- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- INNOWEEK-2025: Innovatsiyalar haftaligi - yangi g‘oyalar va texnologiyalar maydoni
9 Oct 2025
596
O‘zbekiston poytaxti Toshkentda 9–11-oktyabr kunlari an’anaviy INNOWEEK-2025 — International Week of Innovative Ideas xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu tadbir mamlakatimizda ilmiy ishlanmalar, startaplar va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha eng yirik xalqaro platforma hisoblanadi.
Joriy yilgi INNOWEEK-2025 tadbirida 20 dan ortiq davlatlardan 1200 dan ziyod tashkilot va startaplar ishtirok etmoqda. Ular orasida Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya, Vengriya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarning ilmiy markazlari va innovatsion kompaniyalari bor.

15 ming kvadrat metrlik ko‘rgazma maydonida yangi texnologik yechimlar, robototexnika, sun’iy intellekt, “yashil” energiya, biotexnologiya va agrar innovatsiyalar namoyish etilmoqda.
INNOWEEK-2025 doirasida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ham o‘zining keng ko‘lamli stendi bilan faol ishtirok etmoqda. Ushbu stendda qurilish materiallari sanoatidagi so‘nggi yangiliklar, ilmiy-texnologik yechimlar va innovatsion mahsulotlar namoyish qilinmoqda.

Jumladan, 20 dan ortiq yangi turdagi qurilish materiallari, jumladan energiya tejamkor bloklar, “aqlli” pardozbop panellar, eko issiqlik izolyatsiya mahsulotlari va tabiiy xom ashyo asosida ishlab chiqilgan zamonaviy pardoz materiallari taqdim etilgan.
Shuningdek, uyushma tashabbusi bilan qurilish materiallari sohasida innovatsiya va importni qisqartirish mavzusida maxsus panel sessiyalar ham tashkil etilmoqda. Unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ilmiy markazlar va xorijiy investorlar ishtirok etmoqda.

INNOWEEK-2025 nafaqat ko‘rgazma, balki bilim va tajriba almashish maydoni hamdir. Forum doirasida plenar sessiyalar, xalqaro panel muhokamalari, startap taqdimotlari, B2B va B2G formatdagi uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.