“Qurilish materiallari sanoatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasini ishlab chiqiladi

News image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-21-son Farmonining 4-ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida 2026-yil davomida ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalari ro‘yxatining 9-bandiga muvofiq, “Qurilish materiallari sanoatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining 2026-yil 2-martdagi “Qurilish materiallari sanoatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha Ishchi guruhi tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 19-sonli buyrug‘i qabul qilinib, Strategiya loyihasini tayyorlash bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalar, tarmoq korxonalari hamda mutaxassislarni jalb etgan holda ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Strategiya loyihasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad mamlakatimizda qurilish hajmlarining jadal sur’atlarda o‘sib borishi, uy-joy va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga bo‘lgan talabning ortishi, mahalliy xomashyo resurslaridan samarali va kompleks foydalanish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, energiya tejamkor hamda ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish, shuningdek hududlarda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini sifatli qurilish materiallari bilan barqaror ta’minlash zaruratidan kelib chiqadi.

Shu bilan birga, sohada ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, mavjud korxonalarning samaradorligini oshirish, ilm-fan va innovatsiyalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish, logistika zanjirlarini takomillashtirish, energiya resurslari sarfini kamaytirish hamda xalqaro standartlarga mos mahsulotlar ulushini ko‘paytirish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Mazkur Strategiyada quyidagi ustuvor maqsad va yo‘nalishlarni qamrab olish nazarda tutilmoqda:

- tarmoqda barqaror va yuqori sur’atli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;

- mahalliylashtirilgan, import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish;

- hududlarda yangi uy-joy massivlari, sanoat zonalari va infratuzilma obyektlari qurilishi uchun zarur materiallar ta’minotini kuchaytirish;

- eksport hajmini oshirish, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va yangi tashqi bozorlarga chiqish geografiyasini kengaytirish;

- energiya tejamkor, resurstejamkor va ekologik toza ishlab chiqarish texnologiyalarini keng joriy etish;

- tarmoqda raqamlashtirish, avtomatlashtirish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini tatbiq etish;

-ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion ishlanmalar va malakali kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirish.

Natijada, 2030 yilga qadar qurilish materiallari sanoatini mamlakat iqtisodiyotining yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi, eksportga yo‘naltirilgan, innovatsion va raqobatbardosh tarmoqlaridan biriga aylantirish ko‘zda tutilmoqda.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech