Orolboʻyida sement ishlab chiqarish boʻyicha yana bir yangi quvvat ishga tushirildi


Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi u yerda yashovchi xalqqa ko‘tarinki kayfiyat baxsh etishi barobarida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni yangidan-yangi g‘oya va tashabbuskorlikka undagani ayni haqiqatdir.

Tashrif doirasida iqtisodiyotning boshqa sohalari qatori sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmogʻidagi loyihalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirkorlarni mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish, ularga zaruriy koʻmak berish “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining asosiy maqsadi boʻlib, bugungi kunda hududlarda amalga oshirilayotgan yangi quvvatlar aholi ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, Orolboʻyida mamlakatimiz boshqa hududlarida uchramaydigan qator qurilish materiallariga boy xom ashyo zaxiralari mavjud. Dala shpati xom ashyosi va vallastonit, talk va talk toshi, vermikulit rudasi, rodonit, listvenit kabi xom ashyo zaxiralari shular jumlasidandir.

Bu yerda sement xom ashyosi, tabiiy pardozbop va qurilish toshlari, gips va angidrit, ohaktosh, keramzit xomashyosi, silikat buyumlar ishlab chiqarish va qurilish ishlari uchun qum, qum-shagʻal materiallari, gʻisht-cherepitsa xom ashyosi zaxiralariga boy konlarning mavjudligi sohaning istiqbolini belgilaydi.

Hududdagi bunday imkoniyatlar esa mahalliy va xorijlik investorlar imkoniyatlar qiziqishini orttirib, bu yerda yangi korxonalar faoliyatiga asos solinmoqda. Ayniqsa, asosiy qurilish materiali – sement ishlab chiqarish korxonalarining Qoraqalpogʻistonda ketma-ket foydalanishga topshirilayotganini katta quvonch bilan eʼtirof etish lozim.

Jumladan, oʻtgan yilda Qoraoʻzak tumanida “Qoraqalpoq sement” korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, mazkur tumanning “Qoʻyboq” qishloq fuqarolar yigʻini “Jamansay” uchastkasida “Titan sement” masʼuliyati cheklangan jamiyati Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi tomonidan yiliga 200 ming tonna sement ishlab chiqarish korxonasi joriy yilning 19 dekabr kuni ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Vazirlar Kengashi, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, mahalliy hokimlik, xorijiy investor va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda soʻz olganlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha sohalar qatorida qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatining rivojlanishiga hamda bu jarayonda mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirishda muhim omil boʻlayotganini alohida taʼkidladi.

Shu oʻrinda aytish joizki, masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi tomonidan ishga tushirilgan, mazkur loyihaning umumiy qiymati 302 milliard 400 million soʻmni (jami 37,8 million dollar) (shundan 19,2 million dollar ekvivalentida korxonaning oʻz mablagʻi, 16,8 million dollar bank krediti va 1,8 million dollar xorijiy investitsiya)ni tashkil etadi.

– Yurt ravnaqi va xalqimiz farovon hayotini taʼminlashga oʻz hissamizni qoʻshish asosiy maqsadimizdir, – dedi “Titan sement” qoʻshma korxonasi boshqaruvi raisi Baxtiyor Panayev. – Yuz foiz mahalliy xom ashyodan foydalangan holda yuqori markali sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladigan korxonamizda 224 nafar fuqaro muqim ish bilan taʼminlanadi. Prezidentimizning tashrifi bizga yanada gʻayrat-shijoat bagʻishlab, orzu istaklarimizga qanot boʻldi. Sement ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilgani bunga yorqin misoldir. Keyingi rejamiz esa Moʻynoq tumanidagi tabiiy koʻllarda oʻsadigan qamishdan foydalangan holda yuz foiz mahalliy xom ashyo asosida yana bir qurilish materiali boʻlgan DSP ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishdir. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida yiliga 50 ming kvadrat metr DSP ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi hamda 200 nafar mahalliy aholi ish oʻrniga ega boʻladi.

Muhimi, sement ishlab chiqarish uchun uzoq yillarga yetadigan sement xom ashyo zaxiralari mavjud boʻlgan Beruniy tumanidagi “Shimoliy Jamansay (1990) hamda “Jamansay (1990, 1995) konlaridan sanoat usulida foydalanishga litsenziya olinganligi loyihaning samarali istiqboliga keng yoʻl ochadi.

Yangi korxonaga Xitoydan zamonaviy uskunalar olib kelinib oʻrnatilganligi, temir yoʻl, tabiiy gaz, elektr energiyasi va suv tarmogʻi kabi oʻta zarur tashqi kommunikatsiya tarmoqlariga ulanganligi ishlab chiqarishning uzluksizligini taʼminlash bilan birga, ishchi-xizmatchilar uchun ham qulay ish sharoitini yaratishga xizmat qiladi.

Albatta, zamonaviy va sifatli, hudud uchun yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilishi, hududning iqtisodiy qudratini oshirish barobarida, koʻpgina ijtimoiy masalalarning samarali hal etilishiga hissa boʻlib qoʻshiladi. Ishlab chiqarish korxonasi joylashgan hududning eksport salohiyati, tuman mahalliy byudjeti, eng asosiysi, yangi ish oʻrinlari yaratilishi natijasida aholi daromadlari va farovonligi oshadi.

Ayniqsa, asosiy qurilish materiali boʻlgan sement ishlab chiqarish korxonasining foydalanishga topshirilishi nafaqat tuman, balki qoʻshni tumanlar hamda viloyatlarda jadallik bilan olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlarini, shu bilan birga, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” va boshqa ijtimoiy dasturlarning samarali amalga oshirilishiga xizmat qilishi shubhasizdir.

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech