- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi
27 Aug 2024
210
O‘zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida Sirdaryo viloyatida joylashgan “BS gazobeton” kompaniyasiga OAV vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Unda korxona rahbar va xodimlari, uyushma mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, korxona mutaxassislari tadbir ishtirokchilari uchun taqdimot o‘tkazishdi. Unda korxona rahbari investitsiya loyihalari, quvvati, mahsulot turi va sifati, ishlab chiqarish jarayoni, eksport salohiyatlari haqida to‘liq ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, korxona 2023-yil o‘z faoliyatini boshlagan. Ishlab chiqarish to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, Gollandiya texnologiyasi o‘rnatilgan. Bu yerda yiliga 450 ming metr kub avtoklav gazobeton ishlab chiqariladi. Mahsulot tayyorlashda to‘liq mahalliy xom ashyodan foydalaniladi. Korxonada 150 nafardan ortiq sirdaryolik yoshlar mehnat qilishmoqda. Hozirda ishlab chiqarilgan mahsulotlardan Respublikadagi yirik qurilish maydonlarida foydalanilmoqda. Mahsulot tayyorlash uchun xorijiy va mahalliy yetuk mutaxassislar jalb etilgan. Hozirgi kunda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi qo‘shni mamlakatlarga gazobloklar muntazam ravishda yetkazib berilmoqda.
Press-tur davomida OAV vakillari avtoklav gazobeton bloklarining xususiyatlari, turlari va uning ishlatilishi haqida ko‘rgazma tashkil etildi. Mutaxassislar sinov jarayonlarini amaliy namoiysh etishdi.
– Ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilganimiz boisi jaxon standartlaridagi mahsulotlar ishlab chiqarishga erishmoqdamiz, – deydi korxona direktori Adxam Xamzayev. – Xom ashyoni ilm-fan yutuqlari asosida chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yib mahsulotlar tannarxini pasaytirish va qo‘shilgan qiymat xosil qilish bo‘yicha soha olimlari bilan hamkorlikda ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirda korxonamiz mahsulotlari istagan xorijiy brendlar bilan tenglasha oladi.
Shuningdek, press sayohat ishtirokichlari ishlab chiqarish jarayonlari, qadoqlash jarayoni, ishchi-xizmatlarchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob olishdi.