2025-yilning I-choragida 7,5 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi

News image

Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan "Qurilish materiallari sohasida I-chorakda amalga oshirilgan ishlar tahlili" mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma rahbariyati, soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanda dastlab, 2025-yilning I-chorakda mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish, eksport-import ko‘rsatkichlari, investitsiya loyihalar haqida to‘liq ma’lumot berildi.

IMG_2168.jpg

IMG_2170.jpg

Ta’kidlanishicha, 2025-yilning I-choragida 7,5 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi. Belgilangan reja 101 foizga bajarildi. O‘sish 110,3 foizni tashkil etdi. Sohaning mamlakat sanoatidagi ulushi 4,8 foizni tashkil etdi.

Jumladan, 8,1 mln kv m - qurilish oynasi, 16,8 mln kv m - gipsokarton, 3,8 mln tn - sement, 7,9 mln kv m - keramik plitka, 71 ming tonna - quruq qurilish aralashmasi, 1,2 ming tonna - gulqog‘oz kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.

O‘tgan hisobot davrida sohada jami 406 mln dollarlik investitsiyalar, shundan 308 mln dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan.

IMG_2171.jpg

IMG_2172.jpg

Sohada yanvar-mart oylarida 163 mln. dollar eksport amalga oshirildi. Eksport qilingan mahsulotlarning 26,2 foizi metall buyumlar, 8,7 foizi keramika mahsulotlar, 15,1 foizi PVX profil, truba va plastmassa mahsulotlar, 6,6 foizi quruq qurilish qorishmalari kabi mahsulotlar ulushiga to‘g‘ri keldi. E’tiborlisi, eksport qilingan qurilish materiallari turlari 55 dan 65 ga oshirishga erishildi. O‘tgan yilda eksportyor korxonalar 1450 taga yetkazildi. Shuningdek, eksport geografiyasi 56 davlatdan 60 taga yetkazildi.

Davlatlar kesimida tahlil qilinganda eksport qilingan mahsulotlarning 22,6 % - Qozog‘iston hissasiga, 12,4 % - Qirg‘izistonga, 13,9 % - Tojikistonga, 24,5 % - Rossiya Federatsiyasiga, 16,4 % - Turkmanistonga, 1,6 % - Litvaga va 0,9 % - Xitoy davlatlariga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, Kipr, Malayziya, Avstraliya, Serbiya va boshqa shu kabi davlatlarning bozorlarini o‘zlashtirilishi hisobiga mahsulotlar eksport geografiyasi kengaytirildi. O‘tgan yilning o‘zida qo‘shimcha 10 tadan ortiq yangi mahsulotlar eksport qilindi.

Qurilish materiallari eksportini yanada oshirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan xorijiy davlatlarda savdo uyi va omborlari ochilmoqda. Xususan, AQSH, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlarida qurilish materiallari savdosiga ixtisoslashgan “O‘zbekiston savdo uyi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 24-yanvardagi PQ-99-son qaroriga asosan hisobot davrida mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 468 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan rejani 102 foizga bajarilishi ta’minlandi.

Yanvar-mart oylarida sanoat korxonalarining ekologiyaga ta’sirini kamaytirish maqsadida sement ishlab chiqaruvchi korxonalarning 12 tasida 14 200 ta yengichali filtrlar almashtirildi. Shu bilan birga 204.6 gektar yashil belbog‘ tashkil etildi. “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida esa sohada jami 433 708 tup daraxtlar ekildi.

IMG_2173.jpg

IMG_2175.jpg

Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga ko‘ra, tarmoqdagi energiya sarfi yuqori bo‘lgan 34 ta korxonada energiya samaradorlikni oshirish maqsadida 2024-yil avgust-noyabr oylarida o‘tkazilgan energiya auditi natijasiga ko‘ra 2025-2026-yillarda 303,7 mln. kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Jumladan, - quvvati 47 mVt bo‘lgan WHR tizimi bilan chiqindi issiqlik energiyasidan elektr energiyasi ishlab chiqarish orqali (qaytayotgan gazlarning issiqligidan elektr energiyasini olish) 208,5 mln. kVt soat; - quvvati 41,2 mVt quyosh panellarini o‘rnatish natijasida 54,1 mln. kVt soat; - tashkiliy-texnik chora-tadbirlar (radiatorlarga termostat va issiqlik qaytaruvchi qoplamalar o‘rnatish, avtotransport vositalariga GPS qurilmasi o‘rnatish, termostat va issiqlik qaytaruvchi qoplamalar o‘rnatish, gorelkalarni optimal boshqarish hamda gaz va texnologik uskunalarda rejim-sozlash ishlarini amalga oshirish) evaziga 41,1 mln. kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.

Energiya audit yakunlariga muvofiq qator ishlab chiqarish korxonalari tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Tadbir davomida OAV o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan to‘liq javob olishdi.

Manba: Matbuot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech