2025-yilda 50 trln. so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqariladi

News image

Bugun AOKAda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov “Qurilish materiallari sanoatida 2025-yilda amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar” haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, qurilish materiallari sohasida 2025-yilda ishlab chiqarish hajmi 50 trln. so‘mga yetkaziladi. 1,2 mlrd. dollar eksport amalga oshirilish rejalashtirilgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 4,4 trln. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Joriy yilda 18 mln. tonna sement, 48,2 mln. kv. metr qurilish oynasi, 52 mln. kv. metr keramik plitka, 95 mln. kv. metr gipsokarton, 1 mln 30 ming dona sanitar texnik buyumlar, 5,2 mln. o‘ram gulqog‘oz va boshqa shu kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Eksport hajmlarini oshirish maqsadida, Latviya, Qozog‘iston, Tojikiston, AQSH, Rossiya, Afg‘oniston davlatlarida O‘zbekiston savdo uylari va savdo omborlari tashkil etiladi.

Xususan, ushbu xorijiy davlatlarda 6 ta savdo uyi, 10 ta savdo ombori faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 50 turdan ortiq qurilish materiallari eksport qilinadi. Shuningdek, 20 dan ortiq yirik korxonalar eksport hajmlari oshiriladi va qo‘shimcha 250 mln. dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Sohada 2025-yilda 2,4 mlrd. dollarlik 204 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi va 14 211 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Xususan, Jizzax shahrida “Mingyuan Silu Industry” MCHJ QK tomonidan qiymati 10 mln. dollar bo‘lgan, yiliga 5 mln. kv. metr indiylangan va ruxlangan maxsus oyna ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Natijada, 150 mlrd.so‘mlik qo‘shilgan qiymatli mahsulot, 5 mln. dollarlik eksport imkoniyati va 50 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

2025-yilda amalga oshiriladigan loyihalarda 725 mln. dollarlik yordamchi asbob-uskunalar, 424 mln. dollarlik qurilish materiallari va 217 mln. dollarlik ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobidan mahalliy kontent ulushi 57 foizga yetkaziladi.

Buning uchun, xomashyolar sifati oshiriladi va yuqori qo‘shilgan qiymatli lyuks segmentdagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari oshiriladi.

Shuningdek, mavjud sement ishlab chiqarish hajmlaridan unumli foydalangan holda, ishlab chiqariladigan temir-beton mahsulotlari 21 turga yetkaziladi, jumladan landshaft lotoklari, ko‘pg‘ovakli plitalar, lift shaxtalari, ferma, progon, aerodrom plitalari kabi yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtiriladi.

Sanoat ipotekasi dasturi doirasida 166 mln. dollarlik 7 ta bazaltdan issiqlik saqlovchi plitalar, eksportbop ohak, PET tolasidan geotekstil, avtoklav gazobeton, fibrotsement panellari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, Nukus shahrida “Qoraqalpoq Basaltwool” MCHJ tomonidan qiymati 64 mln. dollarlik yillik 50 ming tonna issiqlik saqlovchi mineral plitalar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Natijada, 240 mlrd.so‘mlik qo‘shilgan qiymatli mahsulot va 23 mln dollarlik eksport imkoniyati va 300 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

2025-yilda hududlarning xom ashyo zaxira imkoniyatlaridan keng foydalangan holda mavjud quvvatlarni oshirish va yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirilishi natijasida import hajmi 100 mln. dollarga qisqartirish rejalashtirilgan.

Sohada import ulushi yuqori bo‘lgan sement, qurilish oynasi, qo‘p qatlamli izolyatsiya oynasi, linoleum, olovbardosh g‘isht, PVX quvur va fitinglar, mineral momiq, shisha tolalar kabi mahsulotlarning importi qisqartiriladi.

Manba: Matbuot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech