O'zbekiston Milliy matbuot markazida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan matbuot anjumani



2020 yilning 24 noyabr' kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan Matbuot anjumani

PRESS-RELIZI

 

Yurtimizda so‘nggi yillarda qurilish materiallari sanoati sohasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Qabul qilingan qator davlat dasturlari, sohani yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident farmon va qarorlari, ularning ijrosini ta’minlash, shuningdek, sohada olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarorlari shular jumlasidandir. Natijada yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi PQ-4198-sonli va 2019 yil 23 maydagi PQ-4335-sonli qarorlari qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish istiqbollari va strategiyasini belgilab berdi.

Xususan, 2019-2020 yillarda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshida Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashiga 10 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 42 ta innovatsion loyihalar Kengashda ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan va o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra umumiy moliyaviy hajmi 10,6 mlrd. so‘mlik 8 ta innovatsion loyihalar ilmiy-texnikaviy kengashda ijobiy baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etildi. Ushbu innovatsion loyihalar orqali energiya tejamkor, atrof-muhitga yetkaziladigan zararni minimallashtiradigan, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishga joriy etilmoqda.

Sohadagi tub islohotlar natijasida, mahsulot ishlab chiqarish jarayonlariga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilishga, ayniqsa mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayoni texnologikligini oshirishga, yangi loyihalarni amalga oshirishda eng zamonaviy innovatsion uskuna va jihozlardan foydalanishga katta e’tibor qaratilayotganligi tufayli 2020 yilda 22 trln. so‘mlik (misol uchun, 2016 yilda 6,8 trln so‘mlik) mahsulotlar ishlab chiqarish kutilmoqda yoki 2016 yilga nisbatan o‘sish dinamikasi 3,2 baravarni tashkil etgan. Xususan: sement – 14,5 mln tonna yoki 168 foiz, qurilish oynasi – 23 mln kv m yoki 181 foiz, keramik plitka – 41,5 mln kv m yoki 4,3 baravar, gipsokarton – 61 mln kv m yoki 2,1 baravar, oboy (gulqog‘oz) – 2 mln o‘ram yoki 89 baravarga oshgan.

Sifatli va xavfsiz yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga joriy qilish maqsadida qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha 340 ta xalqaro standartlar 2019 yilda qabul qilindi, 2020 yilda 542 ta va 2021 yilga 505 ta xalqaro standartlar rejaga muvofiq qabul qilinmoqda hamda bu bilan birga xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashuv darajasi oshirilmoqda.

Joriy yilning 12 oktyabr sanasida Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatimizda intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalarni, jumladan 2021-2022 yillarda eksport ulushi umumiy tovar aylanmasida 60 foizidan ortiqni tashkil etuvchi eksportyor-tadbirkorlik sub’ektlari uchun tovar belgilarini bepul ro‘yxatdan o‘tkazib berish, joylarda barcha rahbar va mutasaddilar intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish va u orqali ishlab chiqarish, shu jumladan qurilish materiallari sanoati sohasi rivojini ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni joriy qilish orqali ta’minlash, milliy brendlar sonini oshirish kabi muhim vazifalarni belgilab berildi.

Prezidentimiz qarorlarida belgilab berilgan keng ko‘lamli vazifalar ijrosini ta’minlash va soha oldida turgan eng dolzarb muammolarning yechimini taklif etish bo‘yicha tizimli ishlar davom etdirilmoqda.


Press-relizlar
Yuklab olish
Hajmi: 131.48 KB

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech