Poytaxtimiz “Qurilish – UzBuild 2024” xalqaro ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladi

News image

Bugun poytaxtimiz mezbonlik qiladigan “Qurilish – UzBuild 2024” xalqaro ko‘rgazmasi oldidan OAV vakillari uchun PRESS-LANCH tashkil etildi. Unda mutasaddi tashkilot va xorijiy kompaniya vakillari, jurnalistlar va tashkilotchilar ishtirok etishdi.

Dastlab, ko‘rgazma faoliyati, uning tarixi, ishtirokchilar va tadbirlar haqida to‘liq ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga tashkiliy masalalar haqida ham so‘z bordi.

Ta’kidlanishicha, 27-fevraldan 1-martga qadar Poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da 25-Yubiley Xalqaro "Qurilish – UzBuild 2024" ko‘rgazmasi o‘z ekspozitsiyasini namoyish etadi. – Tadbir Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda.

42424242.jpg

Joriy yilgi UzBuild 2024 ko‘rgazmasida 18 mamlakatdan 450 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda. Belarus Respublikasi, Germaniya, Xitoy, Turkiya milliy pavilonlari taqdim etilgan, Rossiya Federatsiyasining bir qator hududlari jamoaviy tarzda ishtirok etmoqda. Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Xitoy, BAA nufuzli delegatsiyalarining tashrifi kutilmoqda. Ko‘rgazma o‘z ekspozitsiyasini «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasining barcha pavilonlarida va ochiq maydonida taqdim etadi.

Ko‘rgazmaning ixtisoslashtirilgan bo‘limi «Qurilish texnikasi va texnologiyalari – BuildTech» - qurilish texnikasi, yo‘l qurilishi uskunalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish va ko‘plab boshqa mahsulotlarning keng tanlovini namoyish etadi.

Ko‘rgazmada shuningdek, 5-Xalqaro qurilish sanoati anjumani – ICCI 2024 bo‘lib o‘tadi. Anjumanda yetakchi kompaniyalar, moliya institutlari vakillari va yirik xalqaro ekspertlar ishtirok etadi. Tadbir nafaqat xorijiy tajriba bilan tanishish, balki qurilish sohasidagi mahalliy loyihalarni potensial investorlar va hamkorlar e’tiboriga yetkazish uchun samarali imkoniyatdir.

OAV vakillari uchun tashkil etilgan tadbirda innovatsion, energiya tejamkor, yangi turdagi qurilish materiallari ham namoyish etilishi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lumki, Davlatimiz rahbarining e’tibori va islohotlari natijasida qurilish materiallari sanoati mamlakat iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylandi. Ishlab chiqarish, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari yil sayin ortib bormoqda. Yangi turdagi innovatsion, energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilgan.

768767866.jpg

Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2016-yilda sohada 8,1 mingta korxona faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 12,2 mingtaga yetdi. Hozirda Respublikada 185 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladi. 2023-yilda 15,5 mln tonna - sement, 38 mln kv metr – qurilish oynasi, 42 mln kv metr – keramik plitka, 87 mln kv. metr – gipsokarton, 2,8 mln o‘ram – oboy, 200 ming tonna – tabiiy pardozbop toshlar tayyorlandi. Shuningdek, o‘tgan yilda yangi turdagi, energiya tejamkor qurilish materiallaridan 900 ming metr kub gazobeton, 5,5 mln kv. metr linoleum, 38 tonna smesitel, 75 ming tonna issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan 5-yil davomida tarmoqda investitsiya jalb qilish, xususan, xorijiy investitsiyalarni yo‘nalishtirish 2,1 barobarga ortdi. Asosan, mamlakatimizdagi qurilish materiallari sanoatiga Xitoy, Rossiya, Turkiya, Eron, Qozog‘iston kabi davlatlardan investorlar qiziqishi ortmoqda. Birgina 2023-yilning o‘zida 2,0 mlrd dollarlik 420 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Natijada, yangi quvvatlar yaratildi, import o‘rnini bosuvchi, yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Eng muhimi 14200 ta ish o‘rni yaratildi. Qurilish materiallari sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari yetakchi sanaladi.

Hozirda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan made in Uzbekistan yorlig‘i ostidagi qurilish materiallariga nafaqat qo‘shni davlatlarda balki Yevropa va Osiyo mintaqasida ham talab oshmoqda. O‘tgan 5-yil davomida eksport hajmi deyarli 4,7 barobarga oshdi. 2016-yilda 60 mln dollarlik qurilish materiallari 23 ta mamlakatga eksport qilingan bo‘lsa, 2023-yilda 654 mln dollarlik mahsulotlar 58 ta davlatga yetkazildi.

Yana bir ma’lumot, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan hukumat topshirig‘iga ko‘ra, qurilish materiallari eksportini yanada oshirish maqsadida bir qator davlatlarda savdo uylarini ochish ko‘zda tutilgan edi. 2023-yilda dastlabki “made in Uzbekistan” savdo uyi  Ozarbayjon davlati poytaxti Boku shahrida ochildi. Joriy yilda esa Qozog‘iston, Turkmaniston  va Tojikiston davlatlarida ham ana shunday savdo maskanlarini barpo etish rejalashtirilgan.

Albatta, xorijiy hamkor va bozorlarni izlab topishda mana bunday xalqaro ko‘rgazma va biznes forumlarning o‘rni beqiyos. O‘tgan yillar davomida mahalliy tadbirkorlarimiz Rossiya, Italiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Eron, Tojikiston, Xitoy kabi davlatlardagi xalqaro ko‘rgazmalarda munosib ishtirok etishdi.

Poytaxtimiz har yili mezbonlik qiladigan xalqaro qurilish UzBuild ko‘rgazmasi ham soha rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Yildan yilga ushbu nufuzli tadbirning dovrug‘i ortib bormoqda. Joriy yilgi UzBuild 2024 ko‘rgazmasida 18 mamlakatdan 450 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etayotganligi fikrimiz isboti bo‘la oladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, xalqaro ko‘rgazmada 100 ga yaqin mahalliy kompaniya va korxonalar ishtirok etishmoqda.

Tadbir davomida OAV vakillari ko‘rgazma va qurilish industriyasi haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘liq javob olishdi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech