Poytaxtimiz “Qurilish – UzBuild 2026” xalqaro ko‘rgazmasiga tayyor

News image

Joriy yilning 10–12-fevral kunlari poytaxtimiz navbatdagi yirik xalqaro tadbir - 27-Xalqaro “Qurilish – UzBuild 2026” ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladi.

Mazkur nufuzli tadbir oldidan bugun OAV vakillari uchun matbuot anjumani hamda press-lanch tashkil etildi. Unda mutasaddi tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar vakillari, tashkilotchilar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Tadbirda dastlab ko‘rgazmaning tarixi, asosiy yo‘nalishlari, ishtirokchilar tarkibi va rejalashtirilgan tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, ko‘rgazmani yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

IMG_1081.jpg

IMG_1130.jpg

IMG_1132.jpg

Ta’kidlanganidek, 10–11–12-fevral kunlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» MKK maydonida “Qurilish – UzBuild 2026” ko‘rgazmasi o‘z ekspozitsiyalarini namoyish etadi. Ko‘rgazma Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda.

Joriy yilgi UzBuild 2026 ko‘rgazmasi 20 ta mamlakatdan 450 dan ortiq kompaniya va brendlarni bir maydonga jamlagan. Belarus Respublikasi, Germaniya, Xitoy va Turkiyaning milliy pavilonlari taqdim etilgan bo‘lib, Rossiya Federatsiyasining bir qator hududlari jamoaviy tarzda ishtirok etmoqda. Shuningdek, Ozarbayjon, Belarus, Xitoy va BAAdan nufuzli delegatsiyalar tashrifi kutilmoqda.

Ko‘rgazmaning ixtisoslashtirilgan bo‘limi - «Qurilish texnikasi va texnologiyalari – BuildTech» doirasida qurilish va yo‘l-qurilish texnikasi, zamonaviy uskunalar, qurilish materiallari ishlab chiqarishga oid ilg‘or texnologiyalar keng namoyish etiladi.

IMG_1224.jpg

IMG_1273.jpg

Shu bilan birga, ko‘rgazma doirasida 7-Xalqaro qurilish sanoati anjumani - ICCI 2025 ham o‘tkaziladi. Anjumanda yetakchi kompaniyalar, moliya institutlari vakillari hamda nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirok etadi. Tadbir qurilish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajriba bilan tanishish, mahalliy loyihalarni esa potensial investorlar va hamkorlarga taqdim etish uchun samarali muloqot maydoni vazifasini o‘taydi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, ko‘rgazmada innovatsion, energiya tejamkor va yangi turdagi qurilish materiallari alohida o‘rin egallashi ta’kidlandi.

IMG_1372.jpg

IMG_1374.jpg

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining izchil islohotlari va qo‘llab-quvvatlovi natijasida qurilish materiallari sanoati mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylandi. Sohada ishlab chiqarish hajmlari, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari yil sayin o‘sib bormoqda. Ayniqsa, innovatsion va energiya tejamkor mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiborlisi, joriy yilgi ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar yangi avlod mahsulotlari bilan faol ishtirok etadi.

Tadbir yakunida OAV vakillari ko‘rgazma hamda qurilish industriyasining bugungi rivoji va istiqbollari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech