Shavkat Mirziyoyev: Yoshlar kelajagi bilan bog‘liq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega

News image

Yoshlar hayotida san’at, adabiyot, sport muhim o‘rin tutadi. Davlatimiz rahbari bu sohalarni rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

– Kelgusi yili buyuk bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlaymiz. Yoshlarimizga hazrat Navoiy ijodini chuqur o‘rgatishni tizimli yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun Alisher Navoiy asarlarining bugungi yoshlar tushunadigan ixcham namunalarini yaratib, turli mobil ilova va elektron dasturlar ishlab chiqish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Toshkent shahrida zamonaviy muhtasham kutubxona barpo etish taklifini bildirdi.

– Bu ma’rifat saroyi ilm-fanning so‘nggi yutuqlari asosida jihozlanadi. Bu dargohda yurtimiz va jahondagi eng nodir, noyob va bebaho asarlar jamlanadi. U buyuk ajdodlarimizning boy merosi va nomlarini butun dunyoga tarannum etadigan, barcha yurtdoshlarimiz, birinchi navbatda, siz, qadrli farzandlarimiz uchun chinakam ziyo maskaniga, g‘urur va iftixorimiz ramziga aylanadi, deb ishonaman.

Yaqinda mamlakatimizning sport hayotida quvonchli yangilik bo‘ldi. Osiyo Olimpiya Kengashining qaroriga ko‘ra, 2025 yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga Toshkent shahri mezbonlik qilishi belgilandi. Bu musobaqada Osiyo qit’asidagi 45 ta davlat yoshlari 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha o‘zaro bellashadi.

– Bunday nufuzli xalqaro sport o‘yinlarining O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba o‘tkazilishi barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi, albatta. Shu bilan birga, u bizga g‘oyat katta mas’uliyat ham yuklaydi. Mana, sizlar kabi navqiron va azamat yoshlarning o‘z kuch va mahoratini ko‘rsatib, Vatanimiz bayrog‘ini yuksakka ko‘tarishlari uchun yana bir zo‘r imkoniyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu sport bayramini yuksak saviyada o‘tkazish, Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha tuman, shahar, viloyat va respublika chempionatlari, “Hokim kubogi” musobaqalarini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

– Yurtimizda yosh avlodning jismoniy va ma’naviy yetuk bo‘lib ulg‘ayishi, jumladan, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, ommaviy sportga keng jalb etish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi” elektron platformasi ishlab chiqilmoqda. Piyoda va velosipedda yurishga mo‘ljallangan “Salomatlik yo‘laklari” barpo etilmoqda, – dedi davlat rahbari.

Keyingi yillarda mahallalarda tashkil etilgan sport maydonchalari yoshlarning sevimli maskaniga aylandi. Bu ishlar davom etishi aytib o‘tildi. Ayni paytda, maktab sport zallaridan darsdan tashqari vaqtlarda ham unumli foydalanish choralari ko‘riladi.

Forumda yoshlar ma’naviyati bilan bog‘liq muammolar ham ochiq aytildi. Jahonda turli nizo va ziddiyatlar avj olayotgani, terrorizm, ekstremizm balosi va boshqa tahdidlar internet makoniga chuqur kirib, moslashib olgani ta’kidlandi.

– Mana shunday murakkab sharoitda yoshlarimiz sezgir va ogoh bo‘lishi, har bir masalada, avvalo Vatan manfaatlarini o‘ylab ish tutishi zarur. Ilm-ma’rifat va kasb-hunarga intilish, oilani muqaddas bilish, ma’naviy poklik, kattalarga hurmat, kichiklarga shafqat, qadriyatlarimizga sadoqat kabi ezgu fazilatlar azaldan xalqimiz, millatimizning qonida bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosimizni nafaqat asrashimiz, balki uni yanada boyitishimiz, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishimiz kerak.

Shu o‘rinda men hurmatli ota-onalar, bobolarimiz va momolarimizni, jonkuyar ustoz va murabbiylarni, muhtaram ziyolilarimiz, keng jamoatchiligimizni bu masalaga befarq bo‘lmasdan, yoshlar tarbiyasiga qaratilgan ishlarimizni yanada kuchaytirishga da’vat etaman.

Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz yoshlar tarbiyasi bo‘yicha o‘zimizga xos va ta’sirchan, bugungi kunga hamohang usullarni izlab topishimiz kerak. Jondan aziz farzandlarimizni buzg‘unchi va zararli g‘oyalar, jinoyatchilik, giyohvandlik, loqaydlik, ma’naviy qashshoqlik kayfiyatidan asrashimiz zarur. Bunday salbiy holatlarni bartaraf etishda barchamiz, avvalo, siz, aziz yoshlar faol bo‘lishingiz kerak. Xalqimizning ma’naviy qudrati va boqiy an’analarini asrab-avaylash va butun dunyoga tarannum etishga sizlar albatta qodirsiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari forumda yoshlar kelajagi bilan bog‘liq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

– Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Har qaysi hokim, har bir vazir, har qaysi mahalla raisi “Bugun men yoshlar uchun nima ish qildim? Ertaga farzandlarimiz manfaati uchun yana nima ish qilishim kerak?” degan savollarga javob beradigan, shunday e’tiqod bilan yashaydigan vaqt keldi.

Aziz farzandlarim! Xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlar kutayotganini hech qachon yodingizdan chiqarmang! Yurtning yuksak ishonchi va umidini to‘la oqlash, unga munosib bo‘lish dunyodagi eng ulug‘ baxtdir. Shunday sharaf barchangizga nasib etsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.

Prezidentimiz forumda yoshlar bilan ochiq muloqot qilmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech