- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi press-tur tashkil etildi
28 Jun 2024
624
Xorazm viloyati hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “KHOREZM INSULATION GROUP” THERMO PLUS korxonasiga OAV vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Unda korxona rahbar va xodimlari, mas’ul mutasaddilar, soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, korxona mutaxassislari tadbir ishtirokchilari uchun taqdimot o‘tkazishdi. Unda korxona rahbari investitsiya loyihasi, mahsulot turi va sifati, ishlab chiqarish jarayoni va quvvati, eksport salohiyatlari haqida to‘liq ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, THERMO PLUS — 2024-yilda o‘z ishini boshlagan bazalt toshi asosidagi yangi avlod issiqlik izolyatsiya materiallari ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lib, majmua O‘zbekiston Respublikasi Xorazm viloyati Urganch shahrida joylashgan. Yuqori sifat, texnik va jismoniy afzalliklarning keng doirasi ishlab chiqarilayotgan mahsulotning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lib, xaridorga narx va jismoniy xususiyatlar bo‘yicha maqbul bo‘lgan materialni tanlashga zamin yaratadi.
So‘nggi yillarda barcha qurilish loyihalarida energiya tejamkorlik vazifasi qo‘yilmoqda. Shu bois bazalt xomashyosiga talab oshib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda bunday mahsulotdan tayyorlangan plitalarga yillik talab 80 ming tonnani tashkil etadi.
Korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari va jihozlari esa katta hajmdagi obyektlarni kerakli miqdordagi issiqlik izolyatsiyasi materiallari bilan ta’minlash, bundan tashqari, oddiy aholi uchun shaxsiy buyurtmalarni ishlab chiqarish imkonini beradi. Bazalt toshidan yillik 30 ming tonna izolyatsion plitalar ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu korxona O‘zbekiston va jahon bozorlariga o‘z mahsulotlarini taqdim etadi, xususan, Rossiya va qo‘shni davlatlarga 10 million dollarlik eksport qilish imkoniyati yaratiladi. Loyihaning umumiy qiymati esa 41 million yevroni tashkil qiladi. Xomashyo Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoratau tog‘idan olib kelinadi.
Germaniya, Turkiya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan, mahalliy aholi uchun 300 ta yangi ish o‘rinlari tashkil qilgan, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv treninglari o‘tkazib kelayotgan korxonaning barcha mahsulotlari sertifikatlangan bo‘lib, yuqori sifatga ega va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi.
Ayni paytda korxonada yiliga 15 ming tonna polipropilen va polietilen tola ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Natijada 80 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, yana 10 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi mo‘ljallangan.
Qayd etish joizki, barcha bazalt toshi ham bazalt plitalarini ishlab chiqarish uchun mos kelmaydi. Bazalt izolyatsiyasi mahsulotlarini ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan jinslarni tanlash uchun esa Thermo Plus korxonasi maxsus ishlab chiqilgan usuldan foydalanib kelmoqda, bundan tashqari, sifatli bazalt mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun bazalt jinslarini tanlashda ham amaliy tajriba to‘plangan.
Belgilangan mustahkamlik, kimyoviy hamda issiqlikka chidamlilik va ma’lum elektr izolyatsiyalash xususiyatlariga ega bazalt izolyatsiya materiallarini ishlab chiqarish uchun mos bazalt jinslarini tadqiq qilish va tanlash bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirilgan. Bunda kimyoviy tarkibi va ishchi xususiyatlari bo‘yicha kerakli ko‘rsatkichlarga ega bazalt jinslaridan foydalanilgan.
Press-tur davomida OAV vakillari bazalt xom ashyosi, zamonaviy texnologiyalar, kelgusidagi rejalar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishdi. Korxona laboratoriyasida mutaxassislar sinov jarayonlarini amaliy namoyish etishdi.
Shuningdek, press sayohat ishtirokchilari bazalt toshi asosidagi issiqlik izolyatsiya materiallarini zamonaviy shaharsozlikda qo‘llash jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi. Quruvchilar bilan suhbatda bo‘lishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob olishdi.