Tarmoqning jadal rivoji – mamlakat iqtisodiyoti barqarorligining muhim omili


Ссылка:


2016 yil 25 oktyabr kuni mamlakatimizda qurilish tarmog‘i sohasida tub burilish yasagan muhim huj­jat tasdiqlandi. O‘zbekis­ton Respublikasi Prezidentining «Respublika qurilish materiallari sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaro­ri qabul qilindi. Ushbu qaror bilan qurilish materiallari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, texnologik va texnik qay­ta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish hamda uning eksport salohiyatini oshirish va ularda korporativ boshqaruv xal­qaro standartlarini joriy etishga qaratilgan maqsadlarni amalga oshi­rish «O‘zqurilishmateri­allari» aksiyadorlik jamiyati vazifalari sirasiga kiritildi.

Ta’kidlash joizki, qurilish materiallari tarmog‘i mamlakat iqti­so­diyotining jadal rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratishda aso­siy o‘rinni egallashi kerak. O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonda yangi sanoat ob’ektlari, turarjoylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy-maishiy ob’ekt­larni qu­rish hamda mavjudlarini rekonst­ruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, ularda il­g‘or arxitektura va zamonaviy, yuqo­ri texnologiyali qu­rilish materiallari qo‘llanildi. Bugun qu­rilish ma­teriallari ishlab chiqa­rish­ni ken­gaytirish va sohada bar­qaror narxlarni o‘rnatishning dolzarbligi va strategik ahamiyati Tashkent City va Samarkand City zamonaviy ishbilarmonlik markazlari, Nurafshon shah­ri, Toshkent xal­qaro aeroporti, Toshkent halqa yo‘li, Yunusobod metro liniyasi, yo‘l o‘tkazgichlar, namunaviy va xizmat turar joylari, kam ta’minlangan oilalar uchun uylarning qurilishi bilan cham­barchas bog‘liq.

Ekspertlar tomonidan barcha qu­rilish ishlarining umumiy qiyma­tida qurilish materiallari qiyma­tining ulushi qariyb 60 foizni tash­kil etishi hisoblab chiqilgan. Yil sayin qurilish sur’atining oshib borishi qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishni taqozo etmoqda. Bunda qurilish materiallari sifatli va arzon bo‘lishi muhim sanaladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda. Qurilish­da foydalaniladigan materiallarning 95 foizi aynan mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotganligi mamlakatimiz qurilish materiallari industriyasining rivojlanib borayotganligining yaqqol dalili. Ma­halliy qurilish korxonalarida sement, shifer, asbotsement quvurlar, gips, ohak, yumshoq tom, quruq quri­lish aralashmalari, bitum mastika, shisha mahsulotlar, keramik cherepitsa, yog‘och-qirindi plitalari, gidroizolyatsiya va noruda materiallar, marmar, granit va boshqa turdagi ta­biiy toshlar, devor materialla­ri, elektrodlar ishlab chiqarilmoqda.

Sohadagi ijobiy o‘zgarishlar sha­haru qishloqlarda qad rostlayotgan binolarning mustahkamligini, qu­ri­layotgan uy-joylarning aholi uchun hamyonbop bo‘lishini ta’minlashga xiz­mat qilmoqda. Biroq, faoliyat barcha sohalarining isloh qilinishi tarmoqni yangilash va modernizatsiya qilish zaruratini ham taqozo etmoq­da. Energiya tejovchi va zilzilabardosh innovatsion materiallar ishlab chiqarilib, qurilishda qo‘llanilayot­ganligi ushbu tarmoqning rivoj topib borayotganini ko‘rsatadi. Ushbu tarmoq katta zaxiraga ega bo‘lib, ular­dan oqilona va samarali foydalanish sohani rivojlantirishning keyingi istiqbollarini belgilab beradi.

Shu o‘rinda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasining rivojlanish ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratish joiz. Masalan, 2017 yilda «O‘zqurilishmateriallari» AJ tarkibiga kirgan korxonalar tomonidan 3,5 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi, bunda o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 108 foizni tashkil qildi. Agar 2016 yilda 120 turdagi qurilish ma­teriallari ishlab chiqarilgan bo‘l­sa, 2017 yilda ushbu ko‘rsatkich 180 turdan oshib ketdi. 2017 yilda sement – 7768 ming t yoki 124,8%, devor materiallari – 74 mln. dona yoki 106,2% mahsulot ishlab chi­qarildi. 2018 yil yakunlariga ko‘ra 4,6 trln. so‘m miqdo­ridagi qurilish-sanoat mahsulot­lari ishlab chiqarish va o‘sish sur’ati 104 foizni tashkil etishi kutil­moqda. Joriy yilning 9 oyi ichida 3,5 trln. so‘mdan ortiq hajmdagi qu­rilish materiallari ishlab chiqa­rildi va o‘sish sur’ati 2017 yilning shu davriga nisbatan 102,2 foizni tashkil qildi.

Iqtisodiyotning har bir tarmo­g‘ida bo‘lgani kabi qurilishda ham investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Yurt­boshimizning 2018 yil 1 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida inves­titsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni investorlarni qo‘llab-quvvat­lash va ular faoliyati uchun sharoit yaratishda muhim qadam bo‘ldi. Bozor munosabatlari, ichki va tashqi bozordagi raqobat investitsiya loyiha­larini amalga oshirishda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va mahsulotning yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni taqa­zo etadi. «O‘zqurilishma­teriallari» AJda «yo‘l xaritalari» ishlab chi­qilib, investitsiya loyiha­larini amalga oshirishni ta’minlash uchun mas’ul shaxslar va muayyan muddatlar belgilanmoqda. Har bir loyiha bo‘­yicha tarmoq grafiklari tasdiq­lanadi.

O‘tgan yili keramik plitka, santexnika mahsulotlari, keramogranit, sendvich-panellar, yumshoq tom materiallari, kompozit armatura, su­yuq gulqog‘ozlar, issiqlikni o‘tkazmaydigan materiallar kabi o‘ndan ortiq yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 dekabrdagi Investitsiya dasturiga muvofiq 2017 yilda 72,4 mln. AQSh dollari qiyma­tidagi mablag‘larni o‘zlashtirish, shu jumladan, 15,3 mln. AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish hi­sobidan 13 ta loyihani amalga oshirish, 38,1 mln. AQSh dollari qiyma­tidagi to‘rtta ob’ektni foydalanishga topshirish va 217 ta yangi ish o‘rnini yaratish nazarda tutilgan edi. Yakunda amalda 73,3 mln. AQSh dollari o‘zlashtirildi, bu prognozga nisbatan 101,3 foizni tashkil qi­ladi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi «Termizta’minoti» XKda g‘o‘za­poyadan yog‘och-qirindi plitalari ish­lab chi­qarish, «Ohangaronsement» AJda tex­nologik liniyani modernizatsiya qilish, «Fruits Season Navoiy» MChJda yiliga 60 ming kub. m quvvat­ga ega bo‘lgan noruda qurilish materiallarining turli fraksiyalarini ishlab chiqarish hamda «Qizilqum­sement» AJda o‘rtacha maydalash konusli maydalash mashinasini o‘rnatgan holda ikkilamchi maydalash tizimini modernizatsiya qilish in­vestitsiya loyi­ha­lari amalga oshirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev «Asosiy maqsadimiz – mamlakatimizning rivojlanishini, xalqimiz farovonligini ta’minlashdan iborat» deya ta’kidlaydi. Buning uchun avvalo, iqtisodiyot raqobatbardosh bo‘lishi, mahsulot esa o‘zimizda ishlab chiqarilishi kerak. Ushbu maqsad­da mahalliylashtirish dasturlari ishlab chiqilmoqda. Mahalliylash­tirish dasturlari ishlab chiqaruv­chilar o‘rtasida kooperatsion aloqa­larning rivojlanishiga xizmat qi­lib, mahsulot sifati oshishiga va import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar assortimenti kengayishiga xizmat qilmoqda. 2017 yil yakunlariga ko‘ra mahalliylashtirish dasturlariga muvofiq «O‘zqurilish­materiallari» AJ tomonidan 103,2 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chi­qarildi, bu prognozga nisbatan 136,8 foizni tashkil qiladi. Keramikadan tayyorlangan santexnika, qirqiladi­gan tozalash abraziv doiralar, kompozit armatura, elektr cho‘tkalar, kaprolon mahsulotlari yangi texnologiya – 3D printerni qo‘llagan holda qoplama keramik plitka ishlab chi­qarish shular jumlasiga kiradi.

Avval chetdan keltiriladigan mah­sulot turlarini o‘zimizda ishlab chiqarish va shu tariqa, import haj­mini qisqartirish, tarmoqlar­aro sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hisobidan 39,4 mln. AQSh dollari (prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 135,3%) miqdoridagi valyuta mablag‘­lari tejaldi.

Joriy yilda «O‘zqurilishmate­riallari» AJda 120,3 mln. AQSh dollari qiymatidagi kapital qo‘yil­ma­larni o‘zlashtirgan holda sakkizta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 19 iyuldagi «2018–2019 yillarda investitsiyaviy va infratuzilmaviy lo­yihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga oid qo‘­shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»­gi qarorida nazarda tutilgan. 2018 yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra 78,7 mln. AQSh dollari qiymatidagi investitsiyalar o‘z­lashtirildi, bu prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 120,8 foizni tashkil qiladi.

Mahalliylashtirish dasturlariga muvofiq 2018 yilda 132,5 mlrd. so‘m qiymatidagi mahsulot ishlab chiqarish kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich­ga erishish qiyin bo‘lmaydi, chunki joriy yilning 9 oyida 115,9 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, bu prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 2,7 marta ko‘pdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 sentyabrdagi qarori bilan 2016–2020 yillar mobaynida umumiy qiymati 1,23 mlrd. AQSh dollarini (shu jumladan: o‘z mablag‘lari – 307,3 mln. doll., bank­lar kreditlari – 313,4 mln. doll. va jalb eilgan xorijiy investitsiyalar – 609,4 mln AQSh dollari) tashkil qiladigan 80 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Amalda 2016 yilda 160,4 mlrd. AQSh dollari umumiy qiymatidagi 37 ta loyiha amalga oshirildi, shundan o‘z mablag‘lari 93,6 mln. AQSh dollarini, kredit moliyaviy mablag‘lari 44,1 mln. AQSh dollarini va xorijiy investitsiyalar 22,7 mln. AQSh dollarini tashkil qildi. 2017 yilda 23 ta loyiha amalga oshirilib, 108,4 mln. AQSh dollari qiymatidagi kapital qo‘yil­malar o‘zlashtirildi. Ushbu vazifani bajarish maqsadida 2018 yilda «O‘zqurilishmateriallari» AJ tomonidan 207,3 AQSh dollari qiyma­tidagi 15 ta loyiha amalga oshirilishi kerak edi. Amalda o‘tgan 9 oy mobaynida rejalashtirilgan moliyaviy mablag‘larning 89,3 foizi o‘zlashtirildi, bu 185,1 mln. AQSh dollarini tashkil qiladi.

Tashqi bozorda korxonalarimiz mahsulotlariga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘izis­ton, Turkmaniston bozorlarida korxonalarimiz tomonidan ishlab chi­qa­rilayotgan keramik plitka, santexnika, quruq qurilish aralashmalari, gipsokarton, pishiq g‘isht, tabiiy toshdan qoplama mahsulotlar, ohak, polipropilen quvurlar, fitinglarga talab ortib bormoqda. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, qurilish materiallari eksporti 113,1 mln. AQSh dollarini tashkil qildi. 2018 yilda 55 mln. AQSh dollari qiymatidagi mah­sulotlarni eksport qilish ko‘zda tutilgan. O‘tgan 9 oyda eksportning ha­qiqiy hajmi 40 mln. AQSh dollarini yoki prognozga nisbatan 100,4 foizni tashkil qildi.

Korxonalarda eskport nomenklaturasi va geografiyasini kengaytirish ishlari davom etmoqda. Joriy yilda eksport qilinadigan tovarlar assortimenti 40 nomdan 45 nomgacha oshdi. Yangilangan ro‘yxatdan ilgari eksport qilinmayotgan santexnika va keramik plitka tarlari, asbest mah­sulotlari, sement va me’moriy oyna joy oldi. Mahsulotlarimizni import qiluvchi mamlakatlar qato­riga Tojikiston va Afg‘oniston qo‘­shildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro foydali ham­korlikni o‘rnatish doirasida turli qurilish materiallari namunalari Pokistonning yirik «Baxriya­Taun» kompaniyasiga, pardozlash toshlari namunalari Belorus korxonalariga, bazalt tosh namunalari Hin­diston kompaniyalariga yubo­rildi.

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchi­larining faoliyatini rag‘batlan­tirishga doir yangi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Qurilishni faol­lashtirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, qat’iy tejash rejimini joriy etish, texnologik ja­rayonlarni ratsionallashtirish, ishlab chiqarishning material sarfini va energiya sarfini kamaytirish yo‘li bilan ishlab chiqarish xarajatlarini keskin qisqartirish hiso­bidan tarmoqning raqobatbardosh­ligini yanada oshirish dolzarb vazifalar sirasiga kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Pre­zidentining qaroriga muvofiq o‘tkazilgan texnik audit asosida «O‘zqu­ri­lishmateriallari» AJ korxonalarida umumiy qiymati 9 mln. AQSh dollarini tashkil qiladigan 51 ta ma’naviy va jismoniy eskirgan texnikani zamonaviy, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan asbob-uskunalarga almashtirish va yangilash nazarda tutilgan. 2017 yilda 6 ta korxonada 9,8 mln. AQSh dollarini o‘zlashtirish hisobidan 52 ta asbob-uskuna almashtirildi va yangilandi, 2018 yilda 15,7 mln. AQSh dollari qiymatidagi 35 ta asbob-uskunani yangilash ko‘zda tutilgan. Joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra 11 ta asbob-uskuna modernizatsiya qilin­di, asbob-uskunalarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash bo‘yicha amalga oshirilgan loyiha­larning umumiy qiymati 5,7 mln. AQSh dollarini tashkil qildi.

Tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish xarajatlarini qisqarti­rish maqsadida mahsulot tannarxini bir yilda o‘rtacha 8,1 foizga pasaytirish jamlama parametrlari tasdiqlangan. Umuman olganda, 2017 yilda «O‘zqurilishmateriallari» AJ faoliyatida yangi samarali texnologiyalarni, shu jumladan, energiya va resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobidan 109,5 mlrd so‘mlik mahsulotning tannarxi pasaytirildi.

Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017–2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarorini bajarish yo‘lida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashga doir tashkiliy-texnik tadbirlar ishlab chiqi­lib, tasdiq­landi. Ishlab chiqarish­ning energiya sarfini kamaytirish maqsadli parametrlari 3,8 foiz da­rajasida belgilandi. Shu bois 2017 yil yakunlariga ko‘ra 27,6 mln. kub. m tabiiy gaz, 27,9 mln kVt/ch elektr energiyasi va 215,7 tonna neft mahsulotlari tejaldi. 2017 yilda energiya sarfini rejalashtirilgan darajada kamaytirishga erishildi.

Har qanday soha rivoji yetuk va bilimli kadrlarga bog‘liq. Yosh mutaxassislarning faol bo‘lishga, innovatsion g‘oyalar, loyihalar va texnologiyalarni joriy etishga va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi bandligini ta’minlashga intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash siyosati o‘z mevasini bermoq­da. Bugungi kunda tar­moq korxonalarida zamonaviy va ilg‘or bilimlarni egallargan yuqori malakali mutaxassislar meh­nat qilmoqda.

Ish bilan ta’minlash ko‘rsatkich­lari ham ijobiy dinamikaga ega: 2017 yilda 1467 nafar kishi ishga joylashtirildi, 2018 yilda 1468 ta yangi ish o‘rni, shu jumladan, investitsiya dasturlarini amalga oshirish hisobidan 178 ta ish o‘rni, tarmoqni rivojlantirish dasturini amalga oshirish hisobidan 1213 ta ish o‘rni va kasanachilikni rivojlantirish dasturini amalga oshirish hisobidan 77 ta ish o‘rni barpo etildi. Joriy yil boshidan buyon o‘tgan 9 oy mobaynida 831 ta yangi ish o‘rni barpo etildi, bu prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 104,7 foizni tashkil qiladi.

Hozirgi vaqtda qurilish materiallari tarmog‘i iqtisodiyotning eng istiqbolli va jadal rivojlanib borayotgan yo‘nalishlaridan biri si­fatida e’tirof etilar ekan, uni mustahkamlash – O‘zbekiston sanoatini rivojlantirish strategiyasining muhim asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Temur Muxamedjanov,
«O‘zqurilishmateriallari» AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari


Файл
Yuklab olish
Hajmi: 315.63 KB

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech