Mamlakatimizda sement ishlab chiqarish, narx va sifat

News image

Respublikamizda jami 34 ta sement zavodlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning yillik quvvati 25 mln tonnani tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilda jami sement ishlab chiqarish hajmi 17,01 mln tonnaga yetkaziladi. Yanvar-fevral oylarida respublika bo‘yicha 1,12 mln tonna sement ishlab chiqarildi.

Mamlakatimiz amalga oshirilayotgan qurilish bunyodkorlik ishlariga sifatli sement yetkazib berish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan bir qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘zida 7 ta yangi korxonalarni ishga tushirish natijasida qo‘shimcha 5,8 mln. tonna quvvat yaratiladi.

Xususan, 2023 yilda "Qoraqalpoqsement" MCHJ tomonidan umumiy qiymati 65 mln dollar bo‘lgan yillik quvvati 1 mln 400 ming tonna sement ishlab chiqarish liniyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, "Eko sement" MCHJ, “Ishonchli posbon tekstil” MCHJ, "Jomboysement" MCHJ kabi sement loyihalari o‘z faoliyatlarini boshlaydi.

2023 yillarda sement ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshiriladigan investitsion loyihalarning manzilli ro‘yxatiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston respublikasida 1 ta, Andijon viloyatida 1 ta, Jizzax viloyatida 1 ta, Namangan viloyatida 1 ta, Samarqandda 2 ta, Toshkent viloyatida 1 ta yangi sement zavodlari barpo etish rejalashtirilgan.

2023 yil yanvar-fevral oylarida markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar qurilishiga o‘rtacha birja kotirovka narxlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha 3,7 ming tonna sement xarid qilingan.

Yana bir ma’lumot, yanvar-fevral oylarida birja savdolarida bir tonna portland sement o‘rtacha 601 ming QQS bilan so‘mdan sotilgan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, 2022 yilning 21 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidantining PQ-139-sonli “Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 martdan boshlab barcha yuridik shaxslarga sement,sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi. Shuningdek, 2024 yil 1 yanvarga qadar Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish harajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2016 yil yakuni bilan Respublikamizda 8,6 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. 2022 yilda esa bu ko‘rsatkich 14,6 mln tonnaga yetkazildi. Shu jumladan mamlakatimizda sifatli, raqobatbardosh, yuqori markali sement ishlab chiqarishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Albatta, ushbu investitsiya loyihalarini foydalanishga topshirish orqali mamlakatimizda sifatli, jahon standartlariga mos qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, qolaversa, qurilish materiallariga bo‘lgan ichki talab qoplanadi. Eng muhimi doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech