlarga to‘kiladi.
Tosh massivini olib tashlab va tog‘ yonbag‘irlariga keng maydon ochilgandan so‘ng maxsus parmalovchi mashinalar va uskunalarda tog‘ massivida diametri 250 mm gacha, chuqurligi 10-20 m gacha bo‘lgan, bir qator yoki shaxmat tartibida 2-3 qator qilib har 4-7 m da skvajinalar ochiladi, ularga portlovchi moddalar (ammonit, trotil va boshqa) joylashtiriladi va bir vaqtning o‘zida portlatish ishlari bajariladi (xavfli hududlardan aholi va texnika vositalari olib chiqiladi).
Portlatish natijasida tog‘ yonbag‘ridagi ochilgan maydon turli yiriklikdagi toshlar, bo‘laklar bilan to‘ladi. Yirik toshlar maxsus texnikalarga yuklatilib, tegirmonga junatiladi.
Maydalash – navlarga ajratish korxonalarining asosiy uskunalari bu maydalagichlar, katta ko‘zli g‘alvirlar, lentali konveyerlar, ta’minlovchilar, transportyorlar hisoblanadi. Asosan titratuvchi ko‘zli g‘alvirlar ishlatiladi. Yirik toshlar uchun qo‘zg‘almas g‘alvirlar ham qo‘llaniladi.
Maydalagichlar konstruksiyasi va maydalash prinsipiga ko‘ra jag‘li, konusli, valkli, bolg‘ali va boshqa turlarga bo‘linadi. Toshlarni yirik va o‘rtacha maydalashda jag‘li maydalagichlar keng ishlatiladi. Qo‘zg‘aluvchan va qo‘zg‘almas jag‘lar orasiga tushuvchi toshlar, jag‘larni yopilishida maydalanadi.
Konusli maydalagichlar maydalanadigan tosh ichki va tashqi kar’eruslar orasidagi halqasimon yoriqqa tushadi, konusli aylanma harakat qiladi, natijada xalqaning eni to‘xtovsiz o‘zgarishida tosh maydalanadi.
Nisbatan past mustahkamlikka ega toshlarni maydalashda, ko‘pincha valkli maydalagichlar ishlatiladi, u ikkita silliq silindlar (valklar) dan tashkil topadi va bir-biriga qarama-qarshi aylanadi. O‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yuqorida keltirilgan maydalagichlarni qo‘llashda boshqa turdagi maydalagichlarga nisbatan kubsimon shakldagi donalar ko‘p miqdorda chiqadi, plastinkasimon va ninasimon donalar esa kam chiqadi.
Jag‘li maydalagichga tushayotgan toshning o‘lchami - a=0,85·b dan oshmasligi kerak, bu yerda: b-maydalagichning yuklash yuzasining eni.
Eng katta jag‘li maydalagichning yuklash yuzasi 1500×2100 mm bo‘lib, formulaga ko‘ra cho‘mich sig‘imi 4 m3 bo‘lgan ekskavatorda qayta ishlanuvchi toshni maydalash mumkin. Maydalagichlarning samaradorligi ularning texnologik xarakteristikasi (pasporti)da beriladi. U aniq tog‘ jinsining turi va qabul qilgan maydalash sharoitiga mos keladi. Shu sababli ishlab chiqarishning konkret sharoitida to‘g‘irlovchi koeffitsiyentlar kiritiladi.
Oddiy maydalash – navlarga ajratish kompleksining sxemasi quyida keltirilgan bo‘lib, maydalashning bitta bosqichi bajariladi. Biroq maydalash korxonalarida 2, 3 va undan ortiq bosqichlar ham bajariladi.
Maydalagichlarning chiqish tirqishini tartibga solish mumkin, biroq har bir bosqichda yuqori darajali maydalashda maydalagichning ishlab chiqarish samaradorligi kamayishiga va eskirishini tezlashishiga olib keladi. Jag‘li va konusli maydalagichlarda maydalashning darajasi 3-5 ga teng.
1-qabul qilish; 2-ta’minlovchi; 3-maydalagich; 4-lentali transportyor 5-g‘alvir 6,7,8 – maydalangan mayda, o‘rtacha va yirik chaqiqtoshlar uchun bunkerlar.
Yiriklikni tartibga solish uchun, o‘z vaqtida, maydalashga yo‘naltirilayotgan materialning miqdorini to‘g‘ri ta’minlashda elash ishlari bajariladi. Texnologik sharoitga bog‘liq holda quyidagi turdagi elash ishlari bajariladi dastlabki, nazorat va yakuniy (tayyor chaqiq tosh).
Dastlabki elash, maydalashga tushayotgan materialdan mayda sinfga mansub bo‘laklarni ajratish uchun bajariladi. Natijada maydalagichlarning ishlash sharoiti yaxshilanadi va samaradorligi ortadi.
Nazorat elash, yopiq siklda qayta maydalashga yo‘naltirilgan mahsulotdan alohida sinflarni ajratib olish uchun xizmat qiladi.
Maydalanayotgan toshning maydalik darajasi nafaqat maydalagich turi, ishlash rejimi va uni to‘g‘irlashga, balki toshning mustahkamligiga bog‘liq. Agar doimiy rejimda ishlayotgan maydalagichdan turli mustahkamlikdagi toshlarni o‘tkazsak, u holda tosh mustahkamligi qancha kichik bo‘lsa, maydalangan mahsulot ham mayda bo‘ladi.
Saylanma maydalash samaradorligi kuch ta’sirida ishlaydigan maydalagichlarda yuqori bo‘lib, toshlar kuch ta’sirida maydalanadi. Shu maqsadda maxsus bolg‘ali, rotorli maydalagichlar, dezintegratorlar ishlatiladi. Chaqiq toshni yuvish qachonki unda chang miqdori O‘zDSt 8267-93 “Qurilish ishlari uchun zich tog‘ jinsli chaqiq tosh va shag‘al” talabidan oshsagina bajariladi. Bu esa, ho‘l elash jarayonida bajarilib, suv g‘alvirlar ostidan sepiladi. Chaqiq toshni quruq usulda havo ta’sirida changsizlantirish istiqbolli hisoblanib, elash jarayoni bilan birgalikda bajariladi.