- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Qozog‘istonga 105,7 mln dollarlik qurilish materiallari eksport qilindi
10 Sep 2024
263
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2024-yilda soha korxonalariga 1,1 mlrd dollar miqdorda qurilish materiallari va xizmatlarini eksport qilish reja ko‘rsatkichlari belgilangan. Jumladan, yanvar-iyul oylari uchun 416,6 mln dollar miqdorida eksport qilish rejalashtirilgan edi.
Joriy yilning yanvar-iyul bo‘yicha olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra o‘tgan 7 oyda tarmoq korxonalari tomonidan 453,4 mln dollar miqdorida qurilish materiallari va xizmatlari eksporti amalga oshirilib, belgilangan reja 108,8 foizga bajarildi.
Yuqoridagi eksport ko‘rsatkichlarga 138,8 mln dollarlik metall buyumlar 62,5 mln dollarlik PVX profil, truba va fitinglar, 41,9 mln dollarlik gulqog‘oz, 34,6 mln dollarlik keramik plitka va keramika buyumlari, 29,3 mln dollarlik quruq qurilish qorishmalari, 26,1 mln dollarlik alyumin profil va panellar, 21,5 mln dollarlik tabiiy pardozbop toshlar kabi qurilish materiallar eksport qilish hisobiga erishildi.
Shuningdek, eksport ko‘lamini kengaytirish, yangi hamkorlarni topish maqsadida mahalliy tadbirkorlar va uyushma mutaxassislari Afg‘oniston, Xitoy, Tojikiston, Chexiya, Ozarbayjon kabi davlatlarda tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishdi.
E’tiborli jihati, aksariyat qurilish materiallar bo‘yicha tarmoqda yangi quvvatlarni yaratilishi va modernizatsiya qilinishi, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi hamda yangi korxonalarni eksportga jalb qilinishi hisobiga ba’zi turdagi qurilish materiallari eksportini bir necha barobarga oshirishga muvaffaq bo‘lindi.
Misol uchun, 2023-yilga nisbatan issiqlik saqlovchi materiallar 5,5 barobarga, tabiiy pardozbop toshlar 1,6 barobarga, metall buyumlar 1,5 barobarga, oyna mahsulotlari 1,2 barobarga ko‘p eksport qilindi.
Joriy yilning o‘tgan hisobot davrida qurilish materiallari eksporti geografiyasi an’anaviy hisoblangan bozorlar ya’ni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmanistondan tashqari Kipr, Oman, Janubiy Afrika, Serbiya davlatlari hisobiga kengaytirildi.
Qurilish materiallarining asosiy eksport bozorlari bu qo‘shni respublikalar hisoblanib, ushbu davlatlarning umumiy eksportdagi ulushi qariyb 54 foizni tashkil etmoqda. Xususan, davlatlar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak,
Rossiyaga 119,3 mln dollarlik, Qozog‘istonga 105,7 mln dollarlik, Tojikistonga 58,2 mln dollarlik, Qirg‘izistonga 50,3 mln dollarlik, Belarusga 17,3 mln dollarlik, Turkmanistonga 10,9 mln dollarlik, Ozarbayjonga 9,2 mln dollarlik, Litvaga 6,7 mln dollarlik, Xitoyga 5,1 mln dollarlik, Latviyaga 4,2 mln dollarlik qurilish materiallari eksporti amalga oshirilgan.