Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!

News image

Bugun – 17-noyabr kuni “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ijro etuvchi apparatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 32 yilligi bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Uyushma ijro etuvchi apparati hamda “O‘zqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi, “Tog‘-geologiya jamlama ekspeditsiyasi” MCHJ, “O‘zbuildinvest” MCHJ xodimlari ishtirok etgan bayram tadbiri g‘oyat qiziqarli va sermazmun bo‘ldi.

2-17-11-2023.jpg

Tadbirda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Boshqaruvi raisining ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, texnika fanlari doktori, professor Azizbek Baxodirov O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlashi, mustaqillikning muqaddas ramzlaridan biri –Davlat bayrog‘i har bir yurtimiz fuqarosi uchun aziz ekanligini ta’kidladi. O‘zida juda katta ma’no-mazmunni mujassam etgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, butun O‘zbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni, ajdodlar yodi hamda millat g‘ururini mujassam etgan bayrog‘imiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovor ekanligini aytib o‘tdi.

Bugun milliy bayrog‘imiz davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda. Ayniqsa, xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizdan g‘ururlanamiz.

3-17-11-2023.jpg

Tadbirda shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Jahon adabiyoti” jurnali she’riyat bo‘limi muharriri Davron Rajab ishtirok etdi.

“Bir tomchi yulduz”  “Baxt shamollari” , she’riy kitoblari, “Baxt va boylik siri” psixologik publitsistika  asarlari muallifi, jahon adabiyotining ko‘plab asarlari va she’riy to‘plamlarini o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimon, 2020 yil Toshkent viloyati “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘olibi, grafik rassom Davron Rajab davlatimizning ramzlaridan biri-Davlatimiz bayrog‘iga to‘xtalib, har bir o‘zbekistonlik uchun ushbu muqaddas timsol, jahon hamjamiyatiga O‘zbekistonni va millatimizni tanitishda g‘oyat katta o‘rin egallashini ta’kidladi.

Shoir o‘zining vatanparvarlik tuyg‘ularini tarannum etuvchi she’rlaridan tadbir ishtirokchilariga o‘qib berdi hamda qiziqtirgan savollarga yorqin misollar bilan javob qaytardi.

Tadbirda davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsoli ekanligini barcha qatnashchilar chin ko‘ngildan e’tirof etdilar.

Tadbir so‘nggida Uyushma ijro etuvchi apparati hamda uning tizimidagi tashkilotlar mehnat jamoasi a’zolari davlatimiz bayrog‘i to‘g‘risida o‘zlarining samimiy dil izhorlarini bildirdilar.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech