- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- O‘zbekiston – Rossiya: Mahalliy qurilish materiallariga talab oshmoqda
30 May 2022
444
Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida Rossiya Federatsiyasining Sverdlov viloyati gubernatori o‘rinbosari Dmitriy Ionin boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma rahbariyati, eksporchi yirik korxona vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Shuningdek, Yekaterinburg, Chelyabinsk viloyati vakillari va rossiyalik qurilish kompaniyasi rahbarlari qatnashdi.
Tadbirda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, eksport ko‘lamini yanada kengaytirish, mamlakatdagi investitsiya muhiti, logistika masalalari bo‘yicha so‘z yuritildi.
Dastlab yig‘ilganlarga O‘zbekistondagi qurilish materiallari sanoatining bugungi rivojlanish istiqbollari, yangi turdagi qurilish materiallari, eksport ko‘lami, sanoat korxonalar faoliyati haqida to‘liq ma’lumot berib o‘tildi. Shu bilan birga ikki tomonlama savdo aloqalarini yanada mustahkamlash, ayniqsa, mahalliy qurilish materiallari eksportini oshirish, sohaga zamonaviy, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Shuningdek, tadbirkorlar sanoat korxonalarining faoliyati va ishlab chiqariladigan mahsulotlar taqdimotini ham o‘tkazishdi.
Rossiya delegatsiyasi vakillari O‘zbekiston qurilish materiallari sanoatiga yuksak baho berarkan, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha hamkorlikda faoliyat olib borish taklifini bildirishdi.
Tadbir davomida rossiyalik mexmonlar “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida joylashgan qurilish materiallari shourumi bilan yaqindan tanishishdi. Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi.
Uchrashuv so‘nggida o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, qurilish materiallari eksportini kengaytirish, hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, yanvar-mart oylarida tarmoq korxonalari tomonidan 107,7 mln dollar miqdorida qurilish materiallari va xizmatlari eksporti amalga oshirilgan. Qurilish materiallarining asosiy eksport bozorlari bo‘lib qo‘shni respublikalar bozorlari hisoblanib, ushbu davlatlarning umumiy eksportdagi ulushi qariyb 73 foizni tashkil etmoqda. Xususan, davlatlar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Qozog‘istonga – 36 mln dollarlik, Qirg‘izistonga – 14,5 mln dollarlik, Tojikistonga – 13,5 mln dollarlik, Rossiyaga –6,5 mln dollarlik, Turkmanistonga – 4,7 mln dollarlik, Xitoyga 2,2 mln dollarlik, Litvaga – 2,2 mln dollarlik, Indoneziyaga – 2,1 mln dollarlik, Turkiyaga – 2,1 mln dollarlik qurilish materiallari eksporti amalga oshirilgan.