2025-yil rejalari to‘liq bajarildi: qurilish materiallari sanoati yangi bosqichga chiqdi

News image

2025-yil O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati uchun muvaffaqiyatlar, rekord ko‘rsatkichlar va yangi imkoniyatlar yili bo‘ldi. Bu haqda bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida “2025-yilda qurilish materiallari sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlili” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Matbuot anjumanida uyushma rahbariyati, oliy ta’lim muassasalari vakillari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Tadbirni uyushma boshqaruv raisi Ilyos Rahimov ochib berib, 2025-yil yakunlari bo‘yicha batafsil taqdimot bilan chiqish qildi.

OPR_2289.jpg

Rekord ishlab chiqarish, investitsiya va eksport

Ta’kidlanganidek, 2025-yilda sohada:

• ishlab chiqarish hajmi — 52,6 trln so‘mga,

• eksport — 1,2 mlrd dollarga,

• o‘zlashtirilgan investitsiyalar — 2,4 mlrd dollarga yetkazildi.

Shuningdek, mahalliylashtirish dasturi doirasida 4,4 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

OPR_2298.jpg

Yil davomida:

• 21,5 mln tonna sement,

• 40 mln kv.m qurilish oynasi,

• 47 mln kv.m keramik plitka,

• 110 mln kv.m gipsokarton,

• 336 ming tonna quruq qurilish aralashmalari,

• 830 ming dona sanitar-texnik buyumlar ishlab chiqarilib, ichki bozor barqaror ta’minlandi.

Yangi loyihalar — yangi ish o‘rinlari

2025–2026-yillarda sohada qiymati 3,6 mlrd dollar bo‘lgan 437 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida esa 1,8 mlrd dollarlik 353 ta loyiha ishga tushirilib, 15,2 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Yirik loyihalar qatorida:

• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida “Qoraqalpoq Basaltwool” MCHJ tomonidan 52,4 mln dollarlik, yillik 50 ming tonna bazalt minerali asosida issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish korxonasi;

• Namangan viloyati Chust tumanida “Megaton” MCHJ tomonidan 40 mln dollarlik, yillik 500 ming kub metr avtoklav gazobeton bloklari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.

Eksport rejasi — 100 foiz bajarildi

2025-yilda 1,2 mlrd dollarlik qurilish materiallari eksport qilinib, belgilangan reja 100 foizga bajarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 142 foiz o‘sishni tashkil etdi.

Eksportda ayniqsa:

• alyumin materiallar,

• keramika mahsulotlari,

• marmar va granit buyumlar,

• oyna mahsulotlari,

• sement va bog‘lovchi materiallar,

• PVX va plastmassa buyumlar

yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etdi.

Asosiy eksport bozorlari sifatida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, AQSH kabi davlatlarda eksport hajmlari sezilarli darajada oshdi.

Hududlarda eksport faolligi kuchaydi

2025-yilda Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Andijon, Xorazm va boshqa hududlarda eksport hajmlari barqaror o‘sdi. Ayniqsa, Toshkent shahri (291 mln dollar) va Toshkent viloyati (201 mln dollar) yetakchi o‘rinni egalladi.

OPR_2423.jpg

Yangi bozorlar va xalqaro maydonda faol ishtirok

Eksportni yanada kengaytirish maqsadida Afg‘oniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston va Qirg‘izistonda savdo uylari, shourumlar va logistika omborlari tashkil etildi. Ularda mahalliy ishlab chiqarilgan 50 dan ortiq yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish materiallari namunalari joylashtirildi.

Shuningdek, 2025-yil davomida Toshkent, Kazan, Tbilisi, Boku, Ulan-Bator, Los-Anjeles, Brno kabi shaharlarda o‘tkazilgan yirik xalqaro forum va ko‘rgazmalarda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ochiq muloqot va takliflar

Matbuot anjumani yakunida OAV vakillari sohaning bugungi holati va istiqbollari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan to‘liq javob olishdi hamda qator amaliy takliflarni bildirishdi.

Xulosa qilib aytganda, 2025-yil qurilish materiallari sanoatida belgilangan rejalar to‘liq bajarildi va soha barqaror o‘sish trayektoriyasiga chiqdi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech