- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Qurilish industriyasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarga barqarorlik reytingining mazmun-mohiyati tushuntirildi
Qurilish industriyasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarga barqarorlik reytingining mazmun-mohiyati tushuntirildi
6 Feb 2024
204
Bugun poytaxtimizda Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingining mazmun-mohiyatini yetkazish hamda reytingni aniqlash mezonlari bilan tadbirkorlarni tanishtirish maqsadida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, qurilish sohasida faoliyat yurituvchi mahalliy tadbirkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov, Soliq qo‘mitasi raisi Sh.Kudbiyev va Prezident huzuridagi Tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari D.Adilov, “O‘zsanoatqurilish materiallari” uyushmasi boshqaruv raisining maslahatchisi B.Ismailov spiker sifatida ishtirok etishdi.
Tadbirkorlarga qarorning mazmun-mohiyati, barqarorlik reytingi bo‘yicha tadbirkorlarga beriladigan imtiyoz va preferensiyalarni o‘z vaqtida qo‘llanilishi ustidan olib boriladigan nazorat, tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlashda avtomatlashtirilgan platforma haqida ma’lumot berishdi. Shu bilan birga mamlakatimizda kurilish soxasida amalga oshiralayotgan ishlar, soxadagi tadbirkorlarning davlat tomonidan kullab-kuvvatlanishi natijadorligi va yechimini kutayotgan masalalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-yanvardagi VMQ-55-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Barqarorlik reytingi mezonlari mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, agar tadbirkor «AAA» toifadagi reytingga ega bo‘lsa, soliq organlari tomonidan tekshirishlar o‘tkazilmaydi, QQSdan hosil bo‘lgan soliq summasi bir kunda qaytariladi (amaldagi muddat 7 kundan 30 kungacha), QQSdan boshqa soliq turlari bo‘yicha hosil bo‘lgan ortiqcha soliqlar summalari uch kunda qaytarib berish (amalda 10 kundan 15 kungacha) yuzasidan qo‘shimcha preferensiyalar beriladi.
Yana bir rag‘batlantirish – soliq va bojxona organlarida tovarlarni import qilishda vaqtida to‘langan soliqlarni hisobga olish tizimi joriy qilinyapti.
Bungacha bu faqat yirik soliq to‘lovchilar hamda 20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis dasturi doirasi sertifikat olgan korxonaolar uchun amal qilar edi.
Endi reytingi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga ham mazkur tartib tatbiq etiladi. Reytingning asosiy maqsadi tadbirkorlarni ixtiyoriy ravishda qonunchilikda belgilangan me’yorlar bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishiga undashdir.
Soliq qo‘mitasi tomonidan mavjud 23 ta mezon bo‘yicha «Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi» platformasi ishlab chiqilgan. Platforma soliq hisobotlari, to‘langan soliq summalari, subyektning ro‘yxatdan o‘tgan sanasi, boshqa organlardan olingan ma’lumotlar asosida tadbirkorlarning reytingini avtomatik shakllantiradi. Ushbu ma’lumotlar har kuni tadbirkorning shaxsiy kabineti va Savdo sanoat palatasining rasmiy veb saytiga joylashtirib boriladi.
Tadbirkorning qandaydir kamchiliklari bo‘lib, past ball olsa, dastur nima sababdan bunday ball olgani va kamchiliklar qanday bartaraf etilishini ko‘rsatib turadi. Bu shaffof reyting bo‘lib, tadbirkor o‘zi va kontragenti reytingda qancha ball to‘plagani va nima uchun shu ballni olganini ko‘rib turadi.
Reytingning amaliyotda qo‘llanilishi tadbirkorlarning to‘g‘ri ishlashi, rivojlanishiga stimul beradi.
Uchrashuvda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot ham tashkil etildi. Unda mutasaddilar ishbalarmon doira vakillarini qiziqtirgan soliq, bank-kredit, ortiqcha tekshiruvlar bo‘yicha savollariga batafsil javob berishdi.