- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- “Sanoat ipotekasi” dasturi doirasida yangi korxona qurilishiga start berildi
27 Nov 2024
160
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan qurilish sohasining rivojiga alohida e’tibor qaratilib, mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarish muntazam ortib bormoqda. Ayniqsa hududlarda istiqboli bor loyihalar ishga tushayotganligi bois joylarda ish bilan band bo‘lmaganlarni bandligi ta’minlanmoqda. Shu bilan birga mahalliy qurilish materiallaridan qad rostlayotgan zamonaviy majmualar, o‘ziga xos qurilish arxitekturasi asosida bunyod qilingani bilan ajralib turibdi.
So‘nggi yetti yilda qurilish materiallari sohasiga 9 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona foydalanishga topshirilgan, pirovardida 94 mingdan ortiq doimiy yangi ish o‘rinlari yaratilgan.Shuningdek ishlab chiqarish 2 karra o‘sgan, yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan korxonalar soni 150 tadan oshganligi ham mazkur yo‘nalishda bo‘layotgan sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 23-sentyabr kuni qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ayni jihatlar raqamlar tahlil qilinib, yangi tashabbus va vazifalar ilgari surilgan edi.
Topshiriqlar ijrosi yuzasidan , Andijon viloyatida avtoklav gazobetonga bo‘lgan talabni qoplash, ushbu mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida yangi zavod qurish vazifasi yuklatilgan. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati hokimligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamda O‘zsanoatqurilishbank hamkorligida aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi va “ARTON” kompaniyasining mazkur korxona qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Avtoklavlangan gazobeton zamonaviy qurilishda muhim vositalardan biri bo‘lib, bino va inshootlar qurilishidagi sarf-xarajatni kamaytirishi va qurilish ishlari tezligi va sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari avtoklavlangan gazobeton qishda issiq, yozda esa salqin haroratni saqlash xususiyatiga ega. Bu esa o‘z navbatida elektr energiya sarfini 20 foizgacha kamaytiradi. Yangi korxona yiliga 500 ming kub ana shunday tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Uning qulay hududda joylashuvi mahsulotlarni nafaqat ichki bozorga, balkim qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalariga eksport qilish imkonini ham beradi.
Ahamiyatlisi “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan “Sanoat ipotekasi” dasturi doirasida korxonaga 10-yil muddatga 3-yillik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi. Buning natijasida zavod faoliyati Germaniyaning Wehrhahn Gmbh kompaniyasining eng zamonaviy energiya tejovchi uskunalari bilan jihozlanadi. Loyiha qiymati esa 20 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Zavod ishga tushishi bilan 200 nafardan ziyod hudud aholisining bandligi ta’minlanadi.
Mahsulot ishlab chiqarishda deyarli 100 foiz mahalliy xomashyodan foydalaniladi. Bu asosan kvars qumi, ohak, gips, sement xomashyolaridir. Ularning zaxiralari mamlakatimizda bugun yetarli miqdorni tashkil qiladi. Andijonda quriladigan yangi korxona eng so‘nggi zamonaviy uskunalar bilan jihozlanishi bilan rivojlangan mamlakatlarning ana shunday korxonalaridan qolishmaydigan darajada bunyod qilinadi.