Mahalla faollarining takliflari asosida mutasaddilarga topshiriqlar berildi

News image

Davlatimiz rahbari joriy yilning 31-may kuni Chirchiq daryosi bo‘yini obodonlashtirishga oid loyiha taqdimoti bilan tanishgan edi.

Daryoning Toshkent shahridan o‘tgan qismi 16 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofada o‘zanni qisqartirib, turli infratuzilma ob’ektlari barpo etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda Ohangaron va Bektemir ko‘chalari oralig‘idagi 5 kilometr tartibga keltirilmoqda.

Prezident bu yerdagi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Bu qismdagi ishlar 2021-2022-yillarda amalga oshiriladi. Natijada 34 gektardan ziyod maydon hosil bo‘ladi.

Loyiha to‘rt bosqichdan iborat. Ikkinchi bosqichda yana 5 kilometr, uchinchisi va to‘rtinchi bosqichlarda 3 kilometrdan daryo o‘zani tartibga keltiriladi.

Umuman, bu ishlar natijasida 210 gektar qo‘shimcha yer ochiladi. Bu hudud ko‘kalamzorlashtirilib, dam olish maskanlari, sayr yo‘laklari va mahalliy avtomobil yo‘llari barpo etiladi. Shuningdek, zamonaviy uy-joylar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu hudud shahar ekologiyasi uchun muhimligini ta’kidlab, ko‘proq daraxtlar ekish, aholini uchun rekratsion joylarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari bilan yig‘ilish bo‘ldi.

Ajratilgan mablag‘larni to‘g‘ri yo‘naltirib, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish choralari belgilandi. Mahallalarda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan 5 ming 400 ta kichik loyihani amalga oshirish orqali 181 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkoni borligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda ijtimoiy masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilning o‘tgan davrida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 24 ming nafar yoshlardan 19,5 ming nafarining bandligi ta’minlangan. Poytaxtda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 16 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning barchasiga amaliy yordam berilgan.

Davlatimiz rahbari nuroniylar va faollarning takliflari asosida mahallalarni obodonlashtirish, yo‘l va suv tarmoqlarini ta’mirlash, tibbiy xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Yoshlarni kasbga yo‘naltirish, sport musobaqalari va to‘garaklarga jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

- Bu yil jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlaymiz. Bu bayramni ko‘tarinki ruh bilan, ulkan natijalar bilan kutib olishimiz kerak. Xalqimizni rozi qilish uchun yangi qirralarni, yangi imkoniyatlarni topishimiz zarur, - dedi Prezident.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech