- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Qurilish materiallari eksporti yangi bosqichga chiqmoqda
19 Dec 2025
261
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-dekabrdagi PQ–365-son qaroriga muvofiq qurilish materiallari eksportini kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun yangi tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda uyushma rahbariyati hamda respublikada faoliyat yuritayotgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.


Onlayn yig‘ilish davomida uyushma boshqaruv raisi Ilyos Rahimov so‘zga chiqib, O‘zbekiston qurilish materiallari mahsulotlarini xalqaro bozorlarga, xususan AQSH va Afg‘oniston yo‘nalishida eksport qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va yangi tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Muhokamalarda AQSH bozoriga chiqishda mahsulot sifati, xalqaro standartlarga moslik, logistika masalalari va eksport jarayonlarini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi muhim masalalardan biri Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida qurilish materiallari shourumini tashkil etish va uni O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi korxonalar ixtiyoriga foydalanish uchun topshirish shartlariga bag‘ishlandi.

Mazkur shourum orqali o‘zbek ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy xaridorlarga namoyish etish, yangi shartnomalar tuzish va eksport hajmini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan eksport salohiyatini yanada oshirish, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ulushini ko‘paytirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi kelgusida ham qurilish materiallari sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar uchun yangi eksport yo‘nalishlarini ochish, amaliy ko‘mak ko‘rsatish va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirishini ma’lum qildi.