O‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati va majburiyati har soniyada mavjud

News image

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir million kishi so‘zlashishi kerak.

Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir. O‘zbek tili ham mana shu 250 ta tilning ichida ekani, hozir dunyoda 50 milliondan ortiq kishi o‘zbek tilida gaplashayotganligi quvonarli, albatta.

So‘nggi yillarda ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.

O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashkilotchiligida nafaqat respublikamizda, balki jahon miqyosida o‘zbek tilining rivojlanishi bo‘yicha jadal va samarali sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining 20-moddasiga ko‘ra, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin. Mazkur qonunning 21-moddasiga asosan korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulot davlat tilidagi va boshqa tillardagi yorliqlar, yo‘riqnomalar, etiketkalar bilan ta’minlanadi.

O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasi tizimida bugungi kunda 158 ta korxona birlashgan bo‘lib, ularda 22 ming nafardan ziyod xodim faoliyat yuritmoqda. Respublikamizda 180 turdan ortiq qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda. Tizimda davlat tili haqidagi qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etish, davlat tilida ish yuritishni to‘liq ta’minlash, mutaxassislar bilan hamkorlikda qurilish materiallarining nomlanishini xalqimizga tushunarli va bir xilda qo‘llash bo‘yicha aniq vazifalar mavjud.

Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada, avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir.

Bu masalada davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qator farmon va qarorlar, hukumat qarorlari qabul qilindi hamda 2030 yilgacha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ayniqsa, o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu ishlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur tarixiy hujjatga binoan 2020 – 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konseptsiyasi tasdiqlanganligi hamda aniq maqsad va vazifalar belgilab berilganligi bilan ahamiyatlidir.

Ayniqsa, davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga integratsiyalashuvini ta’minlash sohasida 2025 yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030 yilgacha esa ushbu ko‘rsatkichni 25 taga yetkazish, dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari va elektron lug‘at dasturlarini yaratish, xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish belgilanganligi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish maqsadida keng va teng imkoniyatlar hamda ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘zbek va qoraqalpoq tillarining davlat tili sifatida muomalada bo‘lishiga teng sharoit va qulayliklar yaratilishi belgilab qo‘yilganligi ikki xalq uchun ham keng imkoniyatdir.

Ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri mamlakat hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishiladi. Davlat organlari va tashkilotlari rahbar xodimlariga davlat tilini talab darajasida bilish va unga hurmat bilan munosabatda bo‘lish majburiyati yuklanadi. Barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish salohiyatiga ega bo‘lgan malakali kadrlar faoliyat ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz hududida istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish uchun keng va teng, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning etno-madaniy va til o‘zligini saqlab qolish, ularda o‘zbek madaniy an’ana va qadriyatlariga hurmat shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Ayni paytda respublikamizning davlat tili – o‘zbek tilining tom ma’noda mamlakatimiz fuqarolarini, millatidan qat’iy nazar, birlashtiruvchi umumxalq qadriyatiga aylantirish, uning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi hamda xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirishda har bir fuqaro daxldordir.

Har birimizda boshqa jabhalarda bo‘lgani kabi davlat tili to‘g‘risidagi qonun hamda qonunosti hujjatlariga qat’iy rioya etish orqali o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati va majburiyati har soniyada mavjud.

Egamnazar ASTANOV,
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga
rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha
rais maslahatchisi.

Manba: O‘zA

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech