- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Gipsokarton va gips mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
5 авг 2026
138
Joriy yilning 4-avgust kuni “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tashabbusi bilan gipsokarton va gips mahsulotlari ishlab chiqaruvchi hamda eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirokida Zoom platformasi orqali onlayn ochiq muloqot o‘tkazildi.


Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan sohadagi bir qator muammoli masalalar ko‘tarildi. Xususan, ishlab chiqarish korxonalarida kogeneratsiya uskunalarini ishga tushirish uchun zarur tabiiy gaz hajmlarini ajratish, gips toshini qazib olishda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining oshganligi, gips xomashyosini qazib oluvchi va uni qayta ishlab tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi o‘zaro bog‘liq korxonalarga mavjud soliq imtiyozlarini qo‘llash, eksport hisob-kitoblarini amalga oshirish, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bozorlariga gipsokarton mahsulotlarini eksport qilishdagi cheklovlar, temir yo‘l vagonlari yetishmovchiligi va yuk tashish tariflarining oshishi, shuningdek, ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit mablag‘larini jalb qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-noyabrdagi 748-sonli qarori, Hukumat komissiyasining 2025-yil 18-dekabrdagi 313-sonli bayoni ilovasida "Mahalliy sanoat korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida"gi nizomiga asosan “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari, ulardan foydalanish imkoniyatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-dekabrdagi “Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-365-son qaroriga asosan “Qurilish materiallari sanoati korxonalarining ishlab chiqarish faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamlashtirish va avtomatlashtirish tizimlarini joriy etish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda energiya auditdan o‘tkazish xarajatlarini qoplash tartibi to‘g‘risi”dagi Nizomning mazmun-mohiyati, moliyaviy yordam ko‘rsatish shartlari va tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Muloqot yakunlari bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan bildirilgan muammo va takliflar umumlashtirilib, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.