Energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi oshiriladi

News image

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida O‘zbekistonda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda, bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 40 mingta ko‘p qavatli uy-joy mavjud bo‘lsa, shundan 31 mingga yaqini 1991 yilgacha qurilgani ma’lum qilindi.

Shu bois, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu 31 mingta uylarning fasad qismini renovatsiya asosida bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga o‘tkazish hamda muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda issiq suv va elektr bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirildi.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi endilikda yangidan quriladigan ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarining loyiha-smeta hujjatlariga energiya samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalanishni majburiy tartibda kiritishi topshirildi.

Bu borada energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ham e’tibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizda jami 13,2 ming tonna bazalt xom ashyosi ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yillik ehtiyoj (5 mln m kv yoki 36 ming tonna) 30 foizini ham tashkil etmaydi.

Shu bois, «O‘zsanoatqurilishbank» «O‘zsanoqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda bazalt xom-ashyosi ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlab, yil yakuniga qadar kamida 5 ming tonnalik quvvat yaratishi kerakligi ta’kidlandi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech