Gazobeton haqida bilasizmi?

News image

So‘nggi yillarda dunyoda qurilish jarayonida energiya tejamkor, innovatsion qurilish materiallaridan foydalanish bino-inshootning tannarxi arzon bo‘lishi hamda qurilish ishlarini tez fursatda, sifatli amalga oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Rivojlangan davlatlarda g‘isht o‘rniga energiya tejamkor gazobeton bloklaridan foydalanish keng ommalashgan bo‘lib, mamlakatimizda ham ushbu qurilish materiallarini ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish, bu yo‘nalishda jahon tajribasini qo‘llashga alohida e’tibor berib kelinmoqda.

So‘nggi uch yillikda O‘zbekiston gazobeton bloklaridan foydalangan holda uy-joy qurilishi doimiy yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. An’anaviy qurilish materiallari (g‘isht, yog‘och) uchun yuqori narxlar va binolarning umumiy issiqlik yo‘qotish ko‘rsatkichlari uchun talablarning kuchayishi tufayli gazobeton bloklarining yuqorida tavsiflangan afzalliklari yuqori bo‘lganligi sababli birinchi o‘ringa chiqdi.

52525.jpg

Gazobeton bloklari g‘ovak (teshik-teshik) betonning bir turi bo‘lib, zamonaviy qurilish materiali hisoblanadi. Mutaxassislar ta’riflaganidek, gazobeton bloklari - bu yengil beton hisoblanib qum, suv, sement va boshqa qo‘shimchalardan tashkil topgan aralashmaning qattiqlashishi natijasidir. Gazbeton bloklari bir qator afzalliklarga ega, birinchi navbatda, struktura yengillashadi, ikkinchidan materialga namlik va harorat o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatmaydi, uchinchidan, gazobeton bloklari issiqlik, sovuqlik va shovqin o‘tkazuvchanligi juda kam.

Uni ba’zan “sun’iy tosh”, deb ham atashadi. Oddiy betondan farqi shuki, uning tarkibida 1-3 millimetrli pufaklar mavjud bo‘lib, ular tufayli beton yengil, yetarli darajada mustahkam, issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga ega. Shuningdek, dastlabki hisob kitoblarga kura tabiiy gazni 5 marta kam sarflashi, energiya tejamkorligi va eng asosiysi, unumdor tuproqning ishlatilmasligi bilan pishiq g‘ishtdan bir necha marotaba afzaldir. Deylik, 1 metr kub g‘isht 1800-2000 kilogramm og‘irlikka ega bo‘lsa, shu hajmdagi gazobeton bloklarining og‘irligi atigi 500-700 kilogrammni tashkil etadi.

Gazobeton bloklari 2 xil usulda (avtoklav va avtoklavsiz) ishlab chiqariladi. Gazobeton bloklarini buyurtmachi xohishi va talablariga ko‘ra har xil balandlikda va qalinlikda, to‘tburchak va U-simon tarzda qat’iy standart uzunlikda (600 yoki 625 mm), balandligi 250 mm, qalinligi esa (250-500 mm)gacha tayyorlash mumkin.

Qalinligi 200 dan 500 mm gacha bo‘lgan gazobeton bloklari to‘ldiruvchi sifatida, 75 dan 150 mm qalinlikdagi bloklar esa bino ichki qismida pardevor sifatida ishlatiladi. Gazobeton bloklari asosan D400-D800 markalarda ishlab chiqariladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech