Qurilish materiallari sanoatida vazifalar va topshiriqlar begilandi

News image

Bugun brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-365-sonli “Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, Qarorda qurilish materiallari sanoatida raqobatbardoshlikni yanada oshirish, qo‘shilgan qiymatli qurilish materiallarini ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, sohada amaliyot va ilmiy tadqiqotlarning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, sifat nazoratini kuchaytirish, malakali kadrlar tayyorlash jarayonlarini takomillashtirish maqsadida quyidagilar asosiy vazifa etib belgilandi. Jumladan, ishlab chiqarish hajmini 62 trln so‘mga yetkazish, qurilish materiallari sanoat korxonalarining eksport hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish uchun zarur sharoitlar yaratish, ekologik toza, resurstejamkor va energiyasamarador mahsulotlar ishlab chiqarish va qurilishda ulardan foydalanishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish, qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayonlarining ilmiy tadqiqotlar bilan integratsiyasini ta’minlash, qurilish materiallari xavfsizligini nazorat qilishni kuchaytirish belgilandi.

Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan 2028-yilning 1-yanvariga qadar import qilishda bojxona bojidan ozod etiladigan qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo va materiallari ro‘yxati shakllantiriladi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarining kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruv raisining qurilish materiallari sanoati korxonalarida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni joriy etishga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Shuningdek, 2026-yilning 1-iyulidan boshlab shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza vakolatiga ega tashkilotlar tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda ularning qurilishda foydalanadigan mahsulotlari hajmining kamida 25 foizini ekologik toza, resurstejamkor va energiyasamarador qurilish materiallari tashkil etishiga oid talabni tekshirish amaliyoti joriy qilinadi.

Energetika vazirligi va uyushma tavsiyasiga asosan har yili 1-sentyabrga qadar ko‘mir yoqilg‘isini dastlabki qizdirish uchun limit asosida tabiiy gaz yetkazib beriladigan qurilish materiallari sanoat korxonalari ro‘yxati shakllantiriladi. Endilikda, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qurilish materiallari sohasida faoliyat olib borayotgan yosh olimlar belgilangan tartibda xorijiy ilmiy stajirovkalarga yuboriladi.

Yana bir ma’lumot, 2026-yilning 1-martdan boshlab “Texnik tartibga solish” va “Shaffof qurilish” axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi doirasida xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarning elektron reyestri yuritiladi. Ular haqida keng jamoatchilikka ma’lumotlar berib boriladi.

2026-yil 1-iyunidan qurilish chiqindilarini takroriy foydalanish, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilishga yo‘naltirishning bir qator tartibi joriy etiladi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech