O‘zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlaydi

News image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etadi.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash faoliyati butun dunyo bo‘ylab inson huquqlari himoyasini ta’minlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi.

Kengashga 47 ta davlat a’zo. O‘tgan yil oktyabr oyida mamlakatimiz 2021-2023-yillar davriga ushbu tuzilma a’zosi etib ilk bor saylandi.

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan kengashning navbatdagi yig‘ilishi Jeneva shahrida videoanjuman shaklida o‘tkaziladi.

Yig‘ilish kun tartibidan inson huquqlariga rioya etilishi va ularni himoya qilish, shu jumladan fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash bilan bog‘liq eng dolzarb masalalar o‘rin olgan.

Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Mishel Bachelet, qariyb 150 mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Prezidenti forumning birinchi kunida, uning yalpi qismida nutq so‘zlaydi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga batafsil to‘xtaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nutqining to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyasi mamlakatimizning markaziy telekanallarida ham amalga oshiriladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech