O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati: kecha va bugun

News image

O‘zbek halqiga, millatimizga berilgan ta’riflar orasida bunyodkor degan so‘zni ko‘p eshitamiz, ishlatamiz. Darhaqiqat bunyodkorlik, qurilish qilish qonimizda bor desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kundagi bunyodkorlik jarayoni esa sifatli qurilish mahsulotlarini talab qilmoqda. Sifat esa raqobat degani. Shu bois, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, shuningdek, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan qurilish materiallari sanoatidagi tarkibiy o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirish davr talabi. Mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. Yangi uy-joylar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda. Tabiiyki, bunday katta hajmdagi ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishida qurilish materiallariga bo‘lgan talab ortadi. Shu bois, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, yangi turdagi, energiya tejamkor qurilish materiallar ishlab chiqarish, sohaga investorlarni keng jalb qilish orqali yirik loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Buning natijasida esa sohada jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi.

1.jpg

Ayni kunda yurtimizda 13 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yillarda 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 180 tadan oshib ketdi. Ta’kidlash joiz, qurilish sohasi xususan qurilish materiallarini ishlab chiqarishga investitsiyalarni keng jalb etish orqali mahsulot turlarini ko‘paytirish va sifatni oshirishga, eng muhimi bugungi kundagi ustivor vazifa aholini ish bilan ta’minlash kabi vazifalarni bajarish mumkin.

2.jpg

Albatta kiritilayotgan sarmoya tufayli mahsulotlar sifati oshsa nafaqat yurtimiz balki xorij bozorlariga ham kirib zborish imkoniyati kengayadi. Zero bugungi globalizatsiya davoridagi talab ham shuday. Paxtasiyu tillasi, oziq ovqat mahsulotlari bilan mashhur bo‘lgan O‘zbekistonning qanday qurilish mahsulotlari eksport qilinayapti degan savol tug‘ilishi tabiyi. Ma’lum bo‘lishicha, Eksport tarkibini - keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, gulqog‘oz, quruq qurilish aralashmalari, pishgan g‘isht, tabiiy toshdan yasalgan pardozbop plitalar, ohak, polipropilen quvurlar, deraza oynasi, fitinglar va boshqalar tashkil etmoqda.

Ta’kidlash joiz, Respublikada oxirgi 4 yilda amalga oshirilgan loyihalar natijasida, bugungi kunda keramik plitka, gipsokarton, shifer, sement, ohak, bazalt armaturasi, temir-beton mahsulotlari, bezakli oyna, devorbop va noruda materiallar kabi asosiy turdagi qurilish materiallari bo‘yicha ichki talabni to‘liq qoplash va eksportga ushbu mahsulotlarni sotish imkoniga ega bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgan.

3.jpg

4.jpg

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2016 yilda Respublikada qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 6 831,1 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa bugungi kelib bu ko‘rsatkich 22 trln so‘mga yetgan. Ya’ni sohadagi o‘sish sur’ati 2 yarim barobarga yetganini kuzatishimiz mumkin. Xususan, 2020 yil maboynida 12,5 mln tonna sement (o‘sish 1,7 barobar), 56,5 mln kv metr qurilish oynasi (7 barobar), 18 mln.kv.m keramik plitkalar (124 barobar), 61 mln kv metr gipsokarton (1 barobar), 650 ming dona santexnik buyumlari (5,2 barobar) o‘sishi ta’minlandi.

Eksport hajmi 2016 yilda 55,3 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yil 200 mln dollarni tashkil etdi. Shuningdek, Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlari ham 2016 yilga qaraganda 70 taga ko‘payganini, korxonlar soni ham 12 yarim mingtagacha ko‘payganini ko‘rishimiz mumkin.

Valyuta bozorini liberallashtirilganligi, boshqa davlatlar bilan xamkorlikni kengayganligi va ochiq siyosat olib borilayotganligi, mahalliy va xorijiy investorlarga keng yo‘l ochilganligi, bir qancha imtiyozlar va sharoitlar yaratilib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligi hamda bank sektori rivojlanib, imtiyozli kreditlar ko‘payganligi sababli qurilish materiallari sohasida ham o‘tgan besh yilda katta siljishlar bo‘ldi, hususan 2016 yildan 2021 yilgacha 7385 ta investitsiya loyiha bo‘yicha 5386 mln dollar o‘zlashtirildi:

  • 2016 yilda jami 1985 ta loyiha bo‘yicha 431,2 mln dollar;
  • 2017 yilda jami 2143 ta loyiha bo‘yicha 632,4 mln dollar;
  • 2018 yilda jami 1015 ta loyiha bo‘yicha 1069,6 mln dollar;
  • 2019 yilda jami 1050 ta loyiha bo‘yicha 1412,0 mln dollar;
  • 2020 yilda jami 1192 ta loyiha bo‘yicha 1841,0 mln dollar.

Jumladan, Toshkent viloyatida “Oxangaronsement” AJda 3.0 mln tonna sement, “Gret voll keramiks” MCHJda 3 mln kv m keramik plitka va 200 ming komplek santexnika buyumlari, “Luks granit” MCHJda 2.9 mln kv.m keramogranit, “Ist mayning Invest” MCHJda 500 ming kub m gazobeton bloklari, Xorazm viloyatida “Nyu Best Stayl” MCHJda 750 ming rulon gulqog‘oz, Surxondaryo viloyatida “ Surxon KSP Grand” MCHJda 30 ming kub metr qamishdan DSP va “Surxonsementinvest” MCHJda 360 ming tonna, Jizzax viloyatida “Mega Invest Indastrial” MCHJda 12 ming tonna bazalt toshidan kompozit armaturalar va “Xuaksinsement” MCHJda 1,2 mln tonna sement, Sirdaryo viloyatida “Ekostoun” MCHJda 687 ming kv m aglomerat plitalar, Farg‘ona viloyatida "EKOKERAMA" MCHJ da 500 ming dona santexnik buyumlar va “Farg‘ona Yasin qurilish” MCHJda 800 ming tonna sement, Namangan viloyatida “Namangansement” MCHJda 750 mingg tonna sement va “Flat tayl” MCHJda 3.0 mln kv metr keramik plitka, Toshkent shaxrida “Pergament Kvoliti Eksklyuziv” MCHJda 2.45 mln rulon gulqog‘oz va “Oriyent keramik” MCHJda 3.5 mln kv m keramik plitkalar, Buxoro viloyatida “Knauf Gips Buxara” XKda 7.5 mln kv m gipsokarton (kengaytirish) va “G‘ijduvon Mashhurasi” MCHJda 600 ming kv m yog‘och-polimer kompozit panellar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Qoraqalpoqsement” MCHJda 450 ming tonna sement, “Titansement” MCHJda 250 ming tonna sement, “Dey Plast Nukus” MCHJda 100 ming tonna ohak va “Barxan Silikat” MCHJda 20 mln dona silikat g‘ishtlar kabi qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Shuningdek, 2021 yilda ham tasdiqlangan Investitsiya dasturiga asosan qurilish materiallari sohasida umumiy qiymati 3 829,1 mln dollar bo‘lgan 175 ta yirik istiqbolli loyihalar bo‘yicha 1 466,7 mln dollar o‘zlashtirish belgiloangan. Bundan tashqari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida ham investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

5.jpg

Xususan, Buxoro viloyatida "G‘ijduvon Mashhurasi" XKda 2 mln kv m parket pollar, Toshkent viloyatida "ANGREN INSULATION" MCHJ QKda kvars qumidan issiqlik saqlovchi mineral plitalar va "Sanfa Engineering" MCHJda 2,5 mln kv m linoleum, Surxondaryo viloyatida “Surxon KSP Grand” MCHJda 150 ming kub m qamishdan DSP va "Home Master" MCHJda 15 mln kv m gipsokarton listlari va 150 ming tonna quruq qurilish aralashmalari, Toshkent shaxrida "Monolith Asia" MCHJ QKda 20 ming tonna payvandlash elektrodlari, Farg‘ona viloyatida “Kvars” AJda 22 mln kv m float oyna, Namangan viloyatida "Flat Tile" MCHJda keramogranit va metallogranit plitkalar kabi qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi.

Yana bir jihatga e’tiborni qaratamiz, keyingi yillarda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Tarmoqdagi har bir korxona faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, mahsulotlar sifatini oshirish, energiya tejamkor, innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish hisobiga tannarxni pasaytirish bo‘yicha topshiriq berildi. Korxonalarda “raqamli texnologiyalar”ni qo‘llash, inson hayoti uchun xavfli jarayonlarda avtomatizatsiya darajasida oshirildi. Qurilish materiallari sohasida yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish, bunga xorijiy investorlarni keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchi xorijiy davlatlar qurilish sohasining rivojlanish tendensiyasidan kelib chiqib, yangi qurilish materiallarini o‘zlashtirish va sohaga innovatsiyani jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilda mamlakatimizda shu kungacha ishlab chiqarilmagan: gazobeton bloklari oboy, keramogranit, quyma pol, 600 markali sement, geosetka, penoblok, shisha kristallit, kompozit qurilish materiallari va DSP ishlab chiqarish o‘zlashtirilmoqda. Lekin bu bilan to‘xtab qolish kerak emas, yurtimizning drayver sohalaridan biri bo‘lgan qurilish mahsulotlari sohasining bugungi kundagi tendensiyalari, uning O‘zbekiston iqtisodiyotida tutgan o‘rni ham katta. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi izlanishlar va rivojlanishlar jarayonlarini davomiy tarzda amalga oshirish ham katta vazifa va ma’suliyat hisoblanadi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech