Mahalliy qurilish materiallari 58 ta davlatga eksport qilinmoqda

News image

Bugun AOKAda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov “Qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi” haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda drayver soha hisoblangan qurilish materiallari sanoatida 2017-2023-yillarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi, sohada malakali kadrlar tayyorlash, xorij tajribasini jalb qilgan holda yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, eksport bozorlarini kengaytirish tizimi tubdan qayta isloh qilindi.

Jumladan, sohada ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 2 barobar o‘sib, 14 mingga yetdi, mahsulot ishlab chiqarish hajmi esa 2017-yildagi 8 trln. so‘mdan 2023-yilda 34,2 trln. so‘mga yetkazildi yoki 4 barobarga oshdi.

Sohada 9 mlrd. dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi va yangi amalga oshirilgan loyihalar doirasida 94 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.

Yangi 36 turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi va eksport bozorini kengaytirish hisobiga eksport davlatlari soni 2017-yildagi 28 tadan 58 taga kengaytirildi.

Qurilish materiallari keng hajmli, og‘ir vaznli ekanligidan kelib chiqib, asosiy eksport bozorlari hisoblangan qo‘shni davlatlarga mahsulot eksporti 8 barobarga oshirildi va Latviya, Niderlandiya, Belgiya kabi yangi istiqbolli eksport bozorlari o‘zlashtirildi.

Eksport hajmini oshirish maqsadida, 9 ta davlatda tashkil etilgan ko‘rgazma va savdo forumlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari bilan ishtiroki ta’minlandi hamda Ozarbayjonning Boku shahrida “O‘zbekiston savdo uyi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Natijada, qurilish materiallari eksporti 9 barobarga o‘sib, 2017-yildagi 71 mln. dollardan 2023-yilda 654 mln. dollarga yetkazildi.

Shuningdek, 2017-yilda 885 ta konlar mavjud bo‘lgan hamda ularning o‘zlashtirish darajasi 38,6 foizni tashkil etgan. Hozirda 1 873 tani o‘zlashtirish darajasi esa 82 foizni tashkil etgan.

Sohada joriy yilda 38 trln. so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqariladi va 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 44,7 trln. so‘mga yetkaziladi.

Joriy yilda 1 mlrd. dollarlik eksport amalga oshiriladi, 2025-yilda esa eksport hajmini 1,2 mlrd. dollarga yetkazish.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilda 2 trln. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, bazaltdan kompozit materiallar keramogranit, kompozit pol qoplamalari (SPS laminat), PVX marmarli panellar, HPL panellar kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari o‘zlashtiriladi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech