- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallarini xarid qilishda Qozog‘iston davlati yetakchi
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallarini xarid qilishda Qozog‘iston davlati yetakchi
6 Aug 2024
459
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda boshqa sohalar kabi qurilish materiallari yo‘nalishida olib borilayotgan tub islohotlar natijasida yangi quvvatlar qurib foydalanishga topshirilmoqda. Shuningdek, yangi turdagi, innovatsion, energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Natijada “made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi qurilish materiallarining nafaqat mahalliy balki, jahon bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
Hozirda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallarini xarid qilishda Qozog‘iston davlati yetakchi sanaladi. Yil sayin ushbu davlatda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallariga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2023-yilda Qozog‘istonga O‘zbekistondan 14 ta turdagi jami 158,4 mln dollarlik qurilish materiallari va xom-ashyo mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan.
2024-yil yanvar-iyun oylari bo‘yicha O‘zbekistondan qo‘shni davlatga 14 ta turdagi jami 87,5 mln dollarlik qurilish materiallari va xom-ashyo mahsulotlari eksport qilingan.
Shuningdek, 2023-yilda Qozog‘istondan O‘zbekistonga 36 ta turdagi jami 77,8 mln dollarlik qurilish materiallari va xom-ashyo mahsulotlari importi amalga oshirilgan.
2024-yil yanvar-iyun oylarida esa 27 ta turdagi jami 30,1 mln dollarlik qurilish materiallari va xom-ashyo mahsulotlari yurtimizga olib kelingan.
Yana bir e’tiborga molik jihat, bugungi kunda Qozog‘iston Respublikasining “Basaltwool. KZ” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Basfayber Treyd” MCHJ da qiymati 100,0 million dollarlik bazalt tolasi ishlab chiqarish loyihasi ham amalga oshirilmoqda.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan hukumat topshirig‘iga ko‘ra, qurilish materiallari eksportini yanada oshirish, bu borada tadbirkorlarga yanada ko‘maklashish maqsadida joriy yilda bir qator davlatlarda savdo uylarini ochish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Qozog‘iston, Tojikiston va Isroil davlatlarida savdo maskanlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Respublikada 10 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona mavjud bo‘lib, ushbu korxonalar tomonidan 2024-yilda 38 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Investitsiya dasturlari doirasida 2024-2026-yillarda qiymati 4,5 mlrd dollarlik 542 ta yangi loyiha amalga oshirish rejalashtirilgan.
