O‘tgan 9 oyda Tojikistonga 42,6 mln dollarlik qurilish materiali eksport qilingan

News image

Bugun AOKAda "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov qurilish materiallarini eksport qilish yo‘nalishidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2021 yilda soha korxonalariga 270 mln dollar miqdorda qurilish materiallari va xizmatlarini eksport qilish reja ko‘rsatkichlari belgilangan (bu 2020 yil prognoz ko‘rsatkichlaridan 135% ko‘p demakdir). Jumladan, yanvar-sentabr oylari uchun 178,6 mln dollar miqdorida eksport qilish rejalashtirilgan edi. Joriy yil 9 oyligi yakuni bo‘yicha olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra tarmoq korxonalari tomonidan 287,8 mln dollar miqdorida qurilish materiallari va xizmatlari eksporti amalga oshirilib, belgilangan reja 161,1 foizga bajarildi. Bu 2020 yil joriy davriga nisbatan 141 foizga yoki 84,0 mln dollarga ko‘p demakdir.

Yuqoridagi eksport ko‘rsatkichlar 47,3 mln dollarlik keramik plitka va keramika buyumlari, 27,4 mln dollarlik alyumin profil va panellar, 53,5 mln dollarlik PVX profil, truba va fitinglar, 18,3 mln dollar keramik g‘ishtlar, 19,4 mln dollarlik sement, 6,7 mln dollarlik gipsokarton, 4,2 mln dollarlik quruq qurilish qorishmalari, 6,1 mln dollarlik gulqog‘oz, 1,3 mln dollarlik tabbiy pardozbop toshlar kabi qurilish materiallar eksport qilish hisobiga erishildi.

E’tiborli jihati, aksariyat qurilish materiallar bo‘yicha tarmoqda yangi quvvatlarni yaratilishi va modernizatsiya qilinishi, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi, hamda yangi korxonalarni eksportga jalb qilinishi hisobiga ba’zi turdagi qurilish materiallari eksportini 2020 yil shu davriga nisbatan bir necha barobarga oshirishga muvaffaq bo‘lindi. Misol uchun, 2020 yilga nisbatan keramik plitkalar 2,6 barobarga, gulqog‘oz 2,2 barobarga, tabiiy pardozbop toshlar 5,6 barobarga, oyna mahsulotlari 2,6 barobarga ko‘p eksport qilindi.

Joriy yilning o‘tgan hisobot davrida qurilish materiallari eksporti geografiyasi an’anaviy hisoblangan bozorlar ya’ni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmanistondan tashqari Afg‘oniston, Rossiya, Litva, Turkiya, Ukraina, Ozarbayjon, Xitoy va Eron davlatlari hisobiga kengaytirildi.

Qurilish materiallarining asosiy eksport bozorlari bo‘lib qo‘shni respublikalar bozorlari hisoblanib, ushbu davlatlarning umumiy eksportdagi ulushi qariyb 71 foizni tashkil etmoqda. Xususan, davlatlar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Qozog‘istonga – 85,0 mln dollarlik, Qirg‘izistonga – 43,4 mln dollarlik, Tojikistonga – 42,6 mln dollarlik, Turkmanistonga – 8,6 mln dollarlik, Afg‘onistonga – 7,4 mln dollarlik, Rossiyaga – 21,6 mln dollarlik, Litvaga – 12,1 mln dollarlik, Turkiyaga – 6,3 mln dollarlik, Ukrainaga – 7,5 mln dollarlik, Ozarbayjonga – 2,7 mln dollarlik qurilish materiallari eksporti amalga oshirilgan.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech