Afg‘oniston bozoriga eksport: logistika va standartlar masalalari bo‘yicha onlayn muloqot

News image

Joriy yilning 16-iyun kuni “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamkorligida Afg‘oniston bozoriga qurilish materiallari eksportini yanada rivojlantirish, logistika jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish hamda ikki davlat o‘rtasidagi standartlarni uyg‘unlashtirish masalalariga bag‘ishlangan onlayn ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirda Transport vazirligi mutaxassislari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari va mas’ul xodimlari, shuningdek, boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, eksport yuklarini o‘z vaqtida va uzluksiz yetkazib berish, mahsulotlarni Afg‘oniston hududida qabul qilish va tushirish bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

photo_2026-06-16_12-40-46 (2).jpg

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan Afg‘oniston bilan o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida qurilish materiallari eksporti barqaror o‘sib bormoqda. Xususan, 2025-yilda Afg‘onistonga qurilish materiallari eksporti 31,5 mln AQSH dollarini tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 3 barobarga oshgan. 2026-yilning yanvar–aprel oylarida esa ushbu ko‘rsatkich 26,4 mln AQSH dollariga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 barobar o‘sdi. Bu esa Afg‘oniston bozorida O‘zbekiston qurilish materiallariga talab yuqori ekanini va eksport hajmlarini yanada oshirish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, eksport hajmlarining ortishi fonida logistika tizimida ayrim muammolar ham saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, Naibobod temir yo‘l stansiyasida tranzit jarayonlarining sekin amalga oshirilishi natijasida vagonlarning uzoq muddat turib qolish holatlari kuzatilmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu yo‘nalishdagi stansiyalarda 1 500 tadan ortiq vagon to‘planib qolgan bo‘lib, shundan 248 tasi sement ortilgan vagonlarni tashkil etadi. Natijada qariyb 14,9 ming tonna sement mahsuloti tranzit jarayonida ushlanib qolmoqda.

Muhokamalar davomida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi vakillari tomonidan Afg‘oniston yo‘nalishidagi yuk tashish jarayonlarini jadallashtirish, vagonlar aylanishini samarali tashkil etish hamda chegaraoldi logistika infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ochiq muloqotda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qator amaliy takliflar ilgari surildi. Jumladan, Naibobod–Hayraton temir yo‘l stansiyalari hududida qurilish materiallari uchun yuklarni qabul qilish, vaqtincha saqlash va qayta yuklashga mo‘ljallangan zamonaviy omborxona-logistika infratuzilmasini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

photo_2026-06-16_12-40-48.jpg

Shuningdek, Balx viloyatining Mozori Sharif shahri yaqinida joylashgan 5-sonli port faoliyatini qayta tiklash, ushbu hududda qurilish materiallari uchun bojxona omborini tashkil etish hamda yuklarni qabul qilish va qayta yuklash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan Afg‘oniston hududida qurilish materiallari savdo omborlarini tashkil etish, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish hamda eksportyor korxonalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, vagon ajratish tartibini takomillashtirish, sement ishlab chiqaruvchi korxonalarga ustuvor ravishda vagon ajratish hamda vagonlar aylanishini samarali boshqarish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi o‘rtasida muntazam axborot almashinuvi va muvofiqlashtirish mexanizmlarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida logistika jarayonlarida yuzaga kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, eksport infratuzilmasini rivojlantirish hamda O‘zbekiston qurilish materiallarining Afg‘oniston bozoridagi raqobatbardoshligini yanada oshirish yuzasidan bildirilgan takliflarni tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech