O‘ndan ortiq davlatda O‘zbekiston qurilish materiallari savdo uyi, shourum, savdo omborlari tashkil etildi

News image

Bugun brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov “Qurilish materiallari eksport tahlili” haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, yanvar-iyun oylarida sohada 428,4 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.

Xususan, hisobot davrida Rossiyaga 107 mln. dollarlik keramik va metall buyumlar, toshdan yasalgan buyumlar, PVX profil, truba va fitinglar, Qozog‘istonga 94,7 mln. dollarlik quruq qurilish qorishmasi, gipsokarton, PVX profil, truba va fitinglar, metall buyumlar, Qirg‘izistonga 64,4 mln. dollarlik PVX profil, quruq qurilish qorishmasi, gipsokarton, alyumindan qurilish materiallari, Tojikistonga 53,7 mln. dollarlik metall buyumlar, PVX profil, truba va fitinglar, keramik, quruq qurilish qorishmasi va gipsokarton, Ozarbayjonga 9,7 mln. dollarlik gulqog‘oz, metall buyumlar, PVX profil, truba va fitinglar, Turkmanistonga 9,3 mln. dollarlik quruq qurilish qorishmasi, gipsokarton, gulqog‘oz, oyna va undan yasalgan buyumlar eksporti amalga oshirildi.

Sohada eksport hajmlarini oshirish maqsadida Ozarbayjonning Boku, joriy yil yanvar-iyun oylarida Tojikistonning Dushanbe, Pokistonning Laxor, Afg‘onistonning Qobul va Mozori sharif, Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod, Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator, Qozog‘istonning Aktau shaharlarida O‘zbekiston savdo uyi, shourum, savdo omborlari tashkil etildi. Yuqoridagi savdo shoxobchalariga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 50 turdan ortiq yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish materiallari joylashtirildi.

Shuningdek, mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirish maqsadida Toshkentda “Innoprom Central Asia-2025”, Kazanda “Rossiya-Islom dunyosi Kazan Forum 2025”, Tbilisida “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, Bokuda “Turkiy davlatlar xalqaro ko‘rgazmasi”, Ulan-batorda “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi kabi biznes forum va ko‘rgazmalarda ishtiroki ta’minlandi.

Yana bir yangilik sohada ichki va tashqi bozor marketing tadqiqotlarini amalga oshirish maqsadida “Ernst&Young” xorijiy kompaniyasi jalb qilindi.

Xorijiy kompaniyaning sohaga oid xalqaro ekspertiza va amaliy tajribasidan foydalangan holda Shimoliy Amerika, Rossiya va Kavkaz, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo va Yevropa qurilish materiallari bozorini tahlil qilish, yangi eksportbop bozorlarni diversifikatsiya qilish masalalarida istiqbolli yo‘nalishlar aniqlanishi ko‘zda tutilgan.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech