“Kvars” AJning 89,78% aksiyalar paketini sotib olish bo‘yicha majburiy bo‘lmagan takliflarni qabul qilish to‘g‘risida e’lon

News image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi PF–6167-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “UzAssets investitsiya kompaniyasi” AJ (keyingi o‘rinlarda – “UzAssets” AJ yoki Sotuvchi) “Kvars” AJ (keyingi o‘rinlarda – Jamiyat yoki Kvars) ustav kapitalidagi 89,78 foiz aksiyalar paketini sotish rejasini e’lon qiladi (keyingi o‘rinlarda – Bitim yoki Sotuv). Deloyt xalqaro kompaniyasi ushbu bitim bo‘yicha “UzAssets” AJ konsultant vazifasini bajaradi.

Kompaniya to‘g‘risida qisqacha ma’lumot:

Jamiyat respublikadagi eng yirik silliqlangan shisha listlari va shisha idishlar ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, ichki bozorda shisha qadoqlari va listlari ishlab chiqarishning qariyb 50 foiz hamda shisha bankalar ishlab chiqarishning 95 foiz ulushiga ega. Jamiyatning asosiy ishlab chiqarish quvvati Farg‘ona viloyati, Quvasoy shahrida joylashgan bo‘lib, bundan tashqari, qo‘shimcha ikkita nosohaviy qishloq xo‘jaligi va yilqichilik aktivlari mavjud. Jamiyat daromadi 2021 yilda 423 mlrd.so‘mni tashkil yetgan, bu 2020 yilga nisbatan 37 foizga o‘sgan.

Jamiyatda 2021 yil iyun oyida, kuniga 400 tonna silliqlangan oyna ishlab chiqarish quvvatiga ega, yangi ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirilgan. Silliqlangan oyna ishlab chiqarishning bir necha barobar ortishi (kuniga 600 tonnagacha) va respublikada unga bo‘lgan talabning yuqoriligi Jamiyatning daromadini 1,5 barobardan ko‘proq oshishiga, bozordagi o‘rnini sezilarli darajada mustahkamlashga xizmat qilishi va eksport hajmini oshirish imkoniyatlarini ta’minlamoqda.

Bitimni amalga oshirish jarayoni

Savdo jarayonlari barcha manfaatdor tomonlarning (keyingi o‘rinda – Ishtirokchilar) arizalarini qabul qilish orqali, raqobatga asoslangan jarayon sifatida tashkil etiladi. Ishtirokchilar ingliz, rus yoki o‘zbek tillarida tayyorlangan xat ko‘rinishidagi arizalarni, 2022 yil 29 iyul Toshkent vaqti bilan soat 18:00 dan kechiktirmay rmukhametshin@deloitte.kz , ivazhov@deloitte.kz va l.goyibov@uz-assets.uz elektron manzillariga yuborishlari lozim.

Arizada quyidagilar bo‘lishi kerak:

  1. ariza beruvchining to‘liq nomi va manzili;
  2. ariza beruvchining ustav kapitalidagi tegishli ulushlari ko‘rsatilgan yakuniy foyda oluvchilar (benefitsiarlari) ro‘yxati;
  3. ariza beruvchining biznesining tavsifi, shuningdek uning Bitimda ishtirok yetishdan strategik manfaatdorligi tavsifi;
  4. 2019 va 2020 yillar uchun auditdan o‘tkazilgan moliyaviy hisobotlar, shuningdek, 2021 yil uchun auditdan o‘tkazilmagan (agar mavjud bo‘lsa, 2022 yilning birinchi oylari uchun);
  5. Ta’sischilar, yakuniy foyda oluvchilar va Ishtirokchining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish va tergov ishlari qo‘zg‘atilmaganligi hamda soxta tadbirkorlar va bankrotlarning xalqaro ro‘yxatlarida ko‘rsatilmaganligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining shunga o‘xshash ro‘yxatlariga kiritimaganligi to‘g‘risidagi Ishtirokchi rasmiy blankasidagi ma’lumotnoma;
  6. “Jinoyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablari asosida faoliyat yuritilishini tasdiqlovchi Ishtirokchi rasmiy blankasida ma’lumotnoma.

Taqdim etilgan arizalar asosida “UzAssets” AJ tomonidan birinchi bosqich ishtirokchilari tanlab olinadi hamda ular bilan ma’lumotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risida bitim (keyingi o‘rinlarda – Oshkor etmaslik bitimi) imzolash taklif etiladi. Oshkor etmaslik bitimi imzolangandan so‘ng Ishtirokchilarga jarayon xati yuboriladi va Jamiyat to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishish uchun Deloyt kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan, virtual ma’lumotnomalar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati taqdim etiladi.

Qo‘shimcha shartlar (Diskleymer):

“UzAssets” AJ sotish jarayonining ketma-ketligini o‘zgartirish yoki potentsial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Ushbu e’lon yoki uning mazmunining biron bir qismi mazkur e’lon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin bo‘lgan “UzAssets” AJ, Jamiyat va Deloytning Jamiyatni sotish bilan bog‘liq biror bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. “UzAssets” AJ va Deloyt o‘z xohishiga ko‘ra har qanday vaqtda va har qanday holatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni o‘z zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga o‘zgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor shaxslar uchun turli xil tartib-qoidalar bo‘yicha ish tutish va/yoki “UzAssets” AJ, Jamiyat va Deloyt tomonidan ko‘zda tutilgan reja jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) har qanday sababga ko‘ra sotish jarayonini to‘xtatish; va/yoki

(iv) istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Bitimga taalluqli bo‘lgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini o‘zida saqlab qoladi.

Manba: UzAssets

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech