- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- O‘zbekiston sement bozori: holati, tendensiyalari va istiqbollari
8 Aug 2025
382
Mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish quvvati besh yil ichida 2,5 barobarga oshdi.
Shuningdek, yaratilgan qulay investitsiya sharoiti fonida sement ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 40 taga yetkazildi. M-500 va undan yuqori markali sement ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.
Buning natijasida bozorda ortiqcha quvvatlar paydo bo‘ldi va O‘zbekiston Markaziy Osiyoda sement ishlab chiqarish quvvati bo‘yicha 1-o‘rinni saqlab qolmoqda.

Ma’lumot uchun: Qozog‘iston (18 mln tn), Qirg‘iziston (3,0 mln tn), Tojikiston (5,6 mln tn), Turkmaniston (6,3 mln tn).
Sement ishlab chiqarish quvvatlarining 32 foizi vodiy viloyatlariga, 18 foizi Toshkent viloyati va 50 foizi boshqa hududlarda joylashgan.
Bugungi kunda 42 ta korxonalarning 40,5 mln tn (jumladan M500 va M600 marka 21,2 mln tonna) sement ishlab chiqarish quvvati mavjud bo‘lib, ular ichki bozor talabini 2,2 barobar qoplaydi.
Ushbu korxonalarning 7 tasi Xitoy Xalq Respublikasi investorlari ishtirokidagi korxonalar bo‘lib, ularning yillik ishlab chiqarish quvvati jami 15,7 mln tonnani tashkil etadi.

2025-yil yanvar-iyun oylarida 17 ta yirik va 2 ta kichik korxonalar tomonidan 10,1 mln tonna (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,6 foizga yoki 1,9 mln tonnaga ko‘p) sement ishlab chiqarildi. Import 37,6 ming tonna (-91 foiz yoki -379 ming tonnaga kam), eksport 506,8 ming tonna (+9,7 barobar yoki +455 ming tonnaga ko‘p)ni tashkil etdi. Birja savdolarida oq sement (1 tonnasi): 1,2 – 1,4 mln so‘mdan, portland sement (1 tonnasi): 485 – 587 ming so‘mdan sotilgan.

2024-yilda sement ishlab chiqarmagan 17 ta korxonalarning asosiy qismi faoliyatini boshqa turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha diversifikatsiya ishlarini amalga oshirmoqda.
Ayni paytda mahalliy ichki bozorda yiliga sementga bo‘lgan talab 19 mln. tonna, tashqi bozorlarda qariyb 600 ming tonnani tashkil etmoqda.